AORTA (yun. aorta) , shotomir — odam va hayvonlar organizmidagi eng katta, uzun yagona qon tomiri. Yurakning chap qorinchasidan chiqib organizmning barcha aʼzolari va toʻqimalariga tarmoqlanadi. Aorta devori qalinroq boʻlib, asosan elastik toʻqimadan tuzilgani uchun chap qorinchadan otilib chiqqan qon bosimiga chidamli va kengayish xususiyati rivojlangan. Aorta yuqoriga koʻtariluvchi ravoq va pastga tushuvchi qismlardan iborat. Pastga tushuvchi qism koʻkrak va qorin A. siga boʻlinadi. Qorin Aortasi IV bel umurtqasi roʻparasida oʻng va chap umumiy yonbosh arteriyalarga ajraladi. Aortaning boshlanishidan oxirigacha boʻlgan qismidan chiqqan arteriya tolalari butun organizm toʻqimalari va aʼzolarini qon b-n taʼminlaydi.