AHMEDOV Nosir Komilovich (1922.5.12, Toshkent) — anatom, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1990). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan vrach (1967), tibbiyot fanlari d-ri (1965), prof. (1967). Urush qatnashchisi (1942—43). Mirzachoʻl tumani sogʻliqni saqlash boʻlimining mudiri va tuman bosh sanitariya vrachi (1943), ToshTI anatomiya kafedrasining assistenti (1947—55), Andijon davlat tibbiyot in-ti (1955-57). ToshTI (1957-y. dan) normal anatomiya kafedrasining dotsenti, prof. (1969) II ToshTI da shu kafedra mudiri (1990-97), 1997-y. dan prof. konsultanti. Ahmedov odam anatomiyasi, operativ xirurgiya va topografik anatomiyaga oid ilmiy ishlar, shuningdek 2 jildli «Odam anatomiyasi» darsligi, 2 jildli «Odam anatomiyasi» atlasi muallifi. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1992). «Jasorat» medali bilan mukofotlangan (1994).