ANJIR (Ficus carica L.) — tutdoshlar (anjirgullilar) oilasiga mansub subtropik meva turi. Turkiya, Jazoir, Yevropaning jan. da, AQSHda katta maydonlarni egallaydi, Kavkaz, Oʻrta Osiyo, Qrimda ham yetishtiriladi. Yovvoyi holda Oʻrta dengiz boʻyi, Kichik Osiyo, Eron, Shim.-gʻarbiy Hindistonda oʻsadi. Anjir juda qadimdan madaniylashtirilgan oʻsimlik hisoblanadi (Osiyoda 5 ming yildan, Yevropada kamida 2 ming yildan beri). Botanik tavsifi. Anjir daraxtining boʻyi 4 — 10 m, shoxlari kalin, yoyilib oʻsadi, novda, barg va mevasida sutsimon shira bor. Bargi yirik, 3 — 7 boʻlmali, baʼzan boʻlmasiz, toʻq yashil, orqasida tuklari bor. Bir yilda 2 — 3-marta gullaydi (apr. — may, iyun — iyul, avg.). Mayda bir jinsli gullardan iborat toʻpguli boʻlajak «meva» ichida boʻlib, mayda blastofaga arilar yordamida changlanadi, baʼzilari esa changlanmasdan (partenogenez) va urugʻ tugmasdan meva qiladi. Mevasida 20 — 24% qand, 0,5 — 4,2% pektin moddalari, 3,4 — 7,4% klechatka, 0,1% gacha organik kislotalar, karotin, kalsiy, temir, fosfor va b. bor.
Biologik xususiyatlari. Anjir asosan bir yillik pishgan novda qalamchalaridan koʻpaytiriladi. 2 — 3 yoshdan meva tugib, 7 — 10 yoshda gʻarq hosilga kiradi, 50 — 80 yil meva beradi, 150 — 200-yilgacha yashaydi. Bir tupi 50 kg gacha meva qiladi. Anjir bir mavsumda ikki marta hosil beradi. Birinchi hosil (xoki anjir) ancha kam boʻlib iyun — iyul oylarida, ikkinchisi (asosiy) hosil sent. oyida pishadi. Xoʻjalik ahamiyati. Hoʻlligicha yoki qoqi hamda konserva holida isteʼmol qilinadi, jem, murabbo tayyorlanadi. Xalq amaliyotida Anjir bargi uzum va mevalarni quritishda ishqor sifatida, «suti» teri kasalliklarini (kal, soʻgal, temiratki), chayon va ari chaqqan joylarni davolashda ishlatiladi. Agrotexnikasi. Anjir toʻplari sovuqqa chidamsiz boʻlganidan Oʻzbekiston sharoitida qishda koʻmilib, bahorda ochiladi. Anjir namga ancha talabchan, yengil va serunum tuproqda yaxshi oʻsadi. Shoʻrlangan yoki shagʻalli tuproqlarda deyarli oʻsmaydi. Anjir tupiga 3 — 4 ta asosiy tanali buta koʻrinishida shakl beriladi. Yozda bir-ikki marta shu yili chiqqan qalinlashtiruvchi novdalar, gʻovlagan novdalar, qurigan shoxlar kesib tashlanadi. Anjirzor bogʻlar vegetatsiya davrida 9—10-marta sugʻoriladi. Oʻzbekistonda kadeta, sariq anjir, qora anjir, chapla va b. navlari koʻp ekiladi. Navlari. Kadota. Mevasi oʻrtacha (35 — 40 g), dumaloq-nok shaklida, sargʻish, sal tilimli. Eti och sariq, jigarrang tovlanadi, yumshoq, shirin. Tupi 45 — 50 kg hosil beradi. 30% qoqi tushadi, qoqi tarkibida 71 — 72% qand boʻladi. Oʻzbekistonning hamma viloyatlari uchun r-nlashtirilgan. Sariq A. Jaydari nav. Mevasi yirik (50 — 60 g), sariq, yassi, sal tilimli. Eti sersuv, yumshoq, shirin. 25% qoqi tushadi, qoqining tarkibida 63 — 70% qand boʻladi. Tupi 40 — 50 kg hosil beradi. Oʻzbekistonning hamma viloyatlarida tarqalgan boʻlib, anjirzorning 80 — 90% ini tashkil etadi. Qora A. Mevasi oʻrtacha (35 — 45 g), nok shaklida, toʻq binafsha rangda, tilimli. Eti sargʻish, yumshoq, shirin. Tupi 40 — 50 kg hosil beradi. 30 — 35% qoqi tushadi, qoqi tarkibida 70 — 72% qand boʻladi. Oʻzbekistonning hamma viloyatlari uchun r-nlashtirilgan. Chapla. Mevasi oʻrtacha (35 — 45 g), dumaloq-nok shaklida, och jigarrang, sal tilimli, siyrak tuk bilan qoplangan. Eti yumshoq, shirin, ichi havol. 28 — 30% qoqi tushadi, qoqi tarkibida 70 — 75% qand boʻladi. Oʻzbekistonning hamma viloyatlari uchun r-nlashtirilgan.
Ad.:Ribakov Anjir,Ostrouxova S. A., Oʻzbekiston mevachiligi, T., 1967.
Rixsivoy Joʻrayev.