AZOT TOʻPLOVCHI MIKROORGANIZMLAR, azotfiksatorlar — atmosferadagi molekulyar azot (N2) ni oʻzlashtiruvchi va uni organik birikmalarga oʻtkazuvchi mikroorganizmlar. A. t. m. ga dukkakli oʻsimliklar (beda, sebarga, noʻxat va b.) bilan simbioz hayot kechiruvchi Phisobium turkumiga mansub bakteriyalar (q. Tuganak bakteriyalar) kiradi. Dukkakli oʻsimliklar eqilgan har bir gektar maydonda yiliga 100 — 250 kg va undan ortiq atm. azoti toʻplanadi. Beda ildizida toʻplangan biologik azot tuproq unumdorligini oshiradi, tuproq tarkibidagi chirindi miqdorini koʻpaytiradi, tuproqning gidrolitik kislotaligini pasaytiradi. Dukkaksiz oʻsimliklar (qandogʻoch, jiyda va b.) ildizida tuganaklar hosil qiluvchi aktinomitsetlar ham Azot toʻplovchi mikroorganizmlar hisoblanadi. Baʼzi azot toʻplovchi bakteriyalar ayrim tropik oʻsimliklar bargi toʻqimalarida tuganaklar hosil qilib rivojlanadi. Tuproqda va suv havzalarida erkin yashovchi sporali anaerob bakteriya — klostridium, aerob sharoitda yashovchi mikroorganizmlar — azotobakter (q. Azotobakteriya), oligonitrofillar (azotsiz oziqmuhitida yashovchi bakteriyalar) ham azot toʻplovchi faol mikroorganizmlarga kiradi. Koʻk-yashil suvoʻtlarning koʻpchilik turlari (Nostoc, Anabaena va b.), ayrim toʻq-qizil oltingugurt bakteriyalar va yashil bakteriyalar ham aktiv A. t. m. dir. Azot toʻplovchi koʻk-yashil suvoʻtlarning 80 turi maʼlum boʻlib, 45 turi Oʻrta Osiyo tuproqlari va suv havzalarida tarqalgan. Ayrim zamburugʻ turlari, achitqilar, spiroxetlar va b. ham atm. azotini toʻplashda ishtirok etadi. Azot toʻplovchi mikroorganizmlar tabiatda azotning aylanishida, xususan oʻsimlikni oʻzlashtira olish mumkin boʻlgan azot bilan taʼminlashda, yaʼni atm. azotini oʻsimliklar foydalanadigan koʻrinishga keltirishda katta ahamiyatga ega (q. Azotfiksatsiya).