ANXOY, Anxuey — Xitoy sharqidagi provinsiya, Yanszi daryosi boʻyida. Mayd. 140 ming km2. Aholisi zich, 56 mln. kishi (1990). Anxoyning Yanszi daryosidan shim. dagi, yaʼni Buyuk Xitoy te-kisligidagi qismi pasttekislik, jan. qismi togʻlik. Iqlimi subtropik kontinental, musson taʼsiri kuchli. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 0° dan 4° gacha, iyulning oʻrtacha t-rasi 28°. Koʻp yerlarda yiliga 1000 — 1500 mm, Xuayxe daryosidan shim. da 600 — 700 mm yogʻin yogʻadi. Daryolari koʻp, yiriklari Yanszi, Xuayxe. Tuprogʻi unumdor. Dehqonchilikda gʻalla ekinlari, ayniqsa sholikorlik katta oʻrin tutadi. Xuayxe daryosidan shim. da bugʻdoy, makkajoʻxori, tariq, indov, rami, tamaki, loviya, paxta, togʻ yon bagʻirlarida choy ekiladi. Choy, tamaki va sholi yetishtirish jihatidan A. Xitoy provinsiyalari orasida 3-oʻrinda turadi. Choʻchqachilik, oʻrmon xoʻjaligi, konchilik sanoati va metallurgiya rivojlangan. Anxoyda toshkoʻmir (Xuaynan), temir rudasi (Dantu), mis (Tunguanshan), achchiqtosh, oltingugurt, fosforit qazib chiqariladi. Bir necha elektr st-ya va issiqlik elektr markazlari bor. Dantu sh. yaqinida metallurgiya z-di, Uxu sh. da kemasozlik korxonalari, Xefey, Banbu sh. larida q. x. mashinasozligi va metallsozlik, bir qancha joylarda tegirmon, objuvoz, yogʻ, choy, ip gazlama, qogʻoz korxonalari bor. Barcha yuklarning 2/3 qismidan koʻprogʻi daryo va koʻllarda tashiladi. Asosiy portlari: Uxu, Yuysikou (Yanszi boʻyida), Banbu (Xuayxe boʻyida). Maʼmuriy markazi — Xefey.