AJABSANDA — bugʻda pishiriladigan quyuq taom. Pishirish usuli: katta va kichik 2 ta idish olinadi. Kichik idishga masalliq (toʻrtburchak qilib toʻgʻralgan kartoshka, toʻgʻralgan sabzi, pomidor, piyoz, sarimsoq, loʻnda-loʻnda toʻgʻralgan goʻsht-yogʻ) qavat-qavat qilib taxlanadi (qavatlarning har biriga loyiq tuz, murch, zira va kertilgan oshkoʻklar solinadi). Keyin masalliq idishi bilan katta idishdagi suvga qoʻyiladi. Kichik idish ochiq qolib, katta idish qopqogʻi jips yopiladi, 1,5—2 soat qaynatiladi. Ajabsanda xushxoʻr, bugʻda pishgani uchun yaxshi hazm boʻladi, masalliqlar tarkibidagi vitaminlar, mineral moddalar, har xil kislota va b. foydali moddalar saqlanib qoladi.
Ad.: Mahmudov K., Oʻzbek tansiq taomlari, T., 1989.