GEOFIZIKA

GEOFIZIKA — Yer sharining umumiy fizik xossalarini, uning qattiq, suyuq va havo qatlamlaridagi jarayonlarni oʻrganadigan fanlar majmui. Uchta katta boʻlim: Yer fizikasi, gidrofizika va atmosfera fizikasidan iborat. Geofizikaning xususiy usullari xilma-xil boʻlib, ular qattiq, suyuq va havo qatlamlarining xususiyatlarini oʻrganish bilan bir-biridan farq qiladi.

Geofizikaning bevosita Yerni oʻrganish bilan shugʻullanadigan qismi amaliy va umumiy boʻlimlardan iborat. Amaliy Geofizikaga elektr razvedka, seysmik razvedka, gravimetrik razvedka, magnit-razvedka, radiometriya usullari kiradi; ular foydali qazilma konlarini qidirishga karatilgan. Umumiy Geofizika esa Yerning ichki, ustki qatlamlaridagi fizik maydonlar va jarayonlarni oʻrganadi.

Umuman Geofizikaning ayrim sohalari bilan ilmiy nuqtayi nazardan shugʻullanish 16-a. oxirlaridan boshlangan. 19-a. oʻrtalarida Geofizika mustaqil fanga aylandi, 20-a. 40—60y. lariga kelib izchil sistema sifatida shakllandi. Oʻzbekistonda Geofizikaning vujudga kelishi 1867-70 y. larda Toshkentda fizik rasadxona ochilishi bilan boshlandi. Geomagnit oʻlchashlar 1871-y. dan marshrutlar boʻylab oʻtkazilgan, 1877-y. dan esa muntazam ravishda rasadxonada olib borilgan. 1901-y. da Toshkentda Oʻrta Osiyoda birinchi seysmik st-ya ochildi, 1928-y. da magnit rasadxona tashkil etildi. 1930-40 y. larda Oʻzbekistan barcha hududlarining magnitometrik va gravimetrik xaritalari tuzildi.

Atmosfera fizikasi sohasidagi dastlabki muhim natijalar 19-a. oxiri — 20-a. boshlarida olindi. Birinchi marta atmosfera sirkulyatsiyasi, siklonlarning taraqqiy etish nazariyalari ishlab chiqildi. 20-a. 40-y. lari oʻrtalaridan boshlab Geofizikaga doyr ishlar kompleks rivojlana boshladi. Gaz va neft chiqishi ehtimoli bor joylar oʻrganildi (Yu. N. Godin, B. P. Lebedev, I. I. Kreynes, M. V. Muxin va b.). Rudaga boy joylarning oʻrganilishi natijasida Buxoro — Xiva hududida, Fargʻona va Surxondaryo vodiylarida qimmatbaho qazilma boylik konlari aniqlandi. 40-y. lar oxiridan boshlab chuqur seysmik zondlashning nuqta usulini qoʻllab izlanishlar oʻtkazildi. 50-y. lar oxirida uzluksiz profillash tartibidagi chuqur seysmik zondlash usuli ishlab chiqildi va Oʻrta Osiyoning koʻp qismida shu usuldan keng foydalanildi. 50-60-y. lar oʻrtalarida neft va gaz konlarini izlash bilan birga chuqur parmalash loyihalari tayyorlandi (B. B. TalVirskiy, I. S. Volvovskiy, A. M. Kolpakov, T. L. Bobojonov, V. V. Rubo va b.).

Kibernetika fanining taraqqiy etishi, Yer sunʼiy yoʻldoshlarining uchirilishi Geofizika fanining jadal rivojlanishiga sabab boʻldi. Geofizik tadqiqotlar geofizik hodisalarni bevosita kuzatishlar natijalariga asoslanib, maxsus asbob va usullardan foydalanib bajariladi. Bunday ishlar gidrometeorologiya st-ya tarmoqlari, Geofizika rasadxonalari, magnit rasadxona, Yer sunʼiy yoʻldoshlarini kuzatish punktlari, seysmik st-yalar va b. da olib boriladi.

60-y. lardan boshlab Geofizikaning seysmologik, paleomagnetizm va b. usullari qoʻllanib, Oʻzbekistonni seysmik xavflilik jihatidan r-nlashtirish, Yer poʻsti qatlamlarini geologik yoshini aniqlash ishlari olib borildi. Natijada geologik, tektonik va b. maʼlumotlarni ham tahlil qilib, Oʻzbekistonning seysmik r-nlashtirilgan xaritalari (1966, 1978) tuzildi. Mazkur xaritalardan qurilish ishlarida muhim ahamiyatga ega boʻlgan meʼyoriy hujjat sifatida foydalanib kelinmoqda.

1966-y. 26 apr. da yuz bergan Toshkent zilzilasidan soʻng Geofizikaning ayrim usullari Oʻzbekistonda keng miqyosda qoʻllanila boshladi. Jumladan, Toshkent, Fargʻona, Qizilqum geodinamik poligonlari tashkil qilinib, bu joylarda seysmologik, magnitometrik, elektrometrik, gravimetrik usullar bilan zilzilalarni oldindan bilish (prognoz qilish) muammosi boʻyicha izlanishlar olib borildi. Yer poʻstidan tarqaladigan elektromagnit impuls lar va atmosferadagi ionosfera tok qatlamlarining holatini oʻrganish kabi usullar ham oldindan bilish muammosini yechish yoʻlida qoʻllanila boshladi. Ushbu soʻnggi ikki usul zilzilalarni oldindan bilish maqsadida dastlab Oʻzbekistonda qoʻllanildi. Geofizikada bu yoʻnalishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega boʻlgan yangi natijalar olindi. Jumladan, Yer magnit maydonida kuzatilgan oʻzgarishlar orqali 1978-y. 2-noyabrdagi Olay, 1982-y. 6-maydagi Chimyon, elektromagnit impuls larining oʻzgarishi boʻyicha esa 1976-y. 17-maydagi Gazli, seysmik usul yordamida 1984-y. 18 fev. dagi Pop zilzilalarining vaqti, joyi va kuchi bashorat qilindi. Bu natijalar shu sohada dunyo miqyosida birinchi marotaba olingan ilmiy-amaliy yutuqlar boʻldi (F. O. Mavlonov, V. I. Ulomov, Q. N. Abdullabekov, S. S. Husamiddinov, S. X. Maksudov va b.). G. ning seysmologik, elektrometrik, geologik, gidrogeologik usullarning majmui asosida 1966 — 98 y. larda Toshkent, Andijon, Fargʻona, Namangan, Samarkand kabi 20 dan ortiq shahar, yirik sanoat qurilish obyektlari uchun mikrorayonlashtirish xaritalari yaratildi va xalq xoʻjaligiga qoʻllash uchun joriy etildi.

1970-y. dan boshlab Yer poʻsti va yuqori mantiyasini urganishda chuqur seysmik zonalash, seysmologiya, gravimetrik razvedka, elektr razvedka, magnit razvedka usullaridan foydalanildi (Ye. M. Butovskaya, F. X. Zunnunov, V. A. Pak, T. Ye. Ergashev va b.). Zilzilalar, portlash vujudga keltiradigan toʻlqinlarni yalpi qayd qilish usuli bilan Pomir — Himolay xalqaro loyihasi buyicha Italiya, Hindiston, Pokiston olimlari bilan hamkorlikda i. t. ishlari olib borildi (I. H. Hamroboyev, Ye. M. Butovskaya, T. L. Bobojonov).

Yer poʻstining har xil chuqurliklarida roʻy beradigan fizik, mexanik jarayonlarning tabiati murakkab ekanligi eksperimental Geofizikani tashkil qilish va rivojlantirishga sabab boʻldi. Xususan. togʻ jinslari namunalarining magnit, elektr, toʻlqin oʻtkazish va b. fizik xususiyatlari lab. sharoitida har xil bosim va t-ra taʼsirida oʻrganildi (M. X. Boqiyev, S. X. Maqsudov va b.). Olingan natijalar kuchli zilzilalar tabiatini aniqlash, ularning tayyorlanish jarayoni nazariyasini yaratish va zilzilalarning magnit, elektr, elektromagnit maydonlarda paydo boʻlgan darakchilarini tahlil qilishda foydalanildi.

Oʻzbekistonda Geofizikaga doir i. t. ishlari OʻzR Geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi, Geodeziya, xaritagrafiya va kadastrlar boshqarmasi, «Oʻzbekneftegaz» xolding korloratsiyasi, Oʻzbekiston FA Geologiya va geofizika va Seysmologiya in-tlari, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekistan milliy un-ti, Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika un-tida olib boriladi.

Sobitjon Maqsudov, Husan Otaboyev.


Lotin alifbosida maqola: GEOFIZIKA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: G harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
FIZIKA
TOSHKENT
KIMYO
GEOGRAFIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты