AYTMATOV Chingiz Toʻraqulovich (1928.12.12, Qirgʻiziston, Shakar qishlogʻi) — qirgʻiz yozuvchisi, davlat, jamoat arbobi, diplomat. Qirgʻiziston xalq yozuvchisi (1968). Qirgʻiziston FA akad. (1974). Qirgʻiziston q. x. in-tini tamomlagan (1953). 1956 — 58 y. lari Moskvadagi yozuvchilar uyushmasi Oliy adabiyot kursi tinglovchisi. Asarlarini qirgʻiz va rus tilida yozadi. Ilk hikoyalari 1950-y. larda bosilgan. «Baydamtol sohillarida» (1955), «Yuzmayuz» (1957) asarlari oʻtkir syujet, kuchli ichki ruhiy ziddiyatlarga boy. «Jamila» (1958), «Sarvqomat dilbarim» (1961), «Boʻtakoʻz», «Birinchi muallim» (1962), «Momo yer», «Somon yoʻli» (1963), «Alvido, ey Gulsari» (1966) kabi qissalarida muhabbat mavzui katta ehtiros bilan tarannum etilgan. Aytmatovning «Togʻ va choʻl qissalari» turkumiga kirgan asarlari yuksak baholandi. Aytmatovning «Oqkema» (1970) qissasida insoniy goʻzallik, ezgulik va hayot ziddiyatlari, ekologiya muammolari teran tadqiq etiladi. «Oq kema» kinofilmi ham asar kabi shuhrat qozondi. «Dengiz yoqalab chopayotgan olapar» (1977) qissasida muhim maʼnaviy masalalar, shoʻro davridagi hayotning mashʼum manzaralari oʻz ifodasini topgan.
«Asrga tatigulik kun» (1980), «Qiyomat» (1986), «Kassandra tamgʻasi» (1990) romanlarida zamonamizning umuminsoniy tomonlari, ona Sayyoramizning taqdiri, kuchli falsafiy, axloqiy va ijtimoiy muammolar koʻtarilgan. Oʻtmishini unutgan, hissiz, hamma narsaga loqayd, itoat-u, buyruqni bajarishdan boshqa narsani bilmaydigan, tuygʻu, noziq hissiyotlari soʻngan manqurt obrazi tasviri Aytmatov ijodining muhim qirralaridan biri boʻldi.
Aytmatovning «Choʻqqida qolgan ovchining ohi zori» (M. Shoxonov bilan hamkorlikda) asari maʼnaviyatga bagʻishlangan. Aytmatov prozasida ruhiyat tahlili anʼanaviy folklor, mifologiya, obrazlilik bilan uygʻunlashib ketadi. Unda masal, ramziylikka moyillik sezilarli darajadadir.
Aytmatov «Inostrannaya literatura» (Moskva) jurnaliga muharrir (1980 — 90), 1990-y. dan sobiq SSSRning, soʻng RFning, 1991-y. dan Qirgʻiziston Respublikasining Lyuksemburg, Belgiyadagi elchisi. Aytmatov tashkil etgan «Issiqkoʻl forumi» xalqaro tinchlik harakati, muhim ijtimoiy masalalarni hal etishda samarali taʼsir oʻtkazmoqda. Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi Prezidenti (1995). Aytmatovning asarlari jahonning 154 tiliga tarjima qilinib, 20 mln. dan ortiq nusxada chop etilgan (1999). «Sarvqomat dilbarim» («Dovon»), «Boʻtakoʻz» («Jazirama»), «Birinchi muallim», «Jamila», «Alvido, ey Gulsari» va b. ekranlashtirilgan, oʻzbek va chet el teatrlarida sahnalashtirilgan. «Momo yer» asariga I. Akbarov musiqa yozgan. Aytmatovning qariyb hamma asarlari oʻzbek tilida nashr etilgan. Aytmatov oʻzbek adabiyoti, umuman, oʻzbek madaniyati tarixini yuksak baholab, «Qadim-qadim oʻzbek madaniyatining Oʻrta Osiyoga koʻrsatgan taʼsirini koʻhna Vizantiyaning Qadim Rusga koʻrsatgan taʼsiri bilan qiyoslash mumkin», deb hisoblaydi. Aytmatov Oʻzbekiston Respublikasining «Doʻstlik» (1995), «Buyuk xizmatlari uchun» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan. Qirgʻiziston Respublikasida Xalqaro Chingiz Aytmatov nomidagi «Oltin medal» mukofoti taʼsis etilgan (1999).
As: Tanlangan asarlar [ikki jildli], T.. 1978; Aytmatov Ch.: Stati, vыstupleniya, dialogi, intervyu, M., 1988; Asrga tatigulik kun; Qiyomat, romanlar, T., 1998.
Ad.: Mirza-Axmedova P. M., Natsionalnaya epicheskaya traditsiya v tvorchestve Chingiza Aytmatova, T., 1980; Gachev G., Chingiz Aytmatov i mirovaya literatura, Frunze, 1982; Axmataliyev Aytmatov A, Chingiz Aytmatov i vzaimosvyazi literatur, Bishkek, 1991.