ANALOG HISOBLASH MASHINASI — uzluksiz oʻzgaruvchi fizik kattaliklar (mexanik siljish, kuchlanish, tok kuchi, t-ra va b.)ning qiymatlari aniqlanadigan matematik masalalarning sonlarini shu miqdorlar bilan taqqoslaydigan hisoblash mashinasi. A. h. m. da natija mashinadagi oʻzgaruvchan fizik miqdorlarni oʻlchab aniqlanadi. Analog hisoblash mashinasining asosiy xususiyatlari: oʻzgaruvchan kattaliklar uzluksiz boʻladi; amallar parallel bajarilishi nati-jasida yuqori tezlikka erishiladi; yechiladigan masalalarga dastur tuzish ancha soddalashadi; tadqiq qilinuvchi tizimni real analog qurilmaga ulash osonlashadi; modellash jarayoni va natija yaqqol koʻrinib turadi; jamlash, koʻpaytirish, integrallash, chiziqli boʻlmagan funksiyalarni hosil qilish kabi amallarni ancha sodda va samarali bajarish mumkin; axborotni uzoq muddat xotirada saqlash, murakkab va mantiqiy amallarni bajarish imkoni cheklangan.
Analog hisoblash usullaridan mil. av. Vaviloniyada yer oʻlchash va xarita tuzishda foydalanilgan. 15-a. boshlarida Samarqandda al-Koshiy ikki sayyoraning bir meridian tekisligida boʻlish vaqti paytini aniqlovchi asbob yaratgan. Taxm. 1000-y. da yaratilgan logarif-mik lineyka dastlabki Analog hisoblash mashinasi dir. Hozirgi EHMlarning dastlabkisi elektron texnika taraqqiyotining mahsuli boʻlib, bular 1950-y. da yaratilgan oʻzgarmas tok kuchaytirgichi bilan bogʻliqdir. Ayniqsa, keyingi vaqtlarda yaratilgan analog qurilmalar integratsiya koeffitsiyenti oʻta katta boʻlgan analog integral mikrosxemalar asosida ishlab chiqariladi. Ishlash tarziga koʻra, Analog hisoblash mashinasi mexaniq pnevmatik, gidravlik, elektromexanik va elektron turlariga, analogiya asosida qurilishiga koʻra, oddiy va murakkab xillarga boʻlinadi. Oddiy mashinalarda oʻzgaruvchilar va yechiladigan dastlabki tenglama oʻzgaruvchilari orasidagi bogʻlanish oʻzgarmas koeffitsiyentlar orqali amalga oshirilsa, murakkab mashinalarda esa bu aloqa oshkor koʻrinishda boʻlmay, balki murakkab tasvirga ega boʻladi.
Analog hisoblash mashinasi boshqaruv tizimlarining dinamikasini taxlil qilish yoki rostlashda, boshqaruv tizimlarining sintezi va rostlash bilan bogʻliq masalalarni yechishda, tizimga taʼsir etuvchi va foydali signallarni aniqlashda, yangi avtomatik qayd qilish qurilmalarini yaratishda va b. da keng qoʻllaniladi. Bundan tashqari, Analog hisoblash mashinasi lardan murakkab avtomatik tizimlarning elementlari va qurilmalari sifatida ham foydalaniladi.
Abdurauf Pattoxov.