GERMANIYA

GERMANIYA (Deutschland), Germaniya Federativ Respublikasi (Bundesrepublik Deutschland) , GFR — Markaziy Yevropadagi davlat. Shim. va Boltiq dengizlari sohilida joylashadi. Mayd. 357 ming km2. Aholisi 82,16 mln. kishi (1999). Poytaxti — Berlin sh. Maʼmuriy jihatdan 16 yer (viloyat) ga, yerlar okruglarga, okruglar tumanlarga, tumanlar jamoalarga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. GFR — federativ respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1949-y. 23-mayda qabul qilingan, unga 1954, 1956, 1990, 1993 va 1994-y. larda qoʻshimchalar knritilgan. Davlat boshligʻi — federal prezident. U maxsus chaqiriladigan federal majlis tomonidan 5 y. muddatga saylanadi va yana faqat bir marta saylanishi mumkin. Federal majlis bundestag raisi tomonidan chaqiriladi va u bundestag deputatlari hamda landtaglar (yer parlamentlari) tomonidan saylangan aʼzolardan iborat. Prezident ish qobiliyatini yoʻqotsa yoki vafot etea, bundesrat raisi prezident vakolatlarini bajaradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament amalga oshiradi. U ikki palata: bundestag va bundesratdan iborat. Bundestag aholi tomonidan 4 i. muddatga saylanadi. Bundesrat esa yer hukumatlari oʻz orasidan 4 y. muddatga tayinlaydigan vakillardan iborat. Ijroiya hokimiyat federal kansler boshchiligidagi federal hukumat qoʻlida. Federal kansler bundestagda prezidentning taklifiga binoan koʻpchilik ovoz bilan saylanadi. Vazirlar federal kanslerning taklifi bilan prezident tomonidan tayinlanadi. Har bir yerning oʻz konstitutsiyasi, parlament va hukumati bor.

Tabiati. Germaniya manzarasi benihoya xilma-xil va jozibador. Past va baland togʻ tizmalari oralarida yassitogʻliklar, oʻrqirlar, koʻllar, keng va ochiq tekisliklar uchrab turadi. Shim. dan jan. ga tomon Germaniya 5 landshaft zonasiga boʻlinadi: Shim. Germaniya payettekisligi, oʻrtacha balandlikdagi togʻ ostonasi, Jan.-gʻarbiy Germaniya burma poydevorli oʻrta togʻligi, Jan. Germaniya Alpoldi yassitogligi va Bavariya Alp togʻlari. Shim. dagi payettekisliklarda koʻllar, qirli, qum va tuproqli platolar, yaydoq yerlar va torfli botqoqlar koʻp. Oʻrta togʻ ostonasidan shim. tomondagi yerlar (Quyi Reyn, Vestfaliya va Saksoniya-Tyuringiya havzasi) serhosil. Jan. da Sharqiy Alp togʻlari qad koʻtargan (eng bal. nuqtasi SugShpitse togʻi, 2962 m). Shim. dengiz bilan Boltiq dengizi oraligʻidagi past-baland qirgʻoqlarda «Golshteyn Shvey-sariyasi» joylashgan. Germaniya yer ostida tosh-koʻmir, qoʻngʻir koʻmir, tuzlar juda koʻp. Oz miqdorda temir rudasi, neft, tabiiy gaz bor. Iqlimi moʻtadil, dengiz iqlimi, gʻarb va shim.-gʻarbdan jan.sharqqa tomon dengiz iqlimidagi moʻtadil-kontinental iqlimga oʻta boradi. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi pasttekislikda 1,5°dan togʻlarda —6° gacha; qishda sertuman, qor tez erib ketadi. Iyulning oʻrtacha t-rasi pasttekislikda 18°dan jan. vodiylarda 20°gacha. Yillik yogʻin miqdori 600-800 mm. Baland togʻlarda yoz salqin, yogʻin 1000-2000 mm. Daryolari: Elba, Reyn, Dunay, Mayn, Vezer, Shire, Mozel. Yirik koʻllari: Voden, Myuris. Tuprogʻi asosan podzol, chimli podzol va qoʻngʻir oʻrmon tuproqlaridan iborat. Gars togʻlarining sharqiy va shim. togʻ oldi joylarida unumdor qoramtir tuproq uchraydi. Togʻlarda qoraqayin, dub, oq va qora qaragʻay oʻsadi. Bugʻu, elik, serna (togʻ echkisi), ohu va b. yashaydi. Milliy bogʻlari — Bavariya oʻrmoni, Berxtesgaden.

Aholisining 90% dan koʻprogʻi nemislar; qisman dan (daniyalik)lar va gollandlar yashaydi. Shahar aholisi 85% dan ortiq. Rasmiy tili — nemis tili. Dindorlar — protestantlar (lyuteranlar, 50% dan ziyod) va katoliklar. Aholi zichligi bir km2ga 229 kishi toʻgʻri keladi. Mamlakatda 7,2 mln. chet elliklar ham yashaydi. Ular umumiy aholining 8,9% ini tashkil etadi. Yirik shaharlari: Berlin, Gamburg, Myunxen, Kyoln, Frankfurtmayn, Dortmund, Shtutgart, Dyusseldorf, Gannover, Nyurnberg, Leypsig, Drezden.

Tarixi. Arxeologiya maʼlumotlariga koʻra, Germaniya hududida inson 500-300 ming yillar muqaddam paydo boʻlgan. Mil. av. 1-ming yillik oxirlarida Germaniyada joylashib olgan german qabilalari Rim davlati bilan toʻqnashdi. Xalgʻlarning buyuk koʻchishi deb ataladigan davrdan soʻng Germaniyada alemanlar, bavarlar, shar-qiy franklar, sakslar, tyuringlar va frizlar qolgai.

6—8-a. larda Germaniyaning barcha hududini franklar egallab oldi. 9-a. da Germaniya yerlari Sharqiy franklar qirolligi tarkibiga kirgandan soʻng mustaqil german davlatiga yoʻl ochildi.

Shtaufenlar sulolasi (1138—1268) davrida Germaniya hududi ancha kengaydi. Ayrim nemis knyazliklari, ayniqsa Saksoniya knyazligi «salib yurishi» niqobi ostida Elba va Boltiqboʻyi xalqlarining yerlarini bosib oldi.

15-a. oxiri —16-a. boshlarida dehqonlar va shaharliklarning jabr-zulmga qarshi qoʻzgʻolonlari boʻlib turdi. Ayniqsa, aholidan har xil bahonalar bilan turli soliqlar undirib oladigan katolik cherkoviga qarshi qattiq norozilik tugʻildi. Martin Lyuter rahbarligida katolik cherkoviga qarshi harakat — reformatsiya boshlandi (1517). Reformatsiya davridagi ommaviy harakatning eng yuqori choʻqqisi 1524—26 y. lardagi dehqonlar urushi boʻldi. Bu davrda Sharqiy Germaniyada oʻz mahsulotini tashqi bozorga moʻljallagan yirik xoʻjaliklar paydo boʻldi. 1618-y. ga kelib katolik va protestantlarning oʻzaro kurashlari Yevropadagi oʻttiz yillik urush (1618—48) kelib chiqishiga sabab boʻldi. Urush oqibatida Germaniya katta talafot koʻrdi. 1648-y. gi Vestfaliya sulx. shartnomasiga koʻra, Germaniya bir necha knyazliklarga boʻlindi. Oʻzining muhim geografik oʻrni tufayli Brandenburg-Prussiya kurfyurstligi (1701-y. dan Prussiya qirolligi) eng yirik german davlatlaridan biriga aylandi. 1740-86 y. larga kelib, Fridrix II qirolligi davrida prus militarizmi avj oldi.

Prussiya Yevropada buyuk davlatga aylanib, Germaniyada hukmronlik oʻrnatish uchun Avstriya bilan kurashni kuchaytirdi. 1740-y. Prussiya qoʻshinlari Avstriya Sileziyasiga bostirib kirdi. Savdo-sotiq va sanoatning rivojlanishi Germaniyada feodal krepostnoy tuzumini bekor qilishni taqozo qilar edi. Fransuz burjua inqilobi taʼsirida Germaniyada dehqonlar harakati avj oldi. Nemis knyaz va feodallari Fransiyadagi inqilobni boʻgʻib tashlashni maqsad qilib olishdi. 1792-y. Avstriya b-n Fransiya oʻrtasida urush chiqdi. Prussiya Avstriya tomonida turib urushdi. Urushda Germaniya armiyasi yengildi. 1793-y. 18-martda fransuzlar tomonidan ozod qilingan Mayns sh. da nemis tuprogʻida birinchi demokratik respublika eʼlon qilindi. 1803—04 y. larda Napoleon Germaniya

dagi maida davlatlarni tugatib, oʻz hukmronligida Reyn ittifoqi tashkil qildi. 1812-y. gi urushda Rossiyaning gʻalabasi Germaniyani Napoleon hukmronligidan xalos qildi. 1813-y. gi Leypsig jangi (xalqlar urushi)dan soʻng Germaniyaning barcha hududi ozod qilindi. 1814—15 y. lar Vena kongressi qaroriga koʻra, 39 davlatni birlashtirgan Germaniya ittifoqi tuzildi. 1834-y. 18 davlat ishtirokida Germaniya bojxona ittifoqi tashkil togshi. Unda Prussiya rahbarlik rolini oʻynar edi. Bu ittifoq sanoat va savdoni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Ayniqsa t. y. qurilishida Germaniya katta yutuqlarni qoʻlga kiritdi va 1850 i. ga kelib, Yevropada ikkinchi oʻringa chiqib oldi. 1848—49 y. larda Germaniyada burjua-demokratik inqilobi boʻlib oʻtdi. Uning maqsadi — mamlakatni birlashtirish, monarxiya tuzumini tugatish. agrar masalani demokratik asosda hal etish edi. Biroq, burjuaziyaning qoʻrqoqligi va xoinligi, proletariatning zaifligi tufayli inqilob magʻlubiyatga uchradi. Bu Prussiya hukmdorlarini mamlakatni inqilob yoʻli bilan emas, qurol kuchi va urushlar yoʻli bilan birlashtirish kerak degan xulosaga olib keldi. Prussiya Daniya (1864), Avstriya (1866) va Fransiya (1870) ga qarshi olib borilgan urushlardan soʻng Mayn daryosidan Shim. gacha boʻlgan yerlarda Shim. Germaniya ittifoqini tuzishga eriщdi. 1871-y. gi Fransiya-Prussiya urushidan soʻng Germaniya pruss militarizmi asosida birlashtiriddi. 1871-y. 18 yanv. da nemis knyazlari Versalda Prussiya qiroli Vilgelm 1 ni Germaniya imperatori deb eʼlon qildi.

20-a. boshlariga kelganda sanoat rivoji boʻyicha G. Yevropada birinchi oʻrinni egalladi. 1-jahon urushiga tayyorgarlik koʻrayotgan Germaniya hukumati Fransiya-Rossiya ittifoqini buzib, Fransiyani yakkalab qoʻymoqchi boʻldi. Bu narsa amalga oshmadi, aksincha, 1907-y. Fransiya, Rossiya va Angliya birlashib, Antanta deb ataladigan ittifoq tuzishdi. Oʻz harbiy qudratiga ishongan hamda Angliya Rossiyani qoʻllamaydi deb oʻylagan Germaniya 1-jahon urushini boshlab yubordi. 1914-y. 1 avg. da G. Rossiyaga, 3 avg. da Fransiyaga urush eʼlon qildi. 4 avg. da esa Angliya Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. 1917-y. AQSH Antanta tomonida turib Germaniyaga qarshi urushdi. 1918-y. ning bahorida Germaniya armiyasi gʻarbga yurish qildi, biroq magʻlubiyatga uchradi. Sent. da esa ingliz-fransuz koʻshinlari tomonidan tor-mor etildi. Nihoyat, 1918-y. 5 okt. da sulh soʻrab, Antantaga murojaat qiddi. 1918-y. 11 noyab. da Kompyenda yarash ahdi tuzildi. 9 noyab. da Berlinda qoʻzgʻolon koʻtarilib, monarxiya tuzumi agʻdarib tashlandi va Germaniya respublika boʻldi.

1919-y. fev. da Veymar sh. da chaqirilgan taʼsis majlisida ishlab chiqilgan G. Respublikasi (Veymar respublikasi) konstitutsiyasi 31-iyulda qabul qilindi. Germaniya burjuaziyasining mavqei mustahkamlana bordi. Chet el, ayniqsa AQSH sarmoyasi Germaniyaning harbiy va sanoat iqtisodiyotini qayta tiklash imkonini berdi. Veymar respublikasi reaksion tusga kira bordi. 1929-y. da boshlangan jahon iqtisodiy boʻhroni Germaniya iktisodiyotiga katta taʼsir qildi. Bu sharoitda natsional-sotsialistik partiya (1919-y. tuzilgan) faollasha bordi.

1932-y. mart—apr. dagi prezident saylovida Adolf Gitler 13 mln . dan ortiq ovoz oldi. Oʻsha yil noyab. oyida hokimiyat natsional-sotsialistlar qoʻliga oʻtdi. 1933-y. da fashistlar diktaturasi oʻrnatildi. A. Gitler reyxskansler, keyinchalik esa davlat boshligʻi boʻlib oldi. Shu davrdan boshlab mamlakatda terror rejimi oʻrnatiddi. Antifashistlar qattiq taʼqib ostiga olindi. 1935-y. umumiy harbiy xizmat joriy qilindi.

Germaniya 1936—39 y. larda Italiya bilan birgalikda Ispaniyaga qarshi intervensiya uyushtirdi. 1938-y. martda Avstriyani qoʻshib oldi. 1939-y. 1 sentda G. Polshaga hujum qilib, 2-jahon urushi (1939-45) ni boshlab berdi. 3 sent. da Angliya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush eʼlon kildi. 1940-y. apr. da G. Daniya va Norvegiyani, may—iyunda esa Belgiya, Gollandiya, Lyuksemburg va Fransiyani bosib oldi. 1940-y. sent. da Berlinda Germaniya, Italiya va Yaponiya oʻrtasida harbiy ittifoq tuzildi. 1941-y. apr. da Germaniya Yugoslaviya va Gretsiyani bosib oldi. Shu yili 22-iyunda esa Germaniya urush eʼlon qilmasdan SSSR ga hujum qildi. Dastlabki muvaffaqiyatlariga qaramay, german fashistlari shiddatli zarbaga duch keldi. 1945-y. 2-mayda ittifoqchilar qoʻshinlari Berlinni egalladi. 8-mayda Germaniya soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi. Germaniya toʻrt okkupatsiya zonasiga boʻlindi. 1949-y. avg. da Gʻarbiy Germaniyada parlament saylovi oʻtkazildi. Oʻsha yili 20 sent. da Ikki suveren german davlati 1990-y. okt. gacha alohida-alohida yashab keldi. Lekin sotsialistax jamiyat qurish yoʻlini tutgan GDRning ijtimoiy turmush darajasi Gʻarbiy Germaniya darajasiga nisbatan ancha orqada qoldi — Gʻarbiy Germaniya jahonning taraqqiy etgan mamlakatlari qatoridan oʻrin oldi. Nemis xalqining birlashish orzusi 1989-y. ning soʻngida taqiq ramzi boʻlmish Berlin devorining buzilishi bilan ushaldi (q. Berlin devorining qulatilishi). 1990-y. 12 sent. da Moskvada Germaniya masalasini uzil-kesil hal etish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. GDR Xalq palatasining qaroriga binoan GDR GFRga qoʻshildi. Natijada yagona Germaniya davlati tashkil topdi.

1999-y. dan Germaniya federal prezidenta — Yoxannes Pay. 1998-y. dan federal kansler — Gerxard Shreder. G. —1973-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-y. 6-martda oʻrnatgan. Milliy bayrami —3 okt. — G. birligi kuni (1990).

Asosiy siyosiy partiyalarn va kasaba uyushmalari. G. kommunistik partiyasi, 1968-y. da tuzilgan; Demokratik sotsializm partiyasi, sobiq GDR da 1946-y. da tuzilgan Germaniya birlashgan sotsialistik partiyasi (GBSP) negizida 1989-y. da tashkil etilgan; G. sotsial-demokratik partiyasi, 1946-y. da tuzilgan; Xristian-demokratik ittifoqi, 1945-y. dan faoliyat kursatadi, 1950-y. da tashkiliy jihatdan yagona partiya sifatida rasmiylashgan; Xristian-sotsial ittifoqi, 1945-y. da Bavariyada asos solingan; Erkin demokratik partiya, 1990-y. da tuzilgan: «Ittifoq-90» «koʻkatparvarlar» partiyasi. 1993-y. da «Koʻkatparvarlar» b-n «Ittifoq-90» partiyasining birlashuvi natijasida barpo etilgan; G. milliy demokratik partiyasi, 1964-y. da yangi natsistlar tomonidan tuzilgan; Respublikachilar partiyasi, 1983-y. asos solingan. Nemis kasaba uyushmalari ittifoqi, 1949-y. da tuzilgan, Germaniya birlashganidan soʻng sobiq GDRdagi kasaba uyushmalari unga qoʻshildi. Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Yevropa kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.

Xoʻjaligi. GFR — yuksak darajada rivojlangan industrial mamlakat. Umumiy iktisodiy qudratiga koʻra dunyoda uchinchi oʻrinda, jahon savdosida ikkinchi oʻrinda turadi. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat va qurilishning ulushi 33,6% ni, q. x. ning ulushi 1,2% ni tashkil etadi.

Sanoati nemis iqtisodiyotining asosiy tayanchidir. Qoʻngʻir kumir (dunyoda 1-oʻrin), toshkoʻmir, neft, tabiiy gaz, polimetall rudalar, kaliy va oshtuzi qazib olinadi. Energetika, qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, kemasozlik, kimyo va neft kimyosi, yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati, chinnisozlikgʻoyatrivojlangan. Germaniya sanoati asosan oʻrta korxonalardan iborat. Sanoatda band boʻlgan barcha xodimlarning 32% dan koʻprogʻi (2,2 mln. kishi) yirik firmalarda ishlaydi. «Simens» konserni, «Folksvagen», BMV va «DaymlerBens» kabi avtomobilsozlik firmalari, «Xyoxst», «Bayer» va BASF kabi kimyo konsernlari, «Rurkole AG» koʻmir qazish firmasi, «FEBA» va «RVE» elektr texnika konserni yoki «Bosh» guruhi butun dunyoga mashhur boʻlib, dunyoning hamma joylarida filiallari, korxonalari yoki tadqiqot muassasalari bor. Yirik firmalar koʻpdan-koʻp mayda va oʻrta korxonalarning buyurtmachisi hisoblanadi. Bu muvaffaqiyatlarda boshqariladigan iqtisodiyotdan 1948-y. da bozor xoʻjaligiga oʻtilganligi hal qiluvchi omil boʻldi. Transport vositalari i. ch., mashinasozlik, kimyo sanoati, elektr texnika, oziq-ovqat, metallurgiya, konchilik, aniq mexanika va optika, aviatsiya va kosmik sanoati asosiy tarmoqlardir. Texnika taraqqiyoti sohasida Germaniya sanoati dunyoda oldingi oʻrinlardan birini egallaydi. Germaniya iqtisodiyoti yuksak texnologiyalardan foydalanish tufayli farmatsevtika mahsulotlari, eng yangi organik kimyoviy moddalar va sunʼiy materiallar, tibbiyot elektronikasi, optika va oʻlchov asboblari i. ch. da, yangi avtomobillar yaratish va mashinasozlikda, telekommunikatsiya, atrof muhitni muhofaza qilish texnologiyalari sohasida dunyoda yetakchi oʻrinda. Germaniyada qad. va goʻzal anʼ-analarga ega boʻlgan hunarmandchilik rivoj topgan.

Qishloq xoʻjaligi. G. da q. x. ga yaroqli 36 mln. ga yer bor. U moʻl-koʻl yuqori sifatli oziq-ovqat maxsulotlari yetkazib beradi. Q. x. ning asosiy mahsulotlari: bugʻdoy, arpa, qand lavlagi, kartoshka, shuningdek uzum, meva, sabzavot va sh. k. Chorvachilikda mol goʻshti, choʻchqa goʻshti, tovuq goʻshti va sut yetishtiriladi.

Germaniya hududining qariyb uchdan bir qismi (10,7 mln. ga) oʻrmon bilan qoplangan. Mamlakatda har yili salkam 30—40 mln. kub metr yogʻoch tayyorlanadi, bu hajm ichki ehgiyojning uchdan ikki qismini krplaydi. Germaniya yogʻoch eksport qiladigan eng yirik davlatlardan biridir. Shim. va Boltiq dengizlarida, Grenlandiya o. atroflarida baliq ovlanadi.

T. y. uzunligi —91,4 ming km, avtomobil yoʻllari uz. —496,6 ming km. Eng katta aeroporti — Frankfurtmayn sh. da. Boshqa yirik aeroportlari: Berlin-Tegel, Berlin-Shenefeld, Bremen, Gamburg, Gannover, Drezden, Dyusseldorf, Kyoln /Bonn, Leypsig, Myunxen, Nyurnberg, Saarbryukken va Shtutgart. Suv yoʻllari uz. —7467 km. Asosiy dengiz portlari: Gamburg, Bre-menBremerxafen, Vilgelmsxafen, Rostok.

Germaniya dunyodagi tashki savdo aylanmasi hajmi boʻyicha AQSHdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Germaniya chetga asosan avtomobillar, stanoklar, mashinalar, kimyo mahsulotlari va elektr texnika buyumlari chiqaradi. Chetdan xom ashyo, elektr texnika va toʻqimachilik mahsulotlari oladi. Tashki savdodagi asosiy mijozlari: Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Belgiya, AQSH, Rossiya, Lyuksemburg. Pul birligi — nemis markasi.

Tibbiy xizmati. Germaniyada 620 mingga yaqin oʻrinli 2300 kasalxona, 267 ming vrach ishlaydi. Bundan tashqari 1300 sogʻlomlashtirish muassasalari mavjud.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Konstitutsiyaga binoan davlat maorif tizimini umumiy nazorat qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Har bir yerda maorif masalalari bilan shugʻullanuvchi vazirlik bor. 6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun taʼlim majburiy. Oʻqish muddati —12 y. Jumladan, bolalar toʻla oʻquv haftasi dasturi boʻyicha maktabda 9 y., soʻnfa toʻliqsiz oʻquv haftasi dasturi boʻyicha hunartexnika bilim yurtida 3 y. oʻqiydi. Maktablar bir necha bosqichga boʻlinadi: boshlangʻich bosqich — 1—4sinflar (baʼzi yerlarda 1—6sinflar). Soʻng oʻquvchilar umumiy taʼlim maktabining uch toifasiga ajratiladi; keyinchalik hunar taʼlimi olish huquqini beradigan asosiy maktab (5—6 y.), kasbkor yoʻnalishidagi toʻliqsiz oʻrta taʼlim huquqini va oʻrta hunar-texnika oʻquv yurtiga kirish va uni bitirgach, texnika oliy oʻquv yurtiga kirish huquqini beradigan real maktab; toʻliq oʻrta maʼlumot beradigan va un-t hamda oliy oʻquv yurtlariga kirish huquqini beradigan gimnaziya. Umumiy taʼlim beradigan maktabning yangi toifasi — umumiy maktab ham mavjud. Unda bolalar 5sinfdan 10sinfgacha oʻqiydi. Baʼzi umumiy maktablarda gimnaziyalarning yuqori sinflari tarzida tashkil etilgan yuqori sinflar bor. Aqli zaif va nogiron bolalar uchun maxsus maktablar bor. Ularga ham majburiy taʼlim joriy etilgan.

Hunar-texnika taʼlimi tizimida hunar maktablari, texnika va muhandislik bilim yurtlari, turli ixtisoslikdagi oʻrta maxsus taʼlim maktablari hamda maxsus oliy maktablar bor. Oliy taʼlim tizimiga un-tlar, oliy oʻquv yurtlari, oliy badiiy maktablar, texnika maktablari va b. kiradi. Ularda oʻqish — pulli. Eng yirik va qad. oliy oʻquv yurtlari: Geydelberg, Leypsig, Rostok, Berlin untlari. 1960-y. dan keyin yana 20 ta un-t tashkil etildi. Ularning yonida texnika oliy bilim yurtlari va ped. in-tlari mavjud. Maxsus oliy oʻquv yurtlari oliy taʼlimning eng yosh va hammaga manzur toifasi hisoblanadi. Ulardagi taʼlim ayniqsa muhandislik, iqtisodiyot, ijtimoiy taʼminot, dizayn va q. x. sohalarida koʻproq amaliy tarzda olib boriladi. Germaniyada har yili 10 mln. fuqaro bilim saviyasini oshirish imkoniyatiga ega. Malaka oshirishning eng yaxshi va samarali shakli xalq un-tlaridir. Germaniyada 11 ta mintaqalararo iqtisodiyot oʻquv markazi va 30 ta malaka oshirish in-ti mavjud. Yirik firmalar oʻz xodimlari uchun alohida kurslar tashkil etadi.

Mamlakatdagi i. t. ishlari oliy oʻquv yurtlarida, davlat va xususiy i. t. muassasalarida va iqtisodiyot i. t. boʻlimlarida olib boriladi. Tadqiqotlarda Dyusseldorf, Gyottingen, Geydelberg, Leypsig, Mayns va Myunxenda joylashadi FA lari va 1992-y. qayta tashkil etilgan Berlin-Brandenburg badiiy akademiyasi oliy oʻquv yurtlari bilan uzviy hamkorlik qiladi. Mamlakatda 60 dan ortiq ilmiy muassasa va ularning filiallari mavjud. «21-asr texnologiyalari» deb atalgan ishlardan tashqari, jumladan, transport, ekologiya, sogʻliqni saqlash, informatika, shuningdek mayda va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash sohalarida tadqiqotlar olib boriladi.

Germaniyada 3 mingdan koʻproq muzey bor. Yerlar, shaharlar, uyushmalarning muzeylari, oʻlkashunoslik va xususiy muzeylar, ibodatxonalar, qasrlar, saroylardagi muzeylar, ochiq havo ostidagi muzeylar shular jumlasiga kiradi. Eng yirik muzeylari: Axendagi sobor xazinasi, Yangi galereya, Berlindagi «Prussiya madaniy bisoti» davlat muzeyi, Bonndagi shahar sanʼat asarlari majmuasi, Drezdendagi Eski va Yangi ustalarning rasmlar galereyasi, «Kuk gumbaz», Essendagi «Folkvang» muzeyi kabi sanʼat muzeylari, Bonndagi Reyn viloyat muzeyi, Kyolndagi Rim-Germaniya muzeyi, Myunxendagi Bavariya milliy muzeyi kabi madaniytarixiy muzeylar, Berlin, Frankfurtmayn, Gyottingen, Gamburg, Kil, Kyoln, Lyubeke, Myunxen va Shtutgartdagi etnografiya muzeylari va b. Yirik kutubxonalari: Myunxendagi Bavariya davlat kutubxonasi (6 mln . dan ortiq asar saqlanadi). «Prussiya madaniy bisoti»ning Berlindagi davlat kutubxonasi (4 mln. asar), Kyolndagi Markaziy kutubxona, Volfenbyuttedsagi gersog Avgust nomidagi kutubxona (660 mingdan ortiq asar) va b.

Matbuoti, radnoeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Germaniyada nashr etiladigan asosiy gaz. va jur. lar: «Algemayne saytung («Umumiy gazeta», kundalik gaz., 1850-y. dan), «Berliner morgenpost» («Berlin tonggi xabarlari», kundalik gaz., 1898-y. dan), «Bonner rundshau» («Bonn sharhi», kundalik gaz., 1945-y. dan), «Generalansayger («Hammabop xabarnoma», kundalik gaz., 1725-y. dan), «Noyes Doychland» («Yangi Germaniya», kundalik gaz., 1946-y. dan), «Shpigel» («Koʻzgu», haftalik suratli jur., 1947-y. dan), «Shtern» («Yulduz», haftalik suratli jur., 1948-y. dan). Doycher Depeshendinst Algemayner Doycher Naxrixtendinst — DDP/ ADN axborot agen-tligi; 1946-y. da sobiq GDRda tuzilgan ADN agentligining 1993-y. da Gʻarbiy Germaniyaning DDP agentligi bilan qoʻshilishi natijasida vujudga kelgan. Doyche Presse-Agentur-DPA jahon axborot agentligi, aksiyadorlik jamiyati boʻlib, 1949-y. da tuzilgan. «Arbaytsgemaynshaft der effentlix-rextlixen rundfunkanshtalgen der Bundesrespublik Doychland» — ARD GFR radio va televizion kompaniyalari birlashmasi, mamlakat radioeshittirish va telekoʻrsatuvlarini nazorat qiladi.

Adabiyotnning eng qad. namunalari 8 — 9-a. larga mansub («Gildebrand qoʻshigʻi», «Mazreburg sehri»). Ekkexardning lotin tilidagi «Valtarius» asari 11-a. da yaratilgan.

Uygʻonish davri adabiyotiga Volfram fon Eshenbax, M. Lyuter, T. Myunser, G. Saks (16-a.) kabi shoir va adiblar salmokli hissa qoʻshdi. «Til Eylenshpigel», «Reyneke Lis», «Faust» kabi xalq kitoblari nashr qilindi. Klassitsizm namoyandasi shoir M. Opis mistik va dabdabali barokko sheʼriyatiga qarshi nemis tilining sofligi uchun kurashdi. «Minna fon Barnxelm», «Emiliya Galotti», «Donishmand Natan» pyesalari muallifi Germaniya Lessing nemis milliy adabiyotiga asos soldi. I. V. Gyote («Egmont», «German va Doroteya», «Faust») va F. Shiller («Qaroqchilar», «Makr va muhabbat», «Orlean qizi», «Vilgelm Tell») ijodi 18-a. va 19-a. boshlari nemis adabiyotidagi taraqqiyparvar gʻoyalarning rivojida yuksak bosqich boʻldi. 18-a. 2-yarmi va 19-a. boshlarida romantizm paydo boʻldi. Romantiklar (aka-uka A. va F. Shlegellar, L. Tik, L. Uland va b.) oʻrta asrni, din va xurofotni ideallashtirib, poeziyada subyektivizmni targʻib etishdi. 19-a. ning 30-y. laridagi siyosiy koʻtarilish adabiy hayotni ham jonlantirdi. Dramaturg G. Byuxner, L. Berne demokratiya uchun kurashdilar. Buyuk shoir Germaniya Geyne «Qoʻshiqlar kitobi» siyosiy lirikasi va b. toʻplamlarida feodal reaksiyani tanqid qildi. 1848-49 y. lardagi nemis burjuademokratik inqilobi magʻlubiyatidan soʻng adabiy hayotda reaksion kayfiyat kuchaydi.

20-a. boshlarida dramaturgiyada naturalistik oqim paydo boʻldi (G. Gauptman, A. Gols va b.), tanqidiy realizm yuksak bosqichga koʻtarildi. 1-jahon urushi davrida va undan soʻng A. Sveyg, B. Kellerman, K. Tuxolski, E. M. Remark kabi tanqidiy realistlar ijtimoiy tuzumning reaksion mohiyatini fosh etdilar. Fashistlar hokimiyat tepasiga kelgach, koʻpchilik taraqqiyparvar yezuvchilar vatanni tark etishdi va chet ellarda fashizmni fosh etuvchi asarlar yozishdi. 1945-y. da mamlakat ikkiga boʻlingach, nemis adabiyoti turli yoʻllardan rivojlandi. Sharqiy Germaniya (sobiq GDR) da yashagan taniqli yezuvchilar T. Mann, G. Mann, L. Feyxtvanger kabilar adabiy oqimdagi ilgʻor anʼanalarni ijodiy davom ettirdilar. Eski ziyolilardan B. Kellerman, A. Sveyg, G. Fallada yangicha adabiy hayotga faol qoʻshildilar. I. R. Bexer, B. Brext, A. Zegers, F. Volf, F. Fyuman fashizmning jirkanch qiyofasini fosh etuvchi, insonning jamiyat oldidagi masʼuliyatini ifodalovchi asarlar yozishdi. Ammo bu yerda axborot imkoniyati va fikrlar erkinligi boʻlmagan sharoitda ularning ijodiy imkoniyatlari cheklangan edi.

Germaniyaning gʻarbi (GFR)da yashagan va fashizm qabohatlarining shohidi boʻlgan V. Borxert, X. V. Rixter, Germaniya Byoll kabi adiblar oʻzlarining koʻrgan-kechirganlari haqida taʼsirchan asarlar yaratishdi. Xans Verner Rixterning tashabbusi bilan tuzilgan «47 lar guruhi» katta rol oʻynadi. Shu guruh har yili oʻtkazib turgan yozuvchilarning uchrashuvlari adabiy doiradan chiqib, siyosiy voqeaga ham aylana bordi. Bir qator adiblar (Yu. Bekker, R. Brinkman, A. Kluge, D. Vellersxof) ijtimoiy voqelikni talqin etmay, shunchaki tasvirlash yoʻlidan bordilar. 70 – va 80-y. larda esa koʻpgina yozuvchilar ijtimoiy va iqtisodiy faollikka intildilar. Mamlakat birlashishi bilan nemis adabiyoti yangi rivojlanish bosqichiga kirdi. Yangi voqelikii badiiy idrok qilish va aks ettirish uchun vaqt kerak boʻladi.

Meʼmorligi. German qabilalarining qad. meʼmoriy yodgorliklari (yogʻochdan ishlangan) saqlanmagan. Toshdan ishlangan meʼmoriy yodgorliklari (Axendagi saroy kapellasi, 790—805: Fulddagi muqaddas Mixail cherkovi, 822) keyingi antik va Vizantiya meʼmorligi taʼsirida paydo boʻlgan. 9 — 10-alarda bazilika xilidagi bezaksiz cherkovlar qurildi. 11-12-a. larda roman uslubidagi cherkov va soborlar (Mariya Lax cherkovi, 1093— 1230; Maynsdagi sobor, 1100-1230 va b.) qad koʻtardi. 13-14-a. larda Germaniyada gotika uslubiga xos binolarni yangi konstruksiyalar asosida qurish avj oldi. Uygʻonish davrida ham gotika uslubi oʻz mavqeini yoʻqotmadi. 17-a. da meʼmorlik va tasviriy sanʼatda dabdabali barokko uslubi keng tarqaldi. 18-a. ning 1-yarmida saroy va cherkovlar qurilishi yanada rivojlandi va baʼzan barokko bilan rokoko qisman birlashtirildi, 2-yarmida esa klassitsizm uslubida teatr, muzey va oʻquv muassasalari qurildi.

19-a. da yangi qurilish materiallari — temir va beton konstruksiyalari paydo boʻlishi tufayli modern uslubi urf boʻldi. 20-a. da texnika taraqqiyoti bilan konstruktivizm va funksionalizm qonunlari asosida (P. Berens, B. Taut, V. Gropius, L. Mis van der Roe va b.) sanoat va turar joy binolari barpo etilib, shaharlar loyihasi tuzildi. Fashistlar diktaturasi davrida Germaniyada dagʻal va besoʻnaqay koʻrinishli, klassitsizmga yot binolar qurildi. Bu davrda koʻpgina atoqdi meʼmorlar chet ellarga ketib qoldilar. Urushdan keyin ayniqsa GDR da bir qolipdagi koʻrimsiz binolar qad koʻtardi. Keyingi yillarda kurkam jamoat binolari, qulay turar joylar qurila boshladi, shaharlarni obod qilishga kirishildi. Germaniyada insonning ehtiyojlarini har tomonlama nazarda tutgan zamonaviy yangi meʼmorlik namunalari tobora koʻpayib bormoqda. Meʼmorlikdagi yangi yoʻnalishlar goʻzal va qulay inshootlar yaratilishiga olib kelmoqda. Turli ranglarga boʻyalgan liftlar, eskalatorlar, bino tashqarisiga oʻrnatilgan kommunikatsiyalar meʼmoriy bezak vazifasini ham oʻtaydi. Ustunning qoshi, karniz va naqshlar esa bino husniga husn qoʻshib, kishi koʻzini quvontiradi. Shtutgartdagi yangi davlat galereyasi binosi (meʼmorlar J. Sterling, M. Uilford). Frankfurtmayndagi 256 metrlik yarmarka minorasi (meʼmor X. Yan) shu jumlaga kiradi.

Tasviriy sanʼati. Germaniya hududida paleolit va neolit, jez va temir davrlari sanʼati yodgorliklari topilgan. Mil. boshlarida german qabilalarining ibtidoiy sanʼati paydo boʻlgan. 8—9-a. larda karolinglar sanʼati (suyak oʻymakorligi, miniatyura)ga Vizantiya, qad. dunyo madaniyati taʼsir etdi. 11-13-a. lar sanʼati (Xildesxeym soborining bronza eshiklari, 1015, Reyxenau o. dagi Obersel cherkovining devoriy rasmlari, miniatyuralar) diniy xarakterdagi roman uslubiga oʻtish davri boʻldi. 13—14-a. larda nemis gotikasi taraqqiy etib, saroyritsarlik madaniyati elementlari oʻsayotgan shaharlar madaniyati bilan qoʻshilib ketdi. Uygʻonish davrida insonparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan realistik sanʼat vujudga keldi. 15-a. da paydo boʻlgan bu sanʼat (S. Loxner, L. Mozer, G. Mulcher, M. Shongauer) 16-a. ning 30-y. larida A. Dyurer, X. Xolbeyn asarlarida yuksak choʻqqiga koʻtarildi. Sanʼatda 16-a. ning 2-yarmidan manyerizm, 17-a. dan barokko hukmron boʻlib, 18-a. oʻrtalarida klassitsizm paydo boʻldi (R. Mengs, A. Kaufman, A. Ya. Karstens va b.). 1848—49 y. lardagi inqilob davrida jangovar demokratik ruhdagi kartinalar yaratildi (I. P. Gazenklever, K. Gyubner, K. F. Lesing). 19-a. ning yirik realist rassomi A. Mensel ijodida nemis hayoti oʻzining toʻla aksini topdi. 20-a. boshlarida Germaniya mayda burjuaziya oqimi — ekspressionizm vatani boʻlib qoldi (haykaltarosh V. Lembruk va b.). Fashistlar hokimiyat tepasiga kelgach, quvgʻin va taʼqiblarga qaramay, baʼzi rassomlar (Barlax, Kolvis, O. Nagel) insonparvarlik ideallariga sodiq qoldilar. Urushdan keyin utmish anʼanalariii tiklashga kirishildi va Yevropa hamda Amerika sanʼatidagi yangi oqimlardan foydalanildi. Hoz. vaqtda yoʻnalishlar naqadar xilma-xil boʻlmasin, mutanosiblik yoʻliga intilish seziladi.

Teatr sanʼati tarixi xalq urf-odatlari va oʻyinlaridan iborat. 11—15-a. larda xalq sayyor aktyorlari — shpilmanlar sanʼati avj oldi (yengil, shoʻx, kichik pyesalar quyilgan). 16-a. oxirlarida maktab dramalari keng tarkaldi. Nemis aktyorlarining birinchi truppalari yuzaga keldi. 18-a. da aktrisa K. F. Neyber nemis teatri sahnasiga fransuz klassitsizmi badiiy tamoyillarini olib chiqdi, teatrning tarbiyaviy roli uchun kurashdi. 19-a. da Berlin, Braunshveyg, Drezden, Dyusseldorf, Gamburg va b. shaharlar teatr markaziga aylandi. 19-a oxiri va 20-a. boshlarida E. Possart, L. Barnay, Y. Kayns kabi yirik aktyorlar yetishib chikdi. l-jahon urushi yillarida Germaniya teatri realistik anʼanalardan chekindi. 1927-y. da ochilgan «Piskator teatri» publitsistik yoʻnalishdan bordi. Dramaturglardan B. Brext, F. Volf, E. Toller, aktyorlardan A. Moisei, G. Otto, E. Bush, rej. lardan M. Reyngardt, E. Piskator, G. Vangenxeym, K. X. Martinlar teatr sanʼatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshdilar. Fashizm davrida teatr sanʼati natsistlarning targʻibot quroliga aylandi. Fashizm tor-mor etilgach, natsizmga qarshi ruxdagi pyesalar paydo boʻldi. Berlin da 150 ta teatr va sahna bor. Boshka shaharlardagi teatrlarning ham repertuarlari xilma-xil. Klassiklarning pyesalari ham katta muvaffaqiyat qozonmoqda. Shiller, Lessing va Kleystdan keyin B. Brext asarlari paydo boʻldi. Zamonaviy dramaturglardan baʼzilari muvaffaqiyatga erishdi. Rolf Xokxut, Xarald Myuller, Tankred Dorst, Klau Pol shu jumlaga kirdi.

Musiqasi. Oʻrta asrlarda ritsarlar sanʼati paydo boʻldi, minnezingerlar maktabi shakllandi (Volfram fon Eshenbax va b.); 14-a. da meysterzingerlar sanʼati, 16-a. dan cholgʻu (ayniqsa organ) musiqasi (K. Pauman singari kompozitorlar ijodida) rivojlandi. Islohot davrida xalq qoʻshiqlari zaminida protesta ntxorali paydo boʻldi. Germaniya Shyuts nemis musiqasida oratoriya va kantata janrlarini ishlab chiqdi, birinchi nemis operasi «Dafna» (1627)ni yezdi. 1723-y. dan I. S. Bax faoliyati boshlangap Leypsig yirik musiqa markaziga aylandi. 18-a. 2-yarmida musiqali sahna janri — zingshpil paydo boʻldi (I. Xiller va b.). Asosan chet ellarda ishlagan G. Gendel, X. Glyuk kabi kompozitorlar Angliya, Fransiya va b. mamlakatlar musiqa taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi. Y. Gaydn, V. A. Motsart, L. Betxoven singari Vena klassik maktabi ustalari nemis musiqasi rivojiga kuchli taʼsir oʻtkazdi. L. Betxoven ijodi nemis musiqasining choʻqqisidir. 19-a. boshida musiqiyromantizm namoyandalari F. Shubert, K. Veber, F. MendelsonBartoldi, R. Shuman, 19-a. 2-yarmida R. Vagner. I. Brams, M. Regerlar ijod qildi. 20-a. boshidan Germaniyada ekspressionizm (R. Shtraus, A. Shyonberg), neoklassitsizm (P. Xindemit), atonalizm kabi musiqiy avangardizm oqimlari tarqaldi. Fashistlar rejimi mamlakat musiqiy madaniyatiga halokatli taʼsir qildi. Ilgʻor kayfiyatdagi musiqa arboblari xorijdan boshpana topdi. Urushdan keyin keksa avlodga mansub kompzitorlarning ijodi va faoliyati (K. Orf va b.) yetakchilik qildi. 60-y. lardan keyingina yosh kompozitorlar (X. Xense, K. Shtokxauzen) koʻzga koʻrina boshladi. Berlin, Gamburg, Myunxen, Frankfurtmayn, Shtutgart, Leypsig, Drezden va b. shaharlarda opera va balet teatrlari, simfonik orkestrlar, Oliy musiqa maktablari bor.

Knnosi. Germaniyada kinematografiya 1895 i. yuzaga kelgan. 1-jahon urushi arafasida badiiy filmlar ishlab chiqarila boshlandi. 1916-17 y. lar UFA deb atalgan yirik i. ch. firmasi tuzildi. F. F. Murnau, G. V. Pabst, E. Lyubich kabi rej. larning filmlarida zamonasining ijtimoiy mavzulari aks ettirildi. 20-y. larda nemis kinosida ekspressionizmning kuchli taʼsiri sezilib turadi. 20-y. lar oxiri va 30-y. lar boshida «Krauzen buvining baxt tomon safari» (rej. P. Yutsi) va b. realistik filmlar yaratildi. 1933-y. yuzaga kelgan siyosiy reaksiya nemis kinematografiyasi rivojlanishini toʻxtatib qoʻydi. 2-jahon urushi davrida kino natsizm targʻibotining quroliga aylantirildi. GFR da 1949-y. dan tijorat va koʻngilochar filmlar chiqarila boshladi. 60-y. lardan eʼtiboran yosh rej. lar badiiy yetuk ekran asarlari yaratishdi. Keyinchalik zamonaviy voqelik va axloq mavzulariga eʼtibor berila boshladi. Doris Durrining «Erkaklar» komediyasi, Volfgang Petersonning urush haqidagi «Suv osti kemasi» filmi kabi badiiy puxta kartinalar yuzaga keldi. 1984-y. da yaratilgan «Parij, Texas», 1988-y. da suratga olingan «Berlin osmoni», 1986-y. da dunyo yuzini koʻrgan «Roza Lyuksemburg» filmlari tomoshabinlarga manzur boʻldi. Tarixiy va zamonaviy mavzudagi adabiy asarlarni ekranlashtirishga kirishildi.

Oʻzbekiston — G. munosabatlari. Germaniya bilan OʻzR oʻrtasida rasmiy munosabatlar 1992-y. dan boshlangan boʻlsa ham, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar uzoq davrga borib takaladi. 20-a. boshlarida oʻzbek chevarlari orasida nemislarning «Zinger» tikuv mashinasi nihoyatda mashhur boʻlgan. Oʻzbekiston mustaqillikka eryshgach, ikki mamlakat oʻrtasida teng huquqli munosabat oʻrnatildi. Oʻzbekistonning Gʻyarbiy Yevropadagi birinchi elchixonasi 1993-y. Bonn sh. da ochildi. Oʻsha paytdanoq oʻzaro aloqalar, delegatsiyalarning tashriflari yoʻlga qoʻyildi. G. Federal iqtisodiy hamkorlik vazirining 1992-y. avg. dagi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun asos yaratdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 1993-y. apr. da Germaniyaga qilgan tashrifi oʻzaro savdo-iqtisodiy munosabatlarga muhim omil baxsh etgan burilish voqeasi boʻldi. Ushbu tashrif yakunida imzolangan «Kapital qoʻyilmalarni amalga oshirishga koʻmaklashish va ularni oʻzaro himoyalash toʻgʻrisida» shartnoma, «Ilmiy tadqiqot va mutaxassislar jamgʻarmasini vujudga keltirish» hamda «Madaniy hamkorlik» toʻgʻrisida bitimlar ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini belgilab berdi.

Hamkorlik dasturlarini muvofiqlashtirish va tezroq amalga oshirish maqsadida 1993-y. avg. da idoralararo komissiya hamda 1995-y. may oyida Oʻzbekiston — G. doimiy ishchi guruhi tuzildi. Mazkur komissiya va guruh muntazam ravishda yigʻilishlar oʻtkazib, investitsiyalarni kafolatlash va sugʻurtalash, loyihalarni moliyalash, xususiylashtirishga koʻmaklashish, qimmatli qogʻozlar bozorini vujudga keltirish kabi muhim masalalarni hal qilib kelayotir. 1993-y. Toshkentda Germaniya texnikaviy hamkorlik jamiyatining vakolatxonasi ochildi. Jamiyat faoliyati tufayli bozor iqtisodiyotiga oid seminar va oʻquv kurslari oʻtkazish yoʻli bilan mutaxassislar tayyorlash, iqtisodiy qonunchilik, xususiylashtirish, kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish, atrof muhitni muhofaza qilish, shahar yoʻlovchi transportiga doir qonun va nizomlar ishlab chiqish, «Onalik va bolalikni himoya qilish» tadbirlari boʻyicha maslahatlar berish dasturi amalga oshirila boshladi.

1994-y. da Germaniya savdo-sanoat palatalari birlashmasi Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti vakili byurosini ochdi. Uning asosiy vazifasi oʻzbek va nemis ishbilarmonlarini axborot bilan taʼminlashdan iborat. Oʻsha yilning iyunida Toshkentda K. Adenauer jamgʻarmasining vakolatxonasi ochildi. Gannover xalqaro yarmarkasi ishlab turgan davrda (1994-y. apr.) oʻtkazilgan «Oʻzbekistan iqtisodiyoti kunlari» GFR jamoatchiligi va ishbilarmonlarini gʻoyat qiziqtirdi. da Toshkentga qilgan tashrifi davomida ikkala mamlakatning ishbilarmonlari ishtirokida qoʻshma biznes-seminar oʻtkazildi. Keyingi yillarda Oʻzbekiston banklari, Fanlar akademiyasi va turli vazirliklari hamda muassasalari xodimlari uchun amaliy mashgʻulotlar, konferensiyalar va foydali uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. 1995-y. da Shtutgart sh. dagi Linden-muzeyda «Oʻzbekistan. Buyuk Ipak yoʻli merosi» mavzusida ochilgan koʻrgazma Oʻzbekiston-G. hamkorligini rivojlantirishda sezilarli voqea boʻldi. 1996-y. 18-19 i yun da «Germaniya markaziy Osiyo» jamiyati, «Doyche Bank», Frankfurtmayn sh. magistrata va OʻzRning GFRdagi elchixonasi tashabbusi b-n Frankfurt sh. da «Germaniyada Oʻzbekiston iktisodiyoti kunlari» xalqaro anjumani oʻtkazildi.

OʻzR Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Germaniyaning «AKA», «KfV», «Berliner Bank» va «Doyche Bank» kabi banklari b-n bazis bitimlari tuzgan. Shu bitimlar asosida kamida 778,7 mln. nemis markasi miqdorida turli loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash boshlandi.

OʻzR Prezidenta I. Karimovning Germaniyaga 2001-y. 2—5 apr. kunlari qilgan tashrifi ikki mamlakatning oʻzaro munosabatlarida sifat jihatkdan yangi davr boshlanganini bildirdi. Tashrif davomida moliya, sayyoxlik, fan-texnika, narkotiklar kontrabandasiga qarshi kurash kabi sohalar boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirishni nazarda tutuvchi oʻn toʻrtta hujjat imzolandi.

OʻzR Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining maʼlumotlariga koʻra, 1997-y. da mamlakatimizning dunyo mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmlari boʻyicha Germaniya 4-oʻrinni (Rossiya, Koreya Respublikasi, Shveysariyadan keyin), Yevropa mamlakatlari orasida esa 2-oʻrinni (Shveysariyadan keyin) egalladi. 2000-y. da oʻzaro savdo hajmi 291,9 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.

Oʻzbekistondan Germaniyaga paxta tolasi, mis va undan yasalgan buyumlar, boshqa rangli metallar yetkazib beriladi va turli xizmatlar koʻrsatiladi. Germaniyadan OʻzR ga asbobuskuna, baliq mahsulotlari, qand-shakar va qandolat mahsulotlari, bugʻdoy uni, kimyoviy mahsulotlar, qora metall va undan tayyorlangan buyumlar, transport vositalari, saryogʻ va oʻsimlik yogʻi, optik asbob va apparat lar, sut mahsulotlari, qogʻoz va karton, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, uchish apparatlari va b. yetkazib beriladi va turli xizmatlar koʻrsatiladi. Yengil sanoat, paxta va uning chiqitlarini qayta ishlash, tibbiyot va farmatsevtika preparatlari i. ch., q. x. mahsulotlarini qayta ishlash, yuk va yoʻlovchi tashish, avtoservis, ilmiy ishlanmalar, savdo-sotiq va b. sohalarda bir nechta qoʻshma korxona faoliyat yuritayotir. OʻzR Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi huzurida Germaniyaning 40 ta firma va kompaniyasi vakolatxonalari rasmiylashtirilgan. Ular qatorida «Daymler Bens», «Simens», «Alkatel», «Tissen», «Lyuftganza», «BASF», «Salamander» kabi jahonga mashhur firmalar bor.

«Landtexnik-Tashkent», «Chirkom», «UzVinkler», «Grasso», «TashVirt», «Intermed Ekosan», «Nambum» va b. qoʻshma korxonalar q. x. uskunalari tayyorlash, q. x. mashinalari va yoʻl texnikalari, telefon tarmoklariga xizmat koʻrsatish, novvoychilik uskunalarini olib kelish va ularni montaj qilish, tibbiy dorilarni yetkazib berish, goʻsht-yogʻ mahsulotlari va qogʻoz ishlab chiqarish bilan mashgʻul.

Oʻzbekiston — G. munosabatlarida Toshkent va Berlin sh. lari oʻrtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Ikki davlat poytaxtlarining hamkorligi faqat iqtisodiy sohani emas, ijtimoiy-madaniy sohalarni ham keng qamrab olgan. Germaniya poytaxti Bonndan Berlinga koʻchirilgach, 2001-y. 3 apr. da Berlinda Oʻzbekiston elchixonasining yangi binosi ochiddi. Unda OʻzR Prezidenti I. Karimov qatnashdi.

Ikki tomonlama munosabatlarda madaniyat, sanʼat, fan, xalq taʼlimi, ommaviy axborot vositalari, sogʻliqni saqlash va sport sohalaridagi hamkorlik ham katta ahamiyatga ega. Germaniyada Oʻzbekistan madaniyati kunlari doirasida Berlin, Potsdam, Dortmund, Bonn, Shtutgart, Gamburg, Myunxen, Gannover, Visbaden sh. larida Oʻzbekistonning musika, tasviriy va teatr sanʼati keng namoyish etilganligi buning yorqin misolidir. Mamlakatimiz teatr va kino ustalari Tyubing, Berlin, Kotbus, Manxaym, Myulxaymda oʻtkazilgan festivallarda ham faol ishtirok etishdi. Oʻz navbatida respublikamizda ham Germaniya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning rivojiga K. Adenauer, F. Ebert jamgʻarmalari, Gyote nomidagi in-t, Germaniya oliy oʻquv yurtlari, un-tlari rektorlari konferensiyasi, «Doyche Velle» telekompaniyasi. «Germaniya-Oʻzbekiston» doʻstlik jamiyati, «EPOG» Berlin jamoat madaniy birlashmasi katta hissa qoʻshmoqdalar.

Adenauer jamgʻarmasi koʻmagida SantAugustin sh. da «Amir Temur va uning jahon tarixida tutgan oʻrni» mavzuida ilmiy konferensiya, «Orol ekologik fojiasinnng milliy va xalqaro aspektlari» simpoziumlari oʻtkazildi. Jurnalistlar guruhi va nemis ijodiy ziyolilari vakillari tashabbusi bilan Orol haqida hujjatli film olishga kirishildi. Qoraqalpogʻiston bolalar kasalxonalariga doridarmonlar va tibbiyot uskunalari uchun mablagʻ yigʻish tashkil qilindi va bu hududda suv tozalash inshootlarini yaratish uchun mablagʻ toʻplandi.

Oʻzbekistan Milliy un-ti va Samarqand un-tining Gumboldt nomidagi hamda Bamberg va Gyottingen sh. laridagi untlar bilan hamkorligi samarali rivojlanayotir. OʻzR da nemis millatiga mansub 25 mingga yaqin kishi yashaydi.


Lotin alifbosida maqola: GERMANIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: G harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
XITOY
ROSSIYA
FRANSIYA
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI


Добавить комментарий