AVGUSTIN Avreliy, Avliyo Avgustin (Augustinus Sanctus) (354, Tagast sh., Shim. Afrika — 430, Gippon sh., Shim.
Afrika) — xristian dini ilohiyotchisi, «cherkov otalari»dan, adib, faylasuf. Katolitsizm aqidalarining shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan. Gippon sh. uskufi (yepiskopi) martabasiga erishgan. Diniy-falsafiy ruhdagi qator vaʼz va risolalari saqlanib qolgan. Ulardan mashhurlari:
1) «Tavba» (400-y.);
2) «Ilohiy shahar haqida» (413-427y. lar; 22 kitobdan iborat). «Ilohiy shahar haqida» asarining yozilishiga Rim imperiyasi poytaxti gotlar tomonidan bosib olinib, vayron qilinishi turtki boʻldi. Asarda bu vayrongarchilik rimliklar asrlar mobaynida oʻzga xalqlarga nisbatan oʻtkazgan bosqinchilik va zuravonlik siyosati uchun xudo tomonidan yuborilgan jazo sifatida talqin qilinadi. Asarning 10 ta kitobi Rim tarixiga, 12 ta kitobi insonlar jamiyati va davlatning mohiyatiga bagʻishlangan. Avgustin dunyoni ikki saltanatga boʻladi:
1) «zamin shahri» — yovuzlik, zoʻravonlik va shayton saltanati; 2)»ilohiy shahar» — ezgulik va rahmon saltanati. Birinchisi — inson xudbinligi asosiga qurilgan va ilohiylikni rad etadi, ikkinchisi — ilohiy mehr asosiga qurilgan boʻlib, insonning moddiy ehtiyojlardan yuz oʻgirishini taqozo qiladi. Avgustin taʼlimotiga koʻra, «ilohiy shahar» ning yer yuzidagi timsoli masihiy cherkovidir, unga samoviy cherkovga tayyorgarlik vositasi sifatida qaralmogʻi lozim. Avgustin qadimgi yunon mushriklik davri qadriyatlarini masihiylik nuqtayi nazaridan keskin tanqid qiladi, inson oʻz irodasi bilan ezgulikka erisha olmaydi, inson gunohlardan faqat xudoning inoyati va cherkov tufayli forigʻ boʻladi, deb hisoblaydi. Avgustin fikriga koʻra, «yagona tangri barcha goʻzallikning haqiqati va eng oliy goʻzalliqdir». A. «eʼtiqodsiz bilim ham, haqiqat ham yoʻq», deb hisobladi. Avgustin taʼlimoti Yevropada deyarli ming yil davomida ilmfanning cherkovga tobe holda qolishiga muayyan darajada nazariy zamin boʻldi va cherkov hokimiyatining qudratli kuchga aylanishiga koʻmaklashdi.