ADVOKAT (lot. advocatus, advocare — yordamga chaqirish) — yuridik yordam koʻrsatuvchi shaxs. Jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv, tergov harakatlari yuritilganda va sud majlisida, fuqaroviy ishlar sudda, xoʻjalik nizolari xoʻjalik sudlarida yoki maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar sudya yoxud vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan koʻrilganda ishtirok etadi, qonunda belgilangan vakolatga ega boʻladi. OʻzR «Advokatura toʻgʻrisida»gi Qonunida (1996-y. 27 dek.) koʻrsatilishicha, oliy yuridik maʼlumotli va belgilangan tartibda advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olgan OʻzR fuqarosi OʻzRda Advokat boʻlishi mumkin.
OʻzR «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va avdokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida»gi Qonunida (1998-y. 25 dek.) A. lik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi, faoliyatining asosiy prinsiplari, Advokat qasamyodi, vakolatlari, mustaqilligini taʼminlash, daxleizligi, Advokatlik faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi va uning himoyalanishini taʼminlash, Advokatning ijtimoiy himoyasi choralari va b. belgilab berilgan.
Advokat jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam koʻrsatish maqsadida: huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonun hujjatlari yuzasidan ogʻzaki va yozma maʼlumotlar beradi; huquqqa oid arizalar, shikoyatlar va b. hujjatlarni tuzadi; fuqarolik ishlari hamda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sudda, boshqa davlat organlarida, jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshiradi; jinoiy ishlar boʻyicha surishtiruvda, dastlabki tergovda va sudda himoyachi; jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgarning vakili; agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchining man-faatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari oʻzaro mos kelmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tarafida ishtirok etish uchun qaror yoki ajrim bilan advokat sifatida katnashadi (Qonunning 5-modda l-qismi va OʻzR Jinoyat-protsessual kodeksi (JPK) 49-, 55-, 59-.60-, 62-moddalari). Advokat jinoyat ishi boʻyicha oʻz vazifasini amalga oshirish munosabati bilan bilgan maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas (OʻzR JPK 53-modda 3-qismi). Advokatura toʻgʻrisidagi Qonunda «advokat himoyachilik yoki vakillik vazifasini bajarayotganda oʻziga maʼlum boʻlib qolgan tafsilotlar yuzasidan guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emas»ligi qatiy belgilangan (10-modda 2-qism).
Advokat tadbirkorlik faoliyatiga va xoʻjalik nizolari toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha yuridik xizmat, qonun hujjatlarida man etilmagan boshqa turdagi yuridik yordam ham koʻrsatishi mumkin.
Advokat kasbiy faoliyatini amalga oshirish chogʻida quyidagi huquqlarga ega: tegishli masalalarni hal etishga vakolatli boʻlgan barcha organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning topshirigʻiga muvofiq ularning manfaatlarini ifoda etish va huquklarini himoya qilish; sudlarda, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqayotgan organlarda dalil sifatida foydalanishi mumkin boʻlgan faktlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash; yuridik yordam koʻrsatilishi munosabati bilan davlat organlaridan hamda jamoat birlashmalaridan zarur boʻlgan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar va b. hujjatlarni soʻrash va olish; unga vakolat bergan yoki uning himoyasida ish yuritayotgan sudga va b. davlat organlariga toʻplangan materiallarni taqsim etish; mansabdor shaxslarga iltimosnoma va shikoyat berish hamda ulardan yozma tarzda dalil-isbotli javob olish; qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish. Jinoiy ishni koʻrib chiqishda qatnashishga tayinlangan Advokat fuqaroning toʻlovga qobiliyatsizligini vaj qilib, unga yuridik yordam koʻrsatishdan bosh tortishga haqli emas. Advokat davlat xizmatida turishi ham mumkin emas. Qonunning 9-moddasida u A. lik sirini saqlashi shartligi alohida taʼkidlangan. Advokat oʻz kasbiy vazifalarini bajarayotganida unga biror-bir shaklda taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi, Advokatlik dalillari (ashyolari), hujjatlari undan olib qoʻyilishi yoki koʻzdan kechirilishi, shuningdek, oʻzi yuridik yordam koʻrsatayotgan shaxslar bilan uchrashish huquqi cheklanishi, uning ish yuzasidan huquqiy nazari xususida surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek, sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas.
Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar hamda xususiy Advokatlik amaliyoti bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslar mustaqil, koʻngilli kasbiy birlashmalarini oʻz ichiga olgan, advokatura nomi b-n ataluvchi huquq muassasasi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam koʻrsatadi (q. Advokatura).
«Advokatura toʻgʻrisida»gi OʻzR qonunida advokatning yordamchisi boʻlishi mumkinligi koʻrsatilgan.