AVIATSIYA

AVIATSIYA (frans. aviation, lot. avis — qush) — havodan ogʻir uchish apparatlarida yer atrofidagi havo boʻshligʻi (atmosfera)da parvoz qilish bilan bogʻliq tushuncha. A. da samolyotlar, vertolyotlar, planerlar ishlatiladi. Shu apparatlardan parvoz qilish (uchish) uchun foydalanadigan tashkilot (xizmat) ham Aviatsiya deb ataladi. Aviatsiya fuqaro A va harbiy Aviatsiyaga boʻlinadi. Fuqaro Aviatsiyasi yoʻlovchilar va yuklarni tashishda ishlatiladi. Uning transport, sanitariya xizmatiga, oʻquvsport va maxsus ishlarga moʻljallangan (q. x. da, aloqada, geologiya-qidiruv ishlarida, baliq ovlash va b. da ishlatiladigan) xillari bor. Yoʻlovchilar va yuklarni doimo tashishni taʼminlash uchun fuqaro Aviatsiyasi tarkibiga samolyotlar va vertolyotlar saroyi, uchishni taʼminlaydigan turli xizmatlar, aerodrom va aeroport kiradi. Harbiy Aviatsiya esa quruklikdagi qoʻshinlar, harbiy-dengiz kuchlari, havo hujumidan mudofaa qilish qoʻshinlari b-n birgalikda harakat qiladi hamda mustaqil vazifalarni bajaradi.

Fuqaro Aviatsiya sohasida Leonardo da Vinchi havodan ogʻir apparatlarda uchish mumkinligini birinchi boʻlib asoslashga urindi. U qushlarning uchishini kuzatib, havodan ogʻir apparatlarda uchish mumkinligi toʻgʻrisidagi gʻoyani ilgari surdi. M. V. Lomonosov jahonda birinchi boʻlib vertolyot modelini yaratdi: dvigatel vazifasini oʻtovchi prujina taʼsirida vintlar aylanganda model yuqoriga koʻtarildi. D. I. Mendeleyev hayotining oxirigacha aerodinamika va Aviatsiya masalalari bilan shugʻullandi. U 1887-y. aerostatda mustaqil uchib, 3350 m balandga koʻtarildi. A. G. Eyfel vertolyot vintlarining koʻtarish kuchini oʻrganishga oid tajribalar oʻtkazdi. Aviatsiya Lodigin uchish apparatlariga elektr dvigatellari oʻrnatish gʻoyasini ilgari surdi. Aviatsiya Mojayskiy bir necha samolyot modelini qurdi, bu modellarni sinovdan oʻtkazib, 1881-y. samolyoti uchun patent oldi. A. F. Mojayskiy oʻz samolyotiga quvvati 30 (kattasiniki 20 va kichiginiki 10) o. k. ga teng boʻlgan ikkita bugʻ dvigateli oʻrnatdi. Bu samolyot monoplan tipida boʻlgan. 19-a. 90-y. larida rus ixtirochisi V. V. Kotov planerlarning baʼzi modellarini ishlab chiqdi. 1894-y. da K. E. Siolkovskiyning «Aeroplan», yaʼni «qush nusxa uchish mashinasi» degan asari bosilib chiqdi. Siolkovskiy bu asarida suyri shaklli monoplan loyihasini, uning uchish nazariyasi va hisobini berdi. 1892-y. da ingliz konstruktori Filippe aeroplani bir necha sekundgina havoga koʻtarildi. 1898-y. da muhandis Xiram Maksimning samolyoti sinab koʻrildi, ammo bu samolyot havoga sal koʻtarilgach, yerga quladi.

Amerika prof. Lengli benzin bilan ishlaydigan, quvvati 50 o. k. ga teng motor oʻrnatilgan samolyot qurdi, bu samolyot katapulta yordamida uchirib sinalayotganda havoga koʻtarildi-yu, shu zahoti agʻdarilib tushdi. Fransuz konstruktori Kleman Ader koʻrshapalak shaklidagi uchish apparati («Avion»)ni qurdi (1897), u 300 m uchib borib, yerga agʻdarildi. Nemis muhandisi Otto Liliyental 1891—96 y. larda oʻzi loyihalagan planerlarda juda koʻp marta uchdi va 1896-y. 9 avg. da 20 m balandlikdan planerda yerga qulab, halok boʻldi.

Raytlar planerda uchishni oʻrganib olganlaridan keyin samolyot qurdilar. Orvil Rayt bu samolyotda 1903-y. uchib koʻrdi. Bu samolyotga quvvati 16 o. k. ga teng dvigatel oʻrnatilgan edi. Birinchi uchishda samolyot 32 m gacha parvoz qildi, uchish 3,5 sek. davom etdi. Aviatsiyaning rivojlanishida N. Ye. Jukovskiy va S. A. Chapligin asarlari muhim rol oʻynadi: Jukovskiy samolyot qanotlariga taʼsir qiluvchi kuchlar hisobini berdi, bir qancha qanot shakllarini yaratdi va ularni sinovdan oʻtkazish usullarini koʻrsatdi, Chapligin katta tezliklar aerodinamikasiga asos soldi.

Aviatsiya 20-a. boshidan tez surʼatlar b-n rivojlana boshladi, 1908-y. uchish uzoq,ligi boʻyicha qoʻyilgan rekord 2 soat 18 min. ni, 1912-y. 13 soat 17 min. ni, tez uchish rekordi esa 1909-y. 80 km/soatni, 1912-y. 170 km/soatni tashkil etdi. Samolyotda 1909-y. atigi 510 m balandda uchilgan boʻlsa, 1913-y. 5610 m balandda uchildi. 1909-y. da fransuz konstruktoruchuvchisi L. Blerio «Blerio-XI» nomli samolyotida Lamansh boʻgʻozi orqali Fransiyadan Angliyaga uchib oʻtdi. Shu yili bir qancha mamlakatlarda dastlabki Aviatsiya z-dlari qurildi. Akad. B. N. Yuryev 1910-y. bir vintli vertolyot loyihasini tuzdi va shu loyiha asosida vertolyot qurdi (1912). Moskvada tashkil etilgan xalqaro koʻrgazmada vertolyot uchun Yuryev oltin medal bilan mukofotlandi.

Rus muhandisi Ya. M. Gakkel 1910-y. qoʻsh qanotli samolyot qurdi. 1911-y. koʻp yuk koʻtara oladigan va uzoq, masofaga qoʻnmay ucha oladigan samolyot loyihalanib, sinab koʻrildi. Shu yili rus ixtirochisi I. I. Sikorskiy 4 motorli «Ilya Muromes» samolyotini qurdi. 1914-y. AQSHda «Kertiss» samolyoti, 1915-y. Germaniyada «Simens Shukker» samolyoti qurildi. 1914-y. rus konstruktori V. A. Slesaryov «Svyatogor» samolyoti loyihasini tuzdi, bu samolyot ikki motorli, qoʻsh qanotli edi. Rus konstruktori D. P. Grigorovichning M-5 (1915) va M-9 (1916) markali uchar qayiqlari oʻsha davrda eng yaxshi gidrosamolyot hisoblangan. Aviatsiya texnikasining rivojlanishi bilan bir qatorda dunyo olimlari aerodinamika va samolyotning mustahkamligi sohasida nazariy izlanishlar va tajribalar oʻtkazdilar, samolyot va havo vinti nazariyasi, samolyotlarning tezligi va uchish balandligi ustida ishladilar.

20-y. lar boshlarida Aviatsiya sanoatida metall konstruksiyali samolyotlar qurilishi tez rivojlana boshladi. Aviatsiya Tupolev 1923-y. ANT-1, soʻngra ikki oʻrinli ANT-2 samolyotini yaratdi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-3 («Proletariy») samolyotida 1926-y. uchuvchi M. M. Gromov Yevropani aylanib uchib oʻtdi. Amerikaning «Rayan» firmasida tayerlangan samoletda 1927-y. da uchuvchi Ch. Lindberg birinchi marta AQSHdan Atlantika okeani orqali Yevropaga uchib oʻtdi. 1928-y. da «Bremen» W-33 (Germaniya) samolyotida birinchi marta Yevropadan Atlantika okeani orqali Shimoliy Amerikaga uchib oʻtdi. Amerikaning «Duglas» firmasi tayyorlagan DS-3 va S-47 samolyotlaridan koʻp yillar davomida dunyoning koʻpgina mamlakatlarida foydalanildi. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-4 (TB-1) samolyotida 1929-y. uchuvchi S. A. Shestakov Moskvadan koʻtarilib, Sibir, Tinch okean orqali 20000 km parvoz qilib, NyuYorkka qoʻndi. 1928-y. ANT-9, keyin ANT-25 (RD) samolyotlari yaratildi.

1937-y. 18—20-iyunda uchuvchilar V. P. Chkalov, G. F. Baydukov va shturman A. B. Belyakovlar ANT-25 samolyotida Moskva—Shimoliy qutb—Vankuver (AQSH) marshruti boʻyicha 8504 km masofani 63 soatu 16 min. da qoʻnmay uchib oʻtishdi. 30-y. lardan boshlab biplanlan monoplanga oʻtildi. Bu esa aerodinamika, qurilish mexanikasi va dvigatel qurilishidagi yutuqlarga bogʻliq edi. Mustahkamlikka hisoblashning aniq usullari yaratildi. Samolyotlar gʻildiraklarini tormozlashni ishlab chiqish hamda qanotni mexanizatsiyalash qanotlarga tushadigan kuchlarni oshirishga imkon berdi va shu bilan uchish tezligi oshirildi. 1915-y. da «Fokker» (Germaniya) samolyoti uchish tezligi 150 km/soat, uchish balandligi 5000 m boʻlgan boʻlsa, 1920-y. da bu koʻrsatkich «Fokker» D-VII, «Fokker» D-VIII (Germaniya), «Balilla» A-1, «Ansaldo» SVA-10 (Italiya) da 200 km/soat, 7000 m ga, 1940-y. da esa Xauker «Xarrikeyn», «Spit-fayer», Mk-1 (Angliya), «Brusten» F2A-1, «Kertiss» R-36A, «Boum» V-150 (AQSH) samolyotlarida 660 km/soat, 12000 m ga yetdi. Shu bilan birga samolyotlarning uchish uzoqligi ham ortib bordi. 1915-y. da bu koʻrsatkich 400 km boʻlgan boʻlsa, 1940-y. ga kelib 4000 km ga yetdi. Seriyalab ishlab chiqariladigan dvigatellarning quvvati 700 o. k. dan 2000 o. k. gacha yetkazildi. Rossiya, Angliya, Germaniya, Italiya va AQSH da reaktiv dvigatel yaratish borasida qizgʻin ish olib borildi. 1943—50-y. larda Angliyaning De Xevillend va Komitem Brabazen aviatsiya firmasi 40 yoʻlovchiga moʻljallangan «Komet-1» reaktiv samolyotini ishlab chiqdi va sinovdan oʻtkazdi. Uning uchish tezligi 800 km/soat, uchish balandligi 12 km, uchish uzoqligi 1650 km. 1952-y. da uning «Komet-2», «Komet-ZV» va «Komet-4» zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarila boshlandi. 1955-y. A. N. Tupolev rahbarligida TU-104 reaktiv samolyoti qurildi. Bu samolyot soatiga 800 km tezlik bilan 8000—10000 m balandlikda 3000 km masofani qoʻnmay uchib oʻta olgan.

1958-y. da AQSH da birinchi «Boing-707-120» reaktiv samolyoti qurildi. 120 yoʻlovchiga moʻljallangan bu samolyotning uchish tezligi 845 km/soat, uchish balandligi 11 km, uchish uzoqligi 6000 km. 1959-y. da Fransiyada «Karavella» samolyoti qurildi. Reaktiv yoʻlovchi samolyotlarning tejamsizligi tufayli turbovintli dvigatel (TVD) oʻrnatilgan samolyotlar ishlab chiqarishga oʻtildi. 1952-y. da ingliz konstruktorlari ana shunday konstruksiyali «Bristol-175» («Britaniya») samolyotini yaratdilar (63—79 oʻrindiqli, toʻrt dvigatelli, uchish tezligi 570 km/soat, uchish uzoqligi 8600 km boʻlgan). 1957-y. turbovintli IL-18 samolyoti qurildi. 1956-y. O. K. Antonov rahbarligida 2 ta turbovintli dvigatel oʻrnatilgan 40 oʻrinli AN-24 samolyoti, shundan keyin 4 ta turbovintli dvigatel oʻrnatilgan 84 oʻrinli AN-10 samolyoti qurildi. Keyinchalik 1959-y. da «Elektra» (AQSH) samolyoti ishlab chikarila boshlandi. Soʻngra S. V. Ilyushinning 186 oʻrinli IL-62 yoʻlovchi samolyoti, 350 oʻrinli IL-86 aerobusi yaratildi. Rus ixtirochisi I. P. Bratuxin ikkita dvigatel oʻrnatilgan «Omega» vertolyotini va ikki motorli B-11 vertolyotini kurdi. 1961-y. turbovintli V-2 hamda V-8, V-12 vertolyotlari qurildi.

1966-y. da Fransiya, Germaniya, Angliya, Niderlandiya va Ispaniyadagi aviatsiya firmalari birgalikda Yevropada yangi Eyrbas Indastri konsernini tuzdi. Shu yili AKSH dagi Lokxid, Boing, Duglas firmalari va Eyrbas Indastri konserni keng fyuzelyajli samolyotlar — aerobuslar yaratishga kirishdi. Shundan soʻng AQSH dagi firmalar L-1011 «Trister», «Boing-747» va DC-10 aerobuslarini, Eyrbas Indastri konserni esa A-300 samolyotlari ni koʻplab ishlab chiqara boshladi. 500 yoʻlovchiga moʻljallangan «Boing-747» samolyotining uchish tezligi 935 km/soat, uchish uzoqligi 10000 km dan ortiq. Keyingi yillarda bu samolyotning bir necha zamonaviylashtirilgan modellari ishlab chiqarildi: 500 yoʻlovchiga moʻljallangan «Boing-747-100», 516 yoʻlovchiga moʻljallangan «Boing-747200V», 670 yoʻlovchiga moʻljallangan «Boing-747SR» va b. A-300 samolyotlari 280—345 yoʻlovchiga moʻljallangan ikki dvigatelli, uchish tezligi 917 km/soat, uchish uzoqligi 2600—3900 km.

1983-y. da bu samolyotning keyingi avlodlaridan A-300—600 ucha boshladi. Keyinchalik «Boing-747» aerobusi bilan raqobatlashadigan A-310, A-320, A-330, A-321, A-340 va b. ishlab chiqarildi.

Koʻp mamlakatlarda 1960-y. oxiridan boshlab tovushdan tezuchar samolyotlar yaratish ustida qizgʻin ish olib borilmoqda. Rossiyada Tu-144, Angliya va Fransiyada «Konkord», samolyotlari yaratildi. Bular soatiga 2500—3000 km tezlik bilan bir necha ming km masofaga qoʻnmay ucha oladi. Harbiy samolyotlar 30 km balandlikda 10000 km masofaga qoʻnmay uchadi.

Harbiy A. Qadimda Xitoy va b. baʼzi mamlakatlarda harbiy maqsadlarda varrakdan foydalanilgan. Harbiy Aviatsiya har qaysi mamlakatda turli vaqtlarda paydo boʻlgan. 1910-y. Fransiyada birinchi marta samolyotlar manyovrda ishtirok etib, razvedka vazifalarini bajardi. 1911 — 12 y. larda Tripolitaniya jangida (Italiya bilan Turkiya oʻrtasida boʻlgan urushda) harbiy Aviatsiya birinchi sinovdan oʻtdi. 1913-y. Bolqon urushida ham Aviatsiyadan foydalanildi. 1913-y. «Ilya Muromes» samolyotiga 4 ta pulemyot va bomba tashlash uchun maxsus asboblar oʻrnatildi. Oʻsha yili bomba tashlash tajribasi asosida yangi aeroballistika faniga asos solindi. 1-jahon urushi boshlanganida Rossiyaning harbiy aviatsiyasida 263 ta, Germaniyada 232 ta, Fransiyada 156 ta, Avstriya-Vengriyada 65 ta, Angliyada 30 ta, AQSH da 30 ta, Italiyada 30 ta samolyot boʻlgan. l-jahon urushi paytida qiruvchi samolyotlar yaratildi. Qiruvchi samoletlarning uchish tezligi razvedka samolyotlarinikidan yuqori boʻlgan. 1915-y. maxsus bombardimonchi samolyotlar ixtiro qilinadi. Xuddi oʻsha paytlarda dengiz samolyotlari ham paydo boʻldi, ular dengizda razvedka qilish, dushman kemalariga, obyektlarga bomba tashlash vazifasini bajardi. Oʻz ustida 5—7 ta samolyotni olib yura oladigan avianoseslar paydo boʻldi. 1-jahon urushidan keyin Aviatsiya alohida va mustaqil qoʻshin turi boʻlib qoldi. 1-va 2-jahon urushlari oʻrtasida Aviatsiya sohasida katta siljish boʻldi. 1920-y. Rossiyada quvvati 200 o. k. ga teng dvigatelli samolyot ishlab chiqarildi. 30-y. lar boshida A. N. Tupolev TB-1 hamda TB-3 markali ogʻir bombardimonchi samolyotlarni, 1935-y. uzun qanotli bir motorli SAGI-25 samolyotini yaratdi. Bu samolyotda Moskvadan Shim. qutb orqali Amerikaga qoʻnmasdan uchib oʻtildi. S. V. Ilyushin ikki motorli bombardimonchi RB-3 samolyotini, Aviatsiya Yakovlev eng yengil va tez uchadigan qiruvchi YAK-1 samolyotini yaratdi. Urush yillarida Yakovlev yana boshqa koʻplab qiruvchi samolyotlarni ixtiro qildi. 1940-y. A. I. Mikoyan bilan N. G. Gurevich 7—8 km balandlikda 600 km tezlik bilan uchadigan MIG-3 samolyotini ishlab chiqdilar. V. M. Petlyakov uzoqqa ucha oladigan bombardimonchi samolyot yaratdi. 2-jahon urushida Angliyada «Tayfun», «Moskito», «Lankester», «Galifaks» nomli yangi bombardimonchi samolyotlar ishlab chiqara boshlandi, AQSH da toʻrt motorli, oʻta tezuchar qalʼa B-29, «Eyrkobra», «Boing-17» bombardimonchi samolyotlari yaratildi. 1940—42 y. larda birinchi reaktiv dvigatelli samolyot «Kompini-Kaproni», KK-1, KK-2 (Italiya), «Gloster» (Angliya), «Erkomet» (AQSH)lar uchdi. 1942-y. da turboreaktiv dvigatelli Me-262, Me-263 (Germaniya), «Meteor» (Angliya) samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. 1945-y. da «Gloster Meteor-VI» samolyotida uchish tezligi boʻyicha jahon rekordi oʻrnatildi (969,9 km/soat), 1947—48 y. larda sobiq Ittifoqda La-15 va MiG15 reaktiv samolyotlari, YAK-23 reaktivqiruvchi, IL-28 va Tu-14 bombardimonchi samolyotlar yaratildi. 50—60-y. larda aerodinamika fanidagi yutuqlar, yuqori quvvatli dvigatellarning yaratilishi «tovush tezligi»dan tez uchadigan samolyotlarni yaratishga imkon berdi. Ular boshqariladigan raketalar bilan qurollantirildi. Yadro quroli va turli raketalar bilan qurollangan qiruvchi samolyotlar, razvedkachi, bombardimonchi, transport samolyotlari reaktiv hamda turbovintli motorlar bilan taʼminlandi. 80—90-y. larda Mig, Yak, Su markali samoletlarning turli zamonaviylashtirilgan modellari, AQSHda «Fantom» F-4, F-111, SR-71, Fransiyada «MirajIII», «Miraj-IV», Angliyada «Xarriyer» samolyotlari ishlab chiqarila boshlandi. Qurolli kuchlar ixtiyorida boʻlgan Aviatsiya oʻz vazifasiga koʻra jangovar harbiydengiz, havo hujumiga qarshi mudofaa hamda transport Aviatsiya lariga, harbiy samolyotlar oʻz taktik-texnik koʻrsatkichlari jihatidan ogʻir strategik, oʻrta strategik, yengil taktik bombardimonchi, qiruvchi, razvedkachi, havoda samoletlarning benzin olishiga imkon beradigan samolyotlar va transport samolyotlariga boʻlinadi.

Oʻzbekiston ham samolyotsozlik rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda samolyotlar ishlab chiqarish 40-y. lar boshiga toʻgʻri keladi. 1941-y. Ximki sh. (Moskva viloyati)dan Toshkentga koʻchirib keltirilgan V. P. Chkalov nomidagi aviatsiya z-di negizida barpo qilingan Toshkent aviatsiya z-di (1996-y. dan «Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi» davlat aksiyadorlik jamiyati)da dastlab jangovar samolyotlar tayyorlangan. Urushdan keyingi yillarda IL-14, 1958-y. dan transport samolyotlari AN-10, AN-8, AN-12, 1966-y. dan AN-22 «Antey» samolyotlari, 1973-y. da 40 t yuk koʻtaradigan birinchi superlayner Il-76 ishlab chiqarildi. Il-76 samo-lyotning uchish tezligi 850 km/soat, uchish balandligi 12,1 km, uchish uzoqligi 8 ming km. 90-y. larda z-dning asosiy mahsuloti IL-76 MF transport samolyotlari boʻldi. 1992-y. da birlashma oʻzining birinchi yangi Il-114 samolyotini qurdi. 1995-y. bu samolyot Jukovskiy sh. da oʻtkazilgan koʻrgazmaga qoʻyildi. 1997-y. da avg. da Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasining Aviaregistri tomonidan Il-114 samolyotiga uchishga yaroqli degan sertifikat berildi. Bu samolyot (64 oʻrinli, ikki dvigatelli) S. V. Ilyushin nomidagi konstruktorlik byurosida yaratilgan boʻlib, ekologik jihatdan toza, shovqinsiz, tejamli, qulayligi bilan ajralib turadi; yengil boshqariladi, betonli va gruntli yoʻlkadan uchib chiqadi va qoʻnadi. Uning maksimal tezligi 530 km/soat, uchish balandligi 7800 m, uchish uzoqligi 1000 km. Dvigateli Rossiya va Kanada mamlakatlarida ishlab chiqariladi. 1997-y. da S. Ilyushin nomidagi aviatsiya kompaniyasi (Rossiya) Il114 samolyotini i. ch. va Il-76 MF samolyotini taʼmirlash huquqini beradigan xalqaro sertifikatlarni Toshkent aviasozlariga topshirdi.

Ad.: Vinogradov R. I., Ponomarev Aviatsiya, Razvitiye samolyotov mira, M., 1991; Ruzmetov Aviatsiya, Krыlya nezavisimogo Uzbekistana, T., 1999.

Zoir Shamsiyev.


Lotin alifbosida maqola: AVIATSIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



Tushda uchsa nimani bildirishi haqida.
ATMOSFERA
AMIR TEMUR
AVTOMOBIL TRANSPORTI
AVIATSIYA QUROLLARI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты