Amir Temurning ilm-fan homiysi sifatidagi xizmatlari tahsinlarga sazovordir. Qaysi mamlakatdaki xotirjamlik, tinchlik, dorilomonlik bo’lsa, gul ekish, ekin tikish, niholni parvarish etish, uy qurish, ilm o’rganish, kitob yozish, ashula aytish, bog’lar barpo etish imkoni tug’iladi, bir so’z bilan aytganda, insonlar qalbida ma’naviyat chechaklari yaproq yozadi. Va tabiiyki, mamlakatda ilm va fanni rivojlanishi uchun ana shunday xotirjamlik va moddiy ta’minlanganlik bo’lishi kerak. Amir Temur Turon saltanatida ilm-fanning rivojlanishi, unib-o’sishi, kamol topishiga qulay sharoitlar, ulkan imkoniyatlar yaratib berdi.
Amir Temur, ko’p mashhur muarrixlar ta’kidlaganlidek, limning qadriga yetadigan, uni rivojlantirishga astoydil bel bog’lagan, dunyoning eng yetuk olimlari, tarixchilari bilan bemalol suhbatlasha oladigan donishmand hukmdor edi. Ilm-fanga qiziqish Amir Temurning xonadonidan boshlangan edi desak to’g’riroq bo’ladi. Sohibqiron xonadonida farzandlar (shahzodalar, maliklar) ga ilm-fanning turli sohalaridan ko’p saboqlar berilar, madrasalarda tahsil olishlar davom ettirilardi. Masalan, Mironshoh Mirzo uchun maxsus Ibn al-Asirning “Al-komil fit-tarix” (Mukammal tarix) kitobi tarjima qilib berilgan edi. Sohibqiron harakatlari tufayli, uning avlodlari ichida Muhammad Sulton, Ulug’bek Mirzo, Ibrohim Sulton, Boysunqur Mirzo, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ko’chkinchixon, Komron Mirzo, Gulbadanbegim, Zebunniso kabi shoirlar, olimlar, muarrixlar, xattorlar, homiylar, ma’naviyat va ma’rifat jonkuyarlari bor bo’lib, ular ilm-fan, ma’naviytning qadriga yetadigan ajoyib insonlar bo’lib yetishdi. Ularning sa’y-harakatlari bilan madaniyatimiz yuksak darajalrga erishdi. Misol uchun, Ulug’bek Mirzoning astronomiya maktabi aynan Samarqandda yaratildi. Zamonaning ilg’or rasadxonasi barpo etildi. 1018 ta yulduz ta’rifini o’z ichiga olgan “Ziji jadidi Ko’ragoniy” jadvali jahon faniga ulkan hissa bo’lib qo’shildi. “To’rt ulus tarixi” asari esa xalqimiz tarixini anglab yetishda katta ahamiyatga ega. Sohibqiron Amir Temur davri tarixini to’liq va ishonarli yoritib bergan Sharafiddin Ali Yaxdiyning fundamental “Zafarnoma” (1425) asari Sohibqironning nabirasi Sheroz hokimi, shoir va xattot Ibrohim Sultonning rahbarligi, fidoyili va homiyligi ostida dunyoga keldi. 1519 yilda Ulug’bek Mirzoning nabirasi Ko’chkunchixon topshirig’i bilan mazkur “Zafarnoma” va Rashiduddinning “Jome ut-tavorix” asarlari o’zbek tiliga tarjima qilindi.
Qolaversa, jahon adabiyotinign buyuk namoyondalaridan hisoblangan Alisher Navoiyning ijodi, Lutfiy va Husayn Boyqarolar she’riyati, allomalar Qozizoda Rumiy va Ali Qushchi asarlari, Kamoliddin Behzodning durdona miniatyura rasmlari, Zahiriddin Muhammad Boburning bebaho “Boburnoma”si, go’zal she’riyati, ilmiy asarlari, muarrixlar G’iyosiddin Ali, Nizomiddin Shomiy, Muiniddin Natanziy, Hafizi Abro’, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamirlarning solnomalari – barcha-barchasi Temuriylar davrining mahsulidir.