Mirpo‘lat Mirzo 1949 yil 20 avgustda Chimkent viloyatining Sayram qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1999). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1971).
1971 yildan “Yosh gvardiya” nashriyotining muharriri, 1982-86 yillarda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib, “Yosh gvardiya” nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari, “Yozuvchi” nashriyotida bosh muharrir, 1997 yildan “Jahon adabiyoti” nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Mirpo‘lat Mirzoning ijodi talabalik yillarida boshlangan edi. Uning dastlabki she’riy turkumi 1971 yilda «Guliston» jurnalida nashr etildi. Ilk she’riy to‘plami 1975 yilda nashr etilgan bo‘lib, so‘ng «Tong jilvasi» (1976), «Ishq fasli» (1978), «Yaxshi kunlar» (1981), «Sunbula» (1985), «Moviy daryo» (1988), «Atirgul va yulduzlar» (1990), «Onajon», (1995), «Saylanma» (2005) kabi 10 dan ortiq she’riy to‘plamlari chop etilgan. Uning jahon shoirlari ijodidan qilgan tarjimalari “Somon yo‘li chechaklari” (2004), “Sayra, do‘mbiram!” (Qozoq she’riyati antologiyasi, 2005), “Lojuvard osmon”, “XX asr rus she’riyati” nomlari bilan nashr qilinib, she’riyat ixlosmandlarining mehrini qozongan.
Mirpo‘lat Mirzoning “Surur”, “Rayhon isi” nomli esselar, publitsistik maqolalar va adabiy suhbatlarni o‘z ichiga olgan kitoblari ham adabiy jamoatchilik tomonidan alohida e’tibor bilan qabul qilindi.
Tarjimon sifatida Mirpo‘lat Mirzo Lessingning “Donishmand Natan”, Shekspirning “Yoz tuni g‘aroyibotlari” asarlari va dunyo adabiyotining yuzga yaqin namoyandalarining turli janrda yaratilgan ko‘plab asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi. “Somon yo‘li chechaklari” (Jahon she’riyati antologiyasi, 2004), “Sayra, do‘mbiram” (Qozoq she’riyati antologiyasi, 2005), “Lojuvard osmon” (XX asr shoirlari, 2008) kitobi,“XX asr rus she’riyati” (2010) kabi qator tarjima to‘plamlari chop etilgan.
Mirpo‘lat Mirzo ijodiy faoliyati Boris Pasternak nomidagi (1999) va “Alash” (2001) nomli xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
2018 yil 21 fevral kuni Toshkent shahrida vafot etgan.