ANTISEPTIK VOSITALAR (anti… va yun. septikos — chirish) tibbiyotda — teri, gavda boʻshlioʻlari, jarohat yuzasi va b. joylardagi kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblarga nisbatan kushandalik xususiyatiga ega moddalar. Ular odamga unchalik taʼsir qilmaydi, asosan dezinfeksiyalash, teri va shilliq pardalarga surtish, jarohatlar va gavda boʻshliqlarini chayish uchun ishlatiladi. Antiseptik vositalarga galogenli (xlor, yod va b.) birikmalar, xloramin, pantotsid, Lyugol eritmasi; yodning spirtdagi eritmasi, yodoform va b. oksidlovchilar (kaliy permanganat, vodorod peroksid), simob (sulema, simobli mazlar) va kumush (lyapis, protargol va b.) birikmalari, spirtlar, fenollar (karbol kislota va b.), baʼzi boʻyoqlar (rivanol, metilen koʻki, brilliant yashili va b.) kiradi. Texnikada — yogʻoch materiallarni chirishdan asrash, ularning mustahkamligini kamaytiruvchi zamburugʻlardan saqlash uchun ishlatiladigan moddalar. Antiseptik vositalar moysimon, suvda eruvchan va erimaydigan xillarga boʻlinadi. Yogʻoch buyumlar yoki materiallarga, koʻpincha, antiseptik suyuqliklar shimdiriladi yoki ularning sirtiga maxsus pastalar surtiladi. Mas, bitum pastalari qurilishda keng tarqalgan. Bitum pastasi II yoki III markali neft bitumini 90 — 100° t-rada eritib, unga neft moyi, natriy ftorid va torf yoki mineral kukunlari qoʻshib olinadi. Qurilishda ammoniy ftorid, rux xlorid singari materiallar koʻp ishlatiladi. Suvda erimaydigan, ammo organik erit-malarda eritib ishlatiladigan Antiseptik vositalarga pentaxlorfenol, betanaftollar va termoplastik materiallardan petrolatum kiradi. Antiseptik vositalar shpallari, telegraf ustunlari, gidrotexnika inshootlaridagi yogʻoch qismlarga shimdiriladi.