ASALARISIMONLAR (Apidae) — nashtarli pardaqanotlilar turkumining bitta oilasi (ayrim adabiyotlarda katta oilasi), 20 mingdan ortiqtoʻrni oʻz ichiga oladi. Koʻpchilik Asalarisimonlar yopiq urugʻlilar gulidan nektar va gulchangi yigadi; tanasi gulchangini yigʻishga moslashgan qalin tuklar bilan qoplangan; orqa oyogʻi panjasining birinchi boʻgʻimi kengayib gul changini toʻplovchi chuqurcha-savatchani hosil qiladi. Ogʻiz apparati pastki jagʻlar va pastki labning oʻzgarishidan hosil boʻlgan xartumdan iborat, lekin kemiruvchi ogʻiz apparati tuzilishiga xos belgilar — yuqori lab va yuqori jagʻlarning saqlanib qolganligi tufayli kemiruvchi-soʻruvchi ogʻiz apparati deb ataladi. De-yarli barcha Asalarisimonlarning nashtari boʻladi. Ayrim Asalarisimonlar (mas, asalarilar, paxmoq arilar, galiktlar, qizil arilar, sariq arilar, barg kemiruvchilar) odamni chaqib olganida kuchli ogʻriq paydo qiladi. Koʻpchilik Asalarisimonlarning nashtari odam terisini teshib oʻta olmaydi. Asalarisimonlar hayot kechirishiga koʻra yakka yashovchilar, parazitlar va jamoa boʻlib yashovchilarga boʻlinadi. Yakka yashovchi Asalarisimonlar mustaqil in quradi, tuxumdan chiqqan qurtini gul nektari va gul changi aralashmasidan iborat oziq bilan boqadi (kolletlar, andrenalar, galiktlar, melittalar, osmiyalar). Ayrim yakka yashovchi Asalarisimonlar tuproqqa, loy devorlarga, jarliklarga uya quradi, baʼzan yirik koloniya hosil qiladi (antoforalar). Mayda Asalarisimonlar — seratinlar (Ceratina urugʻi) butalar shoxiga, malina va maymunjonga oʻxshash yumshoq oʻzakli oʻsimliklarning qurigan shoxlariga uya quradi. Yirik arrakash ari (Xylocopa) qurigan yogʻochlar (toʻnka, taxta)ga in quradi. Parazit Asalarisimonlar (Anthophora)ning urgʻochisi oʻz tuxumlarini boshqa arilar (andrenalar, kollektlar, galiktlar) uyasiga qoʻyadi. Jamoa boʻlib yashovchi Asalarisimonlar tuzilishi va bajaradigan vazifalariga binoan bir-biridan farq qiladigan individlardan tashkil topadigan oilani hosil qiladi (tukli arilar, asalarilar, kakku arilar). Tukli arilar va asalarilar oilasi bitta yirik ona ari, juda koʻp voyaga yetmagan ishchi arilar, bir necha erkak arilardan iborat. Kakku arilar paxmoq arilar uyasiga kirib olib, onalarini oʻldiradi va uning katakchalariga oʻz tuxumini qoʻyadi. Asalarisimonlarning hayoti yopiq urugʻlilar hayoti bilan chambarchas bogʻliq. Evolyutsiya davomida oʻsimliklar bilan Asalarisimonlar bir-biriga katta taʼsir koʻrsatgan. Arilarda gulni changlatib, gul changi va nektarini yigishga imkon beradigan moslashuv belgilari paydo boʻlgan. Oʻsimliklarda esa changlatuvchi hasharotlarni jalb kiladigan belgilar (nektar ishlab chikaruvchi bezlar, gul rangi, hidi) rivojlangan. Asalarisimonlar gullarni changlatib, oʻsimliklarning hosildorligini oshirishga yordam beradi.