ARAGON — Ispaniyaning shim.sharqidagi tarixiy viloyat. 9-a. da Rekonkista jarayonida Aragon grafligi barpo etilgan. 1035-y. dan Aragon qirollik, 1137-y. shaxsiy uniya asosida Barselona grafligi bilan birlashgan. 1164-y. Barselona graflari Aragon qirollari boʻlganlar hamda Kataloniyaning barcha yerlarini qirollik tarkibiga qoʻshib olganlar. 13 — 15-a. larda Aragon qoʻshinlari Balear o. lari, Valensiya, Sitsiliya, Sardiniya, Neapolni bosib olgan. Aragon va Kastiliyaning 1479-y. dagi sulolaviy uniyasi, yagona davlat — Ispaniyani barpo etilishiga olib kelgan. Mayd. 47,7 ming km2. Aholisi 1,2 mln. kishi (1991). A. Ispaniyada aholi eng siyrak yashaydigan viloyat.
Togʻlarida qoʻngʻir koʻmir, temir rudasi, uran, boksit, oltingugurt, marganes konlari mavjud. togʻ daryolariga qator GESlar qurilgan. Qoʻngʻir kumir bilan ishlaydigan issiqlik elektr markazlari bor. Qoʻngʻir kumir qazib chiqarish jihatidan (yiliga taxm. 1 mln. t) A. Ispaniyada 1-oʻrinda turadi. Oxos-Negros temir ruda havzasi Aragon iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadi. Aragonning birdan-bir sanoat markazi Saragosa sh. Bu yerda oziqovqat va yengil sanoat bilan birgalikda metallsozlik va kimyo sanoati korxonalari mavjud. Aholining 2/3 qismi q. x. da ishlaydi. Viloyatda zaytunzorlar, tok-zorlar, qand lavlagi va donli ekinlar yetishtiriladi. Saragosa — havo yoʻllarining yirik tuguni.