AMUDARYO DELTASI

AMUDARYO DELTASI (Orol boʻyi deltasi) — Jan. Orol boʻyidagi delta. Gʻarbda Ustyurt platosining chinki, shim. da Orol dengizining 1961-y. gacha boʻlgan qirgʻoq chiziqlari, sharqda shim.gʻarbiy Qizilqum, Beltov balandligining gʻarbiy va jan.-gʻarbiy etaklari, Oqchadaryo deltasining shim.-gʻarbiy chekkalari, jan.-sharqda Qizilqum, jan. da Sariqamish boʻyi deltasiga tutash. Mazkur chegaradagi Amudaryo deltasi mayd. 19 ming km2. Daryoning quyi qismi 2 qad. va bir hoz. deltadan iborat. Daryoning qad. deltalarida chap sohilda Xorazm vohasi va oʻng sohilda Beruniy-Toʻrtkoʻl vohasi vujudga kelgan. Bu vohalarda Oʻzbekistonning Xorazm viloyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa va Beruniy tumanlari, Turkmanistonning Toshhovuz sh. atrofidagi tumanlar joylashgan.

Amudaryoning hoz. deltasida Aliovul qishlogʻidan shim. da daryo ikki qismga: chap sohilda Qipchokdaryo va oʻng sohilda Oqlaryo tarmoqlariga boʻlinadi. Oqlaryo asosiy oʻzan hisoblanadi va suvning asosiy qismi ushbu oʻzanda oqadi. Qipchoqlaryo Porlatov qishlogʻi yaqinida yana Oqlaryoga tutashadi.

Daryoning hoz. deltasi esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida qumgil oqindilaridan tarkib topgan pasttekislik boʻlib, daryo boʻyidagi Taxiatosh sh. yonidan boshlanadi. Relyefi shim. ga qiya. Bosh qismi (Nukus sh. yaqinida, mutlaq bal. 73 m) dan Orol dengizining eski qirgʻoq chizigʻiga qadar (mutlaq bal. 53 m) 200 km masofada 20 m ga pasayadi. Amudaryo deltasi sathi qadimda va hozirda mavjud boʻlgan daryo oʻzanlari va koʻl botiqlari bilan parchalangan. Deltaning allyuvial yotqiziqlari (qalinligi 142 m gacha) yuqori boʻr va paleogen-neogenning tub jinslari ustida vujudga kelgan. Mayda zarrali qumning qumoq hamda qumloq bilan aralashmasi keng tarqalgan (qayir yotqiziqlari), baland qismlarida qum yoki qumloq koʻproq.

Amudaryo deltasida Beltov, Qushxonatov, Kiziljar, Muynoqtov, Porlatov, Itkir, Xoʻjayli va b. qoldiq togʻlar mavjud. Amudaryo deltasining iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq va bulutsiz. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi jan. da — 6,9° (Nukus) dan shim. da — 7,4° (Moʻynoq) gacha pasayadi. Yozi issiq va quruq. Iyulning oʻrtacha t-rasi 27,G (Nukus)dan 26,3° (Moʻynoq) gacha oʻzgaradi. Yillik yogʻin kam (Taxiatoshda 79 mm, Moʻynoqda 105 mm), asosan qish va bahorda yogʻadi. Yil davomida shim.sharqiy shamollar esadi. Orol dengizi va deltadagi daryo va koʻllarning qurib borayotganligi tufayli havo t-rasi yezda odatdagidan 2 — 3°ga ortgan, qish ham sovuqroq, shamol harakati kuchaymoqda, havoning nisbiy namligi kamaymoqda.

Orol boʻyida 1961-y. dan boshlangan choʻllashish jarayoni natijasida Amudaryo deltasida tub oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Orol sathining tezlik bilan pasayishi, daryo suvi shoʻrligining ortishi va unda turli kimyoviy moddalar va b. ning mavjudligi, suv tanqisligi, Orolning qurigan qismi (Orolqum) dan tuzli changlarning havoga koʻtarilishi choʻllashishni tezlashtirmoqda. Deltada suv tartibining buzilishi oqibatida grunt suvlarining sathi barcha joylarda keskin pasaydi (0 — 0,5 m dan 5 —10 m gacha, pastqamliklarda — 1,3 m, minerallashuv darajasi ayrim joylarda 30 — 50 g/l va undan koʻp).

Amudaryo oqimining deltada tartibga solinishi tufayli koʻplab oʻzanlar (Katta Jonsiz va Kichik Jonsiz, Erkindaryo, Koʻhnadaryo, Madalioʻzak, Priyemoʻzak, Oqboshli, Injeneroʻzak va b.) quridi. Suv faqat Oqlaryo orqali dengizga quyilmoqda. Qipchoqlaryoda vaqt-vaqti bilan suv oqmoqda. Ravshandaryo va Toldiqlaryo oʻzanlari kanalga aylantiriddi. 100 ga yaqin koʻl quridi, hozirda faqat Sudochye koʻli, Moshankoʻl, Xoʻjakoʻl, Qorateren koʻli, Keusir koʻlida suv mavjud, minerallashuv darajasi 3 — 5 g/l dan 30 — 45 g/l gacha (Sudochye koʻlida).

Deltada grunt suvlarining bugʻlanishga sarf boʻlishi oqibatida tuproqning shoʻrlanishi ortib avvalgi qayirli allyuvial, oʻtloqi, botqoq, botqoq-oʻtloqi tuproqlar oʻrnida oʻtloqi, oʻtloqi-taqir, shoʻrxok (tipik oʻtloqi), taqir choʻl qum tuproqlari tarkib topdi. Choʻllashish jarayonida avvalgi qamishzorlar oʻrnini (760 ming ga) endilikda shoʻrazor, yulgʻunzor, turli kserofit (qoʻshbarg, yantoq, oqbosh), galofitlar (qorabaroq, shohilak, kermak va b.) egalladi. Qa-mishli toʻqayzorlar faqat suv bilan muntazam taʼminlanadigan pastqamliklarda oz maydonda saqlanib qolgan (Sudochye koʻli va uning shim., shim.-sharqida, Shege, Koʻkkoʻl havzalarida). Daryo oʻzanlari yoqalaridagi 261 ming ga noyob Amudaryo toʻqayzorlari (turangʻil, tol, jiyda) asosan qurimoqda.

Suv taqchilligi tufayli baliq ham keskin kamaydi. Faqat ayrim koʻllardagina oz miqdorda ovlanadi. Ondatrachilik deyarli tutatildi. Suzuvchi qushlar, toʻqayzorlarda yashovchi parrandalar va b. juda kamayib ketdi. Amudaryo deltasi – da vujudga kelgan noqulay ekologik sharoitni yumshatish chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Shamol eroziyasining oldini olish uchun ihotazorlar bunyod etilmoqda, har yili imkoni boricha pastqamliklarga Amudaryodan suv jamgʻarib olinmoqda. Amudaryo deltasining jan. qismi sugʻoriladigan dehqonchilikda foydalaniladi. Qariyb 400 ming ga yerda sholi, paxta, don, yem-xashak ekinlari ekiladi. Quvonishjarma, Suenli, Kegeyli kabi yirik irrigatsiya tizimlari, Bosh chap sohil va b. magistral kollektorlar mavjud. Amudaryo suvining shoʻrligi, tuproq shoʻrligini kamaytirish samaradorligining nihoyatda pastligi, barcha yerlar zovurlar bilan toʻliq taʼminlanmaganligi va b. sababli sugʻoriladigan yerlarning meliorativ ahvoli juda ogʻir, tuproqlarning turli darajada shoʻrlanganligi tufayli ekinzorlarning hosildorligi ancha past.


Lotin alifbosida maqola: AMUDARYO DELTASI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMUDARYO
AFRIKA
ANDIJON VILOYATI
AVSTRALIYA
AMIR TEMUR


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты