AZOTFIKSATSIYA

AZOTFIKSATSIYA, azot toʻplash — mikroorganizmlarning molekulyar azotni oʻzlashtirib, undan azotli birikmalar hosil qilish jarayoni. Asosiy azot toʻplovchi mikroorganizmlar tuganak bakteriyalardir. Ularga dukkaklilarda va b. oʻsimliklar bilan simbioz yashab, atmosfera azotini oʻzlashtiruvchi bakteriyalar hamda koʻk-yashil suvoʻtlar, azotobakter, aktinomitsetlar, klostridiyalar vakillari va b. tuproq bakteriyalaridan iborat erkin yashovchi mikroorganizmlar kiradi. Molekulyar azotni biologik oʻzlashtiruvchilardan ratsional foydalanish hosilni oshirishga va mineral oʻgʻitlardan tejamli foydalanishga imkoniyat yaratadi.

Fransuz olimi J. Bussengo yuksak oʻsimliklar, mas, dukkaklilar bilan simbioz holatda yashovchi azot toʻplovchilar ustida birinchi aniq tajribalar oʻtkazgan (1838). Ingliz olimlari G. Gelriger va G. Vilfart oʻz ilmiy ishlarida dukkakli oʻsimliklar ildi-zidagi soʻgalsimon oʻsimtalar bilan oʻsimlikning erkin azotni toʻplashi oʻrtasida bogʻliqlik borligini isbotlab berdilar (1888). 1866-y. da rus olimi M. S. Voronin tuganak toʻqimalaridagi mikroskop tanachalarni tavsiflab bergan. Golland mikrobiologi M. Beyerink 1888-y. da tuganak bakteriyalarni toza holda ajratib olgan. U tuganak bakteriyalar molekulyar azotni oʻzlashtirib, tuganaklar hosil qilishini asoslab berdi. Rus olimi S. N. Vinogradskiy 1893-y. da birinchi boʻlib azot toʻplovchilarni toza holda ajratib olishga muvaffaq boʻldi. Bu Clostridium pasteurianum deb atalgan spora hosil qiluvchi anaerob tayoqchalar edi (q. Anaeroblar). M. Beyerink 1901-y. da molekulyar azotni oʻzlashtirish qobiliyatiga ega boʻlgan aerob bakteriya — Azotobacter ni kashf qiladi (q. Aeroblar).

Toza bakteriyalar gazsimon azotni oʻzlashtirmaydi. Bu jarayon faqat yuksak oʻsimliklar bilan simbioz holatda yuz beradi. Bakteriyalar oʻsimlik sintez qilgan organik birikmalar b-n, oʻsimliklar esa oʻz navbatida tuganaklardagi bogʻlangan azot birikmalari bilan oziqdanadi. Boglangan azot tuganaklardan aminokislota shaklida oʻsimlikning yer ustki qismiga oʻtadi. Oʻzlashtirilgan azotning bir qismi ildiz orqali tuproqqa oʻtadi. Unumli azot toʻplanishini taʼminlovchi dukkakli oʻsimliklar bilan tuganakli bakteriyalar oʻrtasidagi munosabat maʼlum tadbirlar majmuasi (optimal namlik, yaxshi aeratsiya, t-ra, rN, harakatchan fosfor, kaliy, mikroelementlarning boʻlishi va b.) yordamida amalga oshadi. Gʻoʻza — beda almashlab ekishda beda tuganak bakteriyalari har gektarda 100—150 kg azot toʻplaydi.

Ergash Ziyamuhamedov.


Lotin alifbosida maqola: AZOTFIKSATSIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AZOT TOʻPLOVCHI MIKROORGANIZMLAR
AZOTLI OʻGʻITLAR
ATMOSFERA
AVIATSIYA
AKADEMIK


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты