AKVAREL (frans. aquarelle, asli lot. aqua — suv) — rassomlik sanʼatida ishlatiladigan boʻyoq (suvda oson eriydi) va shu boʻyoq bilan bajarilgan rang-tasvir asari.
Akvarelning oʻziga xos xususiyati boʻyoqning tiniq, rangning sofligidir. Akvarel rangtasvirida oq boʻyoq ishlatilmaydi — oq qogʻoz boʻyoq vazifasini bajaradi. Akvarel boʻyogʻi qogʻoz sirtiga yupqa qatlam boʻlib yotadi, bu qatlam noʻrni yaxshi oʻtkazadi. Shuning uchun Akvarel rang-tasviri yuzasi silliq boʻlmagan oq qogʻozga ishlanadi. Akvarel boʻyogʻida rasm ishlanganda rangsurtmalar, rang qatlamlari xususiyati hisobga olinishi kerak.
Akvarel qadimdan maʼlum boʻlgan. 15-a. da nemis rassomi Akvarel Dyurer A. da ajoyib asarlar yaratgan. 17—18-a. larda Yevropada Akvarel keng tarqaldi. 18—19 – a. boshlaridan jadal rivojlandi, uslub va usullari ishlab chiqildi. Angliya (U. Terner, R. Bonington va b.), Fransiya (O. Domye, E. Delakrua va b.), Rossiya (K. Bryullov, I. Repin, V. Serov, M. Vrubel va b.) da Akvarel sanʼatining ajoyib namunalari yaratildi. Oʻzbekiston tasviriy sanʼatida Akvarel rangtasviri 20-a. 20-y. laridan rivojlana boshlagan. Akvarel Nikolayev (Usta Moʻmin), G. Nikitin, B. Hamdamiy, Oʻ. Tansiqboyev, V. Kaydalov va b. rassomlar oʻz Akvarel asarlari bilan oʻzbek Akvarel sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshdilar. Oʻzbekiston rassomlaridan M. Sodiqov, T. Muhamedov, F. Boymatov, V. Apuxtin va b. ijodida Akvarel rivojlanmoqda.