GIDROTURBINA, suv turbinasi — suvning mexanik energiyasi hisobiga valga aylanma harakat beradigan parrakli gidravlik dvigatel. Asosan GES larda elektr generatorlarki harakatga keltirish uchun qoʻllaniladi. Ishlash tarziga kura Gidroturbina faol (aktiv) va (reaktiv) xillarga, ish gʻildiragi valining joylashtirilishiga koʻra, vertikal, gorizontal va qiya oʻrnatiladigan xillarga boʻlinadi. Gidroturbinaning asosiy ish organi ish gʻildiragi. Faol Gidroturbinada suv erkin oqimda ish gʻildiragiga soplo orqali, reaktiv Gidroturbinada esa suv bosim ostida yoʻnaltiruvchi apparat orqali beriladi. Faol Gidroturbinada ish gʻildiragiga keladigan va undan chiqadigan suv bosimi bir xilda (atmosfera bosimiga teng) boʻladi. Reaktiv Gidroturbinada ish gʻildiragiga beriladigan suv bosimi atmosfera bosimidan ortiq, undan chiqadigan suvning bosimi esa atmosfera bosimidan ortiq yoki kam boʻlishi mumkin. Suv oqimining ish gʻildiragiga taʼsiri yoʻnalishi boʻyicha reaktiv Gidroturbina oʻqaviy va radial-oʻqaviy xillarga, quvvatni rostlash usuli boʻyicha bir marta rostlanadigan va ikki marta rostlanadigan xillarga boʻlinadi. Faol Gidroturbina koʻpincha kovshli qilib tayyorlanadi. Ular parsial va noparsial xillarga boʻlinadi. Parsial Gidroturbinada suv ish gʻildiragiga bir yoki bir necha soplolar orqali keltiriladi va unda bir vaktning oʻzida ish gʻildiragining bir yoki bir necha parragi ishlaydi. Noparsial Gidroturbinada suv bitta halqasimon oqimda beriladi va ish gʻildiragining barcha parraklari bir vaqtda ishlaydi. Yirik Gidroturbinalar tezlikni avtomatik rostlash qurilmalari bilan jihozlanadi. Gidroakkumulyatsiya elektr stansiyalari va koʻtarilish suv elektr stansiyalarida nasos rejimida ham, turbina rejimida ham ishlaydigan nasos-turbina hamda dvigatel rejimida ham, generator rejimida ham ishlaydigan dvigatel-generatordan tashkil topgan gidroagregatlar qoʻllaniladi. Yangi Gidroturbinani yaratishdagi asosiy omillar: quvvatni oshirish, Gidroturbinani takomillashtirish, sifatini yaxshilash, uskunalarning puxtaligi va koʻpga chidamliligini oshirish va b.