ANQARA JANGI — Amir Temur va usmonli turk sultoni Boyazid I Yildirim qoʻshinlari oʻrtasida Anqara yonida boʻlib oʻtgan ulkan jang (1402-y. 20 iyul). Unda Amir Temurning taxm. 200 ming, Turkiya sultonining 160 ming askari qatnashgan. Ushbu jangning sodir boʻlishiga asosan quyidagi omillar sabab boʻlgan: Iroq, Shom, Dashti Qipchoq, Xuroson, Hindiston, Jeta singari mamlakatlarni oʻziga itoat ettirishga muvaffaq boʻlgan Amir Temur oʻz saltanatining jan.-gʻarbiy hududlariga yaqin joylashgan Bolqon ya. o. va Kichik Osiyoda barpo etilgan qudratli Usmonlilar davlatining kuchayib ketayotganligidan xavotirda edi, chunki Gʻarbiy Yevropa ritsarlaridan tashkil topgan katta armiyani tor-mor etgan, Bolqon davlatlarini egallagan usmoniy turklar Amir Temurga taalluqli viloyatlarga ham tahdid sola boshlagan edi. Tarixning guvohlik berishicha, Amir Temur oʻz qoʻshini bilan Sharqiy Anadolu sarhadlariga 1386-y. qadam qoʻygan va Arzinjon sh. yaqinida turklarning katta harbiy kuchlarini magʻlub etgan. 1395-y. Sohibqiron bu oʻlkalarga ikkinchi bor yurish qiladi, Sivosni qoʻlga kiritadi.
Amir Temur Anqara jangiga qariyb ikki yildan ortiq tayyorlanadi: 1399-y. Rumga yuzlanadi va Boyazid tomonidan fath qilingan Kamoh qalʼasini qamal qiladi. Kamoh fath etilgach, koʻp fursat oʻtmay Amir Temur Anqarani qamal qiladi. Sohibqironning bu harakati aslida taktik tadbir boʻlib, tajribali sarkardaning asosiy maqsadi Boyazidni asosiy kuchlarini shahar mudofaasiga tashlashga majbur etib, soʻng unga qaqshatqich zarba berish edi. Toʻqat sh. yonida asosiy harbiy kuchlari bilan turgan Boyazid I Sohibqiron askarlarining Anqarani muhosara qilganligidan xabar topadi va qamaldagilarga koʻmak berishga oshiqadi. Amir Temur Anqara qamalini bekor qiladi va raqibini kutib olish taraddudini koʻradi. Qoʻshin qismlarini janggohning (Chibukobod degan yerda) qulay yerlariga joylashtiradi. Lashkargoh atrofida xandaklar qazilib, xavfsizlik choralari koʻriladi. Natijada Boyazid I qoʻshini oʻzi uchun oʻta noqulay shart-sharoitda jangga kirishga majbur boʻladi. Sulton qoʻshini ayniqsa, suv tanqisligi tufayli vujudga kelgan tashnalikdan qattiq azob chekadi. Sohibqiron qoʻshini oʻzining anʼanaviy jangovar tartibi — yasodda harakat qiladi. Qoʻshinning qirq qismdan tashkil topgan markazi — qoʻliga Amir Temur bevosita rahbarlik qiladi. Soʻl qoʻl — juvangʻarga Shohrux mirzo va Xalil Sulton mirzo, juvangʻar hiravuli — ilgʻoriga Sulton Husayn mirzo, oʻng qoʻl — barangʻarga Mironshoh mirzo, barangʻar hiravuliga Abu Bakr mirzo yetakchilik qiladi. Markaz — qoʻlning oʻng tarafida Umarshayx mirzoning oʻgʻli Ahmad mirzo, Toshtemir oʻgʻlon, Shohsuvor singari sarkardalar joylashadi. Qoʻlning chap tomonidan Jalol Islom, Tavakkal qarqara, Ali Muhammad kabi bahodirlar oʻrin oladi. Qoʻshinning saflari oldida 30 ta jangovar fil muhorabaga shay qilingan edi. Qarshi tarafda Boyazid I Rum va Farang mamlakatlaridan jamlangan cherikiga tartib berib, jangga hozir boʻlib turdi. Qoʻshinning oʻng qanoti — barangʻarda serb knyazi Stefan (Boyazid I ning qaynisi) 20 ming kishilik farangliklar b-n, chap kanoti — juvangarda esa Musulmon (Sulaymon) Chalabiy (Boyazid I ning oʻgʻli) Rum lashkari bilan saf tortib turdi. Sulton Boyazid I ning oʻzi qoʻshin markazida qolib, uch oʻgʻli Muso, Iso va Mustafolarni chagʻdavul (qoʻshin orti)ga qoʻydi. Jang Mironshoh mirzo qoʻl ostidagi barangʻarning dushman juvangʻariga qilgan shiddatli hujumi b-n boshlandi.
Boyazid I qismi amir Jahonshoh va amir Qora Usmon rahbarligidagi Geydar tomonidan qilingan hujumga bardosh bera olmay jang maydonini tashlab qochadi. Boyazid I qoʻshini saflarida paydo boʻlgan sarosimalikni payqagan Amir Temur barcha amirzodalar, umarolar, noʻyonlarning birgalikda dushmanga hujum qilishlariga hukm qiladi. Shiddatli toʻqnashuv uzoq va keskin davom etadi. Nihoyat, Sohibqiron kuchlarining qisuviga bardoshi qolmagan sulton askarlari chekina boshlaydi. Boyazid I qoʻmondonligidagi jangchilar soʻnggi damgacha qarshilik koʻrsatadilar. Yanicharlar bitta qolmay qirib tashlangandan soʻng Boyazid I va uning ikkinchi oʻgʻli Musoni Amir Temur tomonidan 1388-y. Chigʻatoy ulusi xonligiga koʻtarilgan Sulton Mahmudxon ibn Suyurgatmishxon asir oladi. Sohibqiron Boyazid I qoʻshinlarining qolgan-qutgan qismini taʼqib etib, Bursa, Izmirni egallaydi va Marmar dengizi sohillariga chiqadi.
Amir Temur tomonidan Boyazid I qoʻshinining tor-mor etilishi Usmonli turk saltanatining maʼlum muddatga zaiflashishiga sabab boʻldi. Konstantinopolning turklar tasarrufiga kirishini hamda ularning Markaziy va Gʻarbiy Yevropaga qilmoqchi boʻlgan yurishlarini birmuncha fursatga orqaga surdi.
Ad.:I6n Arabshoh, Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur, T., 1992; Shomiy Nizomiddin, Zafarnoma, T., 1996; Dadaboyev H., Amir Temurning harbiy mahorati, T., 1996.
Hamidulla Dadaboyev.