GEOGRAFIK XARITALAR

GEOGRAFIK XARITALAR — yer yuzasining tabiat va jamiyatdagi voqea va hodisalarning maʼlum bir vaqtdagi holati umumlashtirib, kichraytirib koʻrsatilgan tekislikdagi tasviri. Geografik xaritalar uchun xaritagrafik proyeksiyalar, shartli belgilar va xaritagrafik generalizatsiya (saralash) xos. Geografik xaritalar oʻzining mazmuni, tasviri, koʻrgazmaliligi va zamonaviyligi boʻyicha xaritagrafik model hisoblanadi.

Geografik xaritalarning birinchi xususiyati — xaritagrafik proyeksiyalar yordamida yerdagi va b. sayyoralardagi obyektlarning oʻrni, planli oʻlchamlari va shakli haqida toʻgʻri maʼlumotlar olishga imkon beradi.

Geografik xaritalarning ikkinchi xususiyati — xaritagrafik belgilardan foydalangan holda: a) yer yuzasining biror qismini yoki hammasi (hatto sayyoralardagi) ni masshtab asosida kichraytirib, masshtabga toʻgʻri kelmaydigan zarur obyektlarni masshtabsiz shartli belgilar b-n tasvirlash mumkin; b) xaritada yer yuzasining relyefini (mas, gorizontallar yordamida) tekislikda yoyib koʻrsatish mumkin; v) Geografik xaritalarda tasvirlanayotgan voqea va hodisalarning faqat tashqi koʻrinishigina emas, ularning ichki tuzilishi va mazmuni ham tasvirlanadi (mas, dengiz xaritalarida chuqurligi, suvining kimyoviy tarkibi, oqim tezligi, dengiz tubining relyefi, flora va faunasi va h. k.); g) sezgi organlari bevosita qabul qilmaydigan hodisalarning tarqalishini va bevosita erishib boʻlmaydigan aloqa va munosabatlarni koʻrsatish mumkin (mas, magnit strelkasining ogʻish burchagini); d) ayrim obyektlarga xos kam ahamiyatli tomonlari, hodisa va detallarini istisno qilish va ularning umumiy hamda asosiy belgilarini ajratib berish mumkin.

Geografik xaritalarning ayniqsa uchinchi xususiyati — tasvirlanayotgan voqea va hodisalarni tanlash, toʻldirish, yaʼni xaritagrafik saralash (generalizatsiya) va umumlashtirish mumkin.

Mazmuniga koʻra umumgeografik va mavzuli (tematik) xaritalarga boʻlinadi. Umumgeografik xaritalar masshtabi boʻyicha — yirik masshtabli, oʻrta masshtabli va mayda masshtablilarga boʻlinadi. Lekin ular qaysi masshtabda tasvirlansa ham, ularning mazmunini tashkil etgan elementlarning asosiylari saklanib qoladi. Bular — suv obyektlari, relyef, tuproq va oʻsimlik qoplami, aholi yashaydigan joylar, aloqa yoʻllari va aloqa vositalari, davlatlar va ulardagi maʼmuriy chegaralar hamda ijtimoiy-iqtisodiy elementlar (sanoat, qishloq xoʻjaligi va b.)dir.

Mavzuli xaritalar birorta mavzuga bagʻishlangan boʻladi. Mavzu toʻliq tasvirlanadi, lekin geografik asosini umumgeografik xaritalarning elementlari tashkil qiladi, yaʼni mavzuga mos qilib geografik asos yaratiladi. Mavzuli geografik xaritalar ikki sinfga — tabiiy geografik xaritalar va ijtimoiy-iqtisodiy geografik xaritalarga boʻlinadi. Tabiiy geografik xaritalarga geol., tektonika, geofizika, seysmologiya, yer osti suvlari (gidrogeologiya), geomorfologiya, iklim, gidrologiya, tuproq, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, ekologiya va b. sohalarga bagʻishlangan xaritalar kiradi. Ijtimoiy-iqtisodiy xaritalarga aholi va demografiya, sanoat, q. x., transport, maishiy xizmat, atrof muhitni muhofaza qilish, siyosiymaʼmuriy xaritalar va h. k. kiradi.

Geografik xaritalar tasvirlangan xududiga kura, dunyo, materik, okean, alohida mamlakatlar, regionlar, viloyat va tuman xaritalariga boʻlinadi. Vazifasiga koʻra, maxsus xaritalar (oʻquv, turistik, navigatsiya, loyiha va h. k.)ga ajratiladi.

Mavzusi tor xaritalarga soha xaritalari (mas, iqlimning bir sohasiga bagʻishlangan xaritalar), iqlimga toʻla xarakteristika berilgan bulsa umumiy iklim xaritalari deyiladi. Xaritalarda tasvirlanayotgan mazmun koʻp maʼlumotli boʻlib, ular orasidagi oʻzaro bogʻliqlikni tasvirlab, ulardagi qonuniyatlarni ochib bersa kompleks xaritalar deb ataladi.

Tabiatiing ayrim elementlari (mas, shamollar), muayyan joyning aholisi (mas, tugʻilish), iqtisodiyoti (mas, paxta hosildorligi) va madaniyati (mas, teatrlar), ularning xususiyatlari va alomatlari koʻrsatilsa analitik xaritalar deyiladi. Bir qancha sohalarni qoʻshib, koʻp mazmun bitta xaritada tasvirlansa sintetik xaritalar deyiladi.

Geografik xaritalar ichida ijtimoiy-iqtisodiy xaritalar nisbatan keng rivojlanayotgan soha. Ushbu yoʻnalishning shakllanishi va rivojlanishi jamiyat taraqqiyotida ijtimoiy-iqtisodiy omillar rolining oshib borishi, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda hududiy farqlarning kuchayib borishi bilan bevosita bogʻliq.

Dinamik ijtimoiy-iqtisodiy hodisalarni, ularning hududiy farqlarini chuqur tahlil etish zarurati xaritagrafiya fanidan tadqiqotni kengaytirishni, yangi oʻziga xos obyektlarni va nisbatan murakkab jarayenlarni qoʻshishni talab etadi. Mas, qoʻshma korxonalar, aksionerlik jamiyatlari, fermer xoʻjaliklar, firmalar va b.

Geografik xaritalar ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy obyektlarning joylanishi, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar va hodisalarga xos hududiy farqlarni aks ettiribgina qolmasdan, balki ularga xos hududiy kompleks qonuniyatlarini ham aniqlashga imkon beradi. Buning asosida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni milliy va turli hududiy miqyoslarda bashoratlashtirish, rejalashtirish va boshqarishning mustahkam ilmiy-metodologik asoslarini tayyorlash mumkin. Shu nuqtayi nazardan yangi tipdagi xaritalar yaratishni davr taqozo qilmoqda (mas, bashorat qilish, baholash, rejalashtirish, loyihalash va b. xaritalar). OʻzRda shu sohaga bagʻishlangan xaritalar tuzish ustida ish olib borilmoqda.

Ad.: Mirzaliyev T. M., Problemы kompleksnogo i tematicheskogo kartografirovaniya Oʻzbekistana, T., 1987.

Turgunboy Mirzaliyev.


Lotin alifbosida maqola: GEOGRAFIK XARITALAR haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: G harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



XARITAGRAFIK PROYEKSIYALAR
YER
BERUNIY
GEOGRAFIYA
FOROBIY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты