Amir Temur jahonning to’rtta mashhur sarkardalaridan biri, kuragi yerga tegmagan buyuk lashkarboshi, xudo bergan salohiyatini to’la-to’kis namoyon eta olgan, monandi yo’q buyuk armiya qo’mondoni edi. Janggohlar san’ati, urush yo’llari, lashkar tutish qoidasi, saflar rasmi-rusumi haqida Sohibqironning “Temur tuzuklari” nomli nodir kitobida batafsil yoritilgan.
Milodiy 1365 yilda Sirdaryo bo’yida Chinoz yonida mo’g’ullar bilan bo’lgan mashhur “Loy jangi”da Amir Husayn boshliq Turon cherigi (Amir Temur lashkarboshi edi) mag’lub bo’ldi. Bu 29 yoshli Amir Temurning umrida birinchi va so’nggi mag’lubiyati edi.
1366 yilda Qarshida Temurbek bor-yo’g’i 243 kishi bilan 12 ming kishilik dushmanga qarshi jang qildi va tangrining inoyati-yu, sarkardalik salohiyati bilan muzaffariyat tug’ini baland ko’tardi.
1368 yilda Badaxshonda qo’li baland kelgan dushman Sohibqiron askarlarining ko’pini qirib tashladi va 130 kishi asir qildi. Yonida bor-yo’g’i 13 navkar bilan qolgan Amir Temur mardlarcha Dobon tog’i tepasiga chiqib yo’lni to’sdi va ko’p jangu chorasiz qonli urinishlar evaziga o’z askarlarini dushmandan qutqarib oldi. Keyinchalik Amir Temur o’sha jangni eslab: “Ko’p janglar qildim va ko’p voqealarni boshdan kechirdim-u ammo bu jangdan qattig’ini ko’rmadim…” degan edi.
Sohibqiron dunyoning 27 mamlakatini musaxxar qildi. Taxminan mingdan ortiq jang o’tkazdi, ularda zafar hamisha Sohibqiron tomonida bo’ldi.
Uning dunyoni lol qoldirgan eng mashhur va yirik janglari quyidagilardir:
1391 yil 18 iyun – Kandircha daryosi bo’yida (Samara viloyati) Oltin O’rda xoni To’xtamishxon ustidan qozonilgan g’alaba. Har tomondan 200 mingdan ortiq askarlar ishtirok etgan. Bu g’alaba Turon davlati mustaqilligini yana ham mustahkamladi.
1395 yil 15 aprel – Oltin O’rda xoni To’xtamishxonga qarshi ikkinchi jang Terek daryosi bo’yida yuz berdi. Turon tomonidan 250 ming, Oltin O’rda tomonidan taxminan 450-500 ming sipoh qatnashdi. Jang Amir Temurning uzil-kesil g’alabasi bilan qaror topdi.1402 yil 20 iyul – Anqara yonida Amir Temur va usmonlilar imperatori Yildirim Boyazid bilan zamonaning eng buyuk jangi bo’lib o’tdi. Amir Temur qo’shini taxminan 200 ming, Yildirim Boyazid lashkari bir yuz oltmish mingdan iborat edi. Savashish Turon sultoni Amir Temurning buyuk g’alabasi bilan yakunlandi.