AMUDARYO

AMUDARYO — Turkiston oʻlkasidagi eng sersuv, yirik daryo. A. ni yunon va rimliklar Oksus yoki Oksos, arablar Jayxun, yerli xalqlar dastlab Oʻkuz, Balx, Vaxsh, soʻngra Amul deb ataganlar. Amudaryo quyi va oʻrta toʻrtlamchi davrda Qoraqum orqali oʻtib, Kaspiy dengiziga quyilgan, togʻlardan suv oqimi bilan keltirilgan oqiziqlarning yotqizilishi natijasida qumlar tarkib topgan. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy «Amudaryo tarixi» asarida yozib qoldirgan. Yuqori toʻrtlamchi davrda Amudaryo hoz. oʻzani boʻyichaoqqan. Mil. av. 10-mingyillikdan 2-ming yillikkacha Xorazm botigʻini va qisman Sariqamish botigʻini toʻldirgan. Oqimining bir qismi jan. ga oqib, hoz. Oʻzboʻy oʻzanini vujudga keltirgan va Kaspiy dengiziga quyilgan. Shu davrda Sariqamish boʻyi deltasi tarkib topgan.

Mil. av. 3-va 2-ming yilliklar orasida Amudaryo hoz. Tuyamoʻyin qisigʻidan shim. ga Oqchadaryo oʻzanida oqib Orol dengiziga uning jan.-sharqidan quyilgan va Oqchadaryo deltasi tarkib topgan. Mil. av. 2 – va 1-ming yilliklarda Amudaryo hoz. yoʻnalishda, yaʼni Orol dengiziga jan. dan quyila boshlagan. Mil. av. 1-ming yillikning oʻrtasida hoz. Orol boʻyi Amudaryo deltasi (Orol boʻyi deltasi) vujudga kela boshlagan. Oʻsha vaqtdan A. Orol dengiziga quyilmoqda. Baʼzan oqimining bir qismi Sariqamish koʻliga ham borib turgan. 13-a. da moʻgʻul bosqinchilarining Xorazm davlatiga hujumi vaqti (1220) da Amudaryoning chap qir-gʻogʻidagi damba va toʻgʻonlar buzib tashlangan, natijada Amudaryo suvi yana Dovdan va Daryoliq quruq oʻzanlari orqali Sariqamish botigʻiga oqqan. Keyinroq toʻgʻon va dambalar tiklangach, Amudaryo yana avvalgi oʻzani orqali Orol dengiziga quyila boshlagan. 14-a. da oʻzaro urushlar sababli qirgʻogʻidagi inshootlar buzilgan, suv yana Sariqamishga oqqan, Oʻzboʻy oʻzanida suv hatto Kaspiy dengiziga yoʻnalgan. 17-a. boshida Amudaryoning chap qirgʻogʻidagi toʻsiqlar yana qayta tiklanishi bilan suv eski oʻzani orqali oqa boshlab, 18—19-a. larda baʼzan oqimning bir qismi Sariqamishga oqqanligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Amudaryo yuqori qismida Tojikiston va Oʻzbekistonning Afgʻoniston b-n chegarasidan oqadi. Amudaryoning uz. 2540 km (Vahjir — Vohondaryo bilan birga), havzasining mayd. qariyb 465 ming km2, shundan 227,3 ming km2 suv toʻplaydigan togʻli qismiga toʻgʻri keladi. A. Afgʻonistonda Hindukush togʻlarining shim. yon bagʻridan 4950 m balandlikdagi muzlikdan boshlanadi; Vohondaryo Pomirdagi Zoʻrkoʻldan chiqib keladigan Pomir daryosi bilan qoʻshilgandan keyin Panj deb ataladi. Panjga oʻngdan Gʻunt, Bartang, Yazgʻulom, Vanj, Qizilsuv irmoklari kelib qoʻshiladi, nihoyat, eng yirik va sersuv irmogʻi — Vaxsh daryosi qoʻshilgandan soʻng Amudaryo nomini oladi; bu qismida unga yana chapdan Qunduzdaryo, oʻngdan Kofarnixon, Surxondaryo qoʻshiladi. Sheroboddaryo suvi esa Amudaryoga ahyon-ahyonda yetib boradi, undan gʻarbdagi Koʻhitangdaryo suvi ham yoʻl-yoʻlakay sugʻorishga sarf boʻladi. Surxondaryo quyilgandan keyin Amudaryoga to Orol dengiziga yetguncha 1200 km dan ziyod masofada boshqa irmoq qoʻshilmaydi. Zarafshon bilan Qashqadaryo esa Amudaryoning qad. irmoqlari boʻlib, ularning suvi butunlay sugʻorishga sarflanadi.

Amudaryoning asosiy suv rejimi uning yuqori, togʻli qismida shakllanadi. Bu joyda Amudaryo tor, baʼzan chuqur va nishabi katta oʻzandan oqadi. Oʻzan oʻrta hisobda har bir km ga 4 m dan (ayrim joylarda esa 10 m dan ham koʻp) pasayib boradi. Shu tufayli daryo juda tez oqadi, oqimning tezligi 4—6 m3/sek. Daryo vodiysi ham tor, u Pomir togʻ sistemasiga kiruvchi tik koʻtarilgan qoyali togʻlarni aylanib oʻtadi. Togʻ oralaridan joʻshqin irmoqlar kelib qoʻshiladi. Vodiy eni 3—4 km dan oshmaydi, baʼzi joylardagina uchraydigan qayirlar koʻpincha toʻqayzor. Qizil-suv, Vaxsh, Kofarnihon, Surxondaryo quyiladigan joylarda daryo vodiysi kengaygan va bu yerlarda oqindi jinslardan tarkib topgan terrasalarda dehqonchilik qilinadi, baʼzan terrasalar qalin toʻqayzorlardan iborat.

A. Surxondaryo qoʻshilgandan soʻng te-kislikdan oqa boshlaydi va taxm. Karkidan Pitnakkacha boʻlgan oraliqni daryoning oʻrta oqimi deb hisoblash mumkin. Daryo tekislikka chiqqach, Qoraqum va Qizilqum choʻllaridan oʻtib, Orol dengiziga quyiladi. Oʻrta qismida oʻzanning oʻrtacha kengligi 1500 m. Daryoning tekislikdan oquvchi qismida nishabi kam (har bir km ga 0,2—0,3 m). Daryo oqimining tezligi kattaligidan (2—3 m/sek) oʻzan va qirgʻoqlarini muttasil yemiradi, shu sababli oʻzan doimo oʻzgarib turadi. Amudaryoning oʻrta va quyi oqimida, ayniqsa, Xorazm vohasi va Qoraqalpogʻistonda (Urganch, Ellikqalʼa) qirgʻoqlarning oʻpirilish hodisasi — deygish kuzatiladi. Keyingi davrda daryo oʻzanining yuvilishi ham kuzatilmoqda. 1990-y. lardan Amudaryo quyi oqimi Tuyamoʻyin suv ombori orqali boshqarilgach, bu yerlarda deygish hodisasining taʼsiri bir oz pasaydi.

Qishda daryoning yuqori oqimida asosan qirgʻoqqa yaqin joylari muzlab, shovush hosil boʻladi va qisqa muddat muz oqadi, Karki sh. yaqinida qish qattiq kelgan yillari esa 10—15 kun davomida daryo yoppasiga muzlaydi. Chorjoʻy sh. va undan quyida daryoning yoppasiga muzlashi undan ham uzoqrokdavom etadi. Nukus sh. dan kuyida esa daryo deyarli toʻrt oy davomida butunlay muzlaydi. Erta bahorda ayniqsa, oʻzan keskin burilgan va tor joylarda muz tiqilib suv sathi keskin koʻtariladi va baʼzan toshkinga sabab boʻladi.

Tekislikda Amudaryo vodiysining eni 10 — 15 km boʻlib, ayrim joylarda 20—25 km ga yetadi. Vodiy kengaygan joyda uchta terrasa vujudga kelgan. Daryoning past togʻlar orasidan oʻtgan joylarida vodiyning eni 350—380 m dan oshmaydi. Pitnak yaqinida Tuyamoʻyin, oʻrta oqimida Duldulhatlagan va Eljik qisiklari bor. Tekislik qismida daryoning har ikkala sohilida kumgildan tarkib topgan, eni 2—3 km keladigan kayirlar uchraydi.

Amudaryoning kuyi oqimi Pitnak yaqinidagi Tuyamoʻyin qisigʻidan to Orol dengiziga qadar boradi, quyi oqimining uz. 500 km, shundan 325 km Nukus bilan Orol dengizi oraligʻiga — daryoning hoz. deltasiga toʻgʻri keladi (q. Amudaryo deltasi).

Amudaryo sersuv daryo, muzlik va korlardan suv oladi, havzasida 1000 ga yaqin muzlik (shu jumladan, Yer kurrasidagi eng katta togʻ-vodiy muzligi — Fedchenko muzligi) bor. Suv yigʻish havzasida katta maydonlarni qor dalalari egallagan.

Amudaryoda eng koʻp suv oqimi iyun — iyulda, eng kam oqim dek. — martda sodir boʻladi. Qish mavsumida faqat grunt va zovur suvlari hisobiga toʻyinadi. Eng koʻp suv okimi Karki sh. yaqinida 9180 m3/sek (98,7 km3, 1969), eng kam suv okimi oʻsha joyda 465 m3/sek (1930) qayd etilgan. Oʻrtacha koʻp yillik (1926—73 y. lar) suv oqimi Karki sh. yaqinida 68,1 km3 ga teng. Daryoning toʻlinsuv (41 km3) davri may — iyulda yuz beradi; apr. — sent. da oqim 12 km3, kuz va qishda oqim birmuncha tekisroq taqsimlanadi, novegetatsiya davrida oqim 15 km3 (yoki butun okimning 22%)ni tashkil qiladi. Amudaryoda okimning miqdori Orol havzasida havo massalarining regional sirkulyatsiya xarakteriga bogʻliq, yogʻin har 4—5 yilda kamroq tushib, har 6—10 yilda koʻproq boʻlishi aniqlangan. Amudaryo havzasida eng soʻnggi suv taqchilligi davri 1995-y. dan boshlandi va 2002-y. gacha davom etishi mumkinligi bashorat qilinmoqda.

60-y. lardan suv xoʻjaligi va sugʻorish ishlarining jadal rivojlanishi natijasida Amudaryo oqimi tartibi va miqdori keskin oʻzgara boshladi. Mac, 60-y. largacha oʻrtacha yillik oqim miqdori Karki sh. yonida 2080 m3/sek, quyi oqimi (Chatli)da esa 1500 m3/sek ni tashkil etgan. 80-y. larda ulardagi suv sarflari Karki sh. yonida 1850 m3/sek va Chatlida 170 m3/ sek ga teng boʻldi. Amudaryoning Orol dengiziga kuyilishiga yaqin qismida joylashgan Qiziljar kuzatuv manzilida undan ham kam (160 m3/sek) suv miqdori kayd etilgan. 90-y. larning 1-yarmida Orol dengizini qutqarish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Amudaryo deltasiga kelayotgan suv miqdori 1995-y. gacha birmuncha ortdi (yiliga baʼzan 24,2 km3 gacha).

Amudaryo suvi tabiiy holatda (60-y. largacha) apr. — avg. da koʻpaygan. Lekin koʻplab yirik suv omborlari (Norak, Tuyamoʻyin va b.) qurilishi daryo suvining maʼlum darajada kamayishiga olib keldi.

60-y. largacha Amudaryo suvi nihoyatda loyqa, oʻrta hisobda har bir m3 suvda 3740 g oqizik boʻlgan; oʻrtacha yillik oqiziqlar miqdori Karki yonida 210 mln. t, deltada esa 100 mln. t ga yetgan. Ular sugʻorish tizimlari va dalalarda choʻkib qolgan. Amudaryoning oqiziqlarida oʻsimliklar uchun oziq boʻlgan ohak, kaliy, fosfor kabi mineral moddalar bor. Yirik suv omborlari qurilishi natijasida daryo suvining loykaligi keskin kamaydi. 80-y. larning 2-yarmi — 90-y. larning boshlarida loyqa miqdori yiliga Karki yonida 90 mln. t ga, quyi i oqimi (Chatli) da esa 18 mln. t boʻldi. Amudaryoning suv rejimi antropogen omillar taʼsirida oʻzgarmagan davrida daryo har yili dengizga qariyb 18 mln. t tuz keltirgan. Hoz. kunda bu miqdor keskin kamaydi, lekin umumiy okim miqdorining kamayishi hisobiga daryo suvining minerallashuv darajasi ancha ortdi.

Amudaryo havzasidagi vohalardan zovur tashlamalari (yiliga oʻrtacha 20 km3) ning qariyb yarmi daryoga oqizilishi suv shoʻrligining ortishiga sabab boʻlmoqda. Surxondaryo Amudaryoga quyilgandan soʻng suvning minerallashuv darajasi oʻrtacha 0,4—0,6 g/l ga, Tuyamoʻyin gidrouzelidan soʻng 1,0—1,2 g/l, Chatli — Temirboy oraligʻida esa 1,4—2,5 g/l ga ortib bormoqda. Daryo suvining minerallashuv darajasi mart — apr. da zovur suvlari hisobiga yuqori boʻladi, yezda esa qor va muzliklarning erishi bilan keskin kamayadi. Amudaryo oʻzaniga minerallashgan suv asosan Qarshi vohasi (7,7 g/l), daryoning Turkmaniston sohilidagi sugʻoriladigan yerlardan (3,5 g/l), Buxoro vohasidan (3,5 g/l) tushadi. Amudaryoga tushayotgan zovur va korxonalar oqova suvlarida sulfat va xlor, magniy, natriy tuzlarining salmogʻi ancha ortgan. Tadqiqot natijalariga koʻra A. suvi tarkibida azot nitrati, neft mahsulotlari, fenol, mis, rux, pestitsidlarning miqdori ruxsat etilgan meʼyor (REM) dan bir necha (2—5) baravar koʻpligi aniqlandi. Ifloslangan suv Amudaryoning Termizdan Orol dengizigacha boʻlgan qismiga toʻgʻri keladi. Suvning ifloslanganligi Zarafshon, Qashqadaryo, Quyi Amudaryo vohalaridagi aholi orasida 70-y. lardan boshlab turli kasalliklarning tarqalishiga, chorva mollarining nobud boʻlishiga olib kelmoqda. Tuyamoʻyin suv omboridan olingan suv pestitsid, kimyoviy moddalardan tozalanib, minerallashuv darajasi 0,6 — 0,8 g/l gacha kamaytirilgach, Nukus, Urganch, Toshhovuz sh. lariga quvurlar or-qali uzatilmoqda.

Amudaryo suvining tozaligini muhofaza qilish uchun daryoning oʻng sohili boʻylab maxsus tashlama — Shoʻrdaryo qurilishi loyihalangan. Loyihada Surxondaryo, Qarshi, Buxoro, Qoraqalpogʻiston va b. vohalarning zovur suvlarini tashlama orqali Orol dengiziga oqizish moʻljallangan. Shoʻrdaryoni qazish Buxoro viloyatida boshlandi.

Amudaryoning sugʻorishda ahamiyati juda katta. Chorjoʻy va Xorazm vohalarida yerlar qadimdan sugʻorilib, dehqonchilik qilib kelinadi. Amudaryoning suv zaxiralaridan keng miqyosda foydalanish 80-y. lardan avj olib ketdi. Amudaryoning yuqori qismida Vaxsh, Kofarnihon, Surxondaryo kabi irmoqlaridan kanallar chiqarilib, Tojikiston va Oʻzbekistonda yangi yerlar oʻzlashtirildi. Amudaryoning oʻrta oqimida 1954-y. da Qoraqum kanali qurilishi boshlandi. Buxoro yerlarini Amudaryo suvi bilan sugorish uchun Amu-Qorakoʻl kanali, Amu-Buxoro mashina kanali, Qarshi magistral kanali qurildi.

Amudaryo quyi qismida Toshsoqa, Shovot, Qilichniyozboy, Qipchoq-Boʻzsuv, Suenli, Paxtaarna, Qizketken, Kegeyli, Quvonishjarma irrigatsiya tizimlarining taʼmirlanishi natijasida ayni vaqtda Taxiatosh gidrouzeli (1974) va Tuyamoʻyin gidrouzeli (1978) qurib bitkazildi, daryodan kanallarga suv olish hajmi koʻpaydi.

Hoz. kunda Amudaryoning eski oʻzanlari izidan Daryoliq va Koʻlli tashlamalari ishga tushirilgan. Xorazm vohasidan yer osti shoʻr suvlari Sariqamish koʻliga shu tashlamalardan oqizilmoqda. Tash-lamalar orqali Sariqamish botigʻiga yiliga 4,5—5,0 km3 suv tashlanmoqda. Amudaryoning quyi qismida 60-y. larda har birining uzunligi qariyb 100 km boʻlgan bir necha yirik kollektor-zovur tarmoqlari qurildi. Ularning oʻrtacha yillik suv sarfi qariyb 5 — 20 m/sek chamasida boʻlib, koʻpchiligi suvini Orol dengizining qurib qolgan qismiga quymoqda.

Amudaryo havzasida suv taqchilligining kuchayishi bilan suv zaxirasidan oqilona foydalanish muammosi tobora keskin lasha boshladi. Amudaryoning suv oqimini faqat mavsumlararo tartibga solishdan tashqari koʻp yillik suv oqimini ham tartibga solish zarur boʻldi. Buning uchun Amudaryo havzasining togʻli qismida Vaxsh daryosida Norak suv ombori (toʻliqsuv hajmi 10,5 km3, foydali suv sigʻimi 4,5 km3) ishga tushirildi. Loyihalangan Rogʻun suv ombori (toʻliq suv hajmi 14 km3, foydali suv sigʻimi 8,7 km3) va b. qurilishi daryo suvining koʻp yillik suv oqimini tartibga solishga imkon beradi.

1992-y. da Amudaryo va Sirdaryo suv resurslarini Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston davlatlari oʻrtasida barcha imkoniyatlarni toʻgʻri hisobga olgan holda taqsimlanishi uchun Amudaryo (Urganch sh. da) va Sirdaryo (Toshkent sh. da) havza suv xoʻjaligi boshqarmalari tashkil qilindi. Boshqarmalar yil boshida mazkur havzalarda joylashgan mamlakatlarning suvga boʻlgan talabini eʼtiborga olgan holda mavjud suv boyliklarini oʻzaro taqsimlaydi (chunki har yili havzalarda turli miqdorda suv resurslari vujudga keladi). Oʻrta Osiyo davlatlari va Qozogʻiston suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish davlatlararo komissiyasi ham Amudaryodan foydalanish bilan shugʻullanadi.

Amudaryo havzasi ulkan gidroenergetika resurslariga ega. Jami gidroenergetika resurslari 63,2 mln. kVt ni tashkil qiladi. Havza boʻyicha mazkur gidroenergetika resurslarining 29,8% Panj, 38% Vaxsh, 5,6% Kofarnihon, 3,0% Surxondaryo, 1,0% Qashqadaryo, 5,4% Zarafshon, 17,1% A. havzalariga toʻgʻri keladi. Hozirgacha Amudaryo havzasidagi gidroenergetika resurslarining faqat 2% dan ziyodroq qismi amadda foydalanilmoqda. Ishga tushirilgan gidroinshootlarning eng kattasi Vaxsh daryosining Pulisangin darasida qurilgan Norak suv ombori va GESdir. 60-y. largacha Amudaryoda suv transporti keng yoʻlga qoʻyilgan edi. Lekin, keyingi yillarda Chorjoʻy — Qoʻngʻirot t. y. ni qurish hamda avtomobil yoʻllari tarmoqlarining rivojlanishi, ayni vaqtda daryoning sayozlanishi natijasida umumiy yuk tashishda Amudaryo suv transportining hissasi keskin kamayib ketdi.


Lotin alifbosida maqola: AMUDARYO haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMUDARYO DELTASI
AMIR TEMUR
AFRIKA
AVSTRALIYA
Bahriddin Zuhriddinov - Daryo


Добавить комментарий