BALNEOTERAPIYA

BALNEOTERAPIYA (balneo… va terapiya) — tabiiy va sunʼiy tayyorlangan mineral suvlar bilan davolash. Bemorlarga buyuriladigan mineral suvning fizikkimyoviy xossasi va tarkibi har xil boʻladi. Undagi gazlar, tuz eritmalari, mikroelementlar va b. moddalar odam organizmiga fiziologik va shifobaxsh taʼsir qiladi. Mineral suv, asosan, vanna sifatida va ichish uchun buyuriladi. Undan foydalanishda umumiy va mahalliy vannalar, dush, basseynlarda choʻmilish, ogʻiz, burun, tomoqni chayish, ingalyatsiya, meʼda-ichaklarni yuvish kabi usullar keng tarqalgan. Mineral suvlarning shifobaxshligi ular tarkibida karbonat angidrid, vodorod sulfid, azot, radioaktiv modda — radon va b. mineral tuzlar borligiga asoslangan. Mineral suvli vannalar organizmdagi fiziologik va biologik jarayonlarga teri retseptorlari, nafas yoʻllaridagi retseptorlar orqali mexanik, termik, kimyoviy va radiatsion taʼsir koʻrsatadi. Gazli mineral suv vannalari tarkibidagi kimyoviy birikmalar va pufakchalar teri orqali koʻproq taʼsir etadi. Mineral suv ichilganda meʼda-ichak yoʻlining shilliq pardasiga t-rasi, mineral moddalari va gazlari bilan taʼsir koʻrsatadi. U ovqatdan bir oz oldin ichilsa, meʼdadan shira chiqishi tezlashadi, 1—2 soat ilgari ichilganda esa sekinlashadi. Shuning uchun meʼdadan shira chiqishi kamayganda ovqatdan bir oz oldin, oshib ketganda esa ovqatdan 1 — 1,5 soat ilgari ichiladi. Mineral suv meʼdaichak faoliyatigagina emas, balki butun organizmdagi moddalar almashinuviga, qon aylanishiga taʼsir qiladi. Issiqsuv tomir urishini tezlashtirsa, sovuq suv sekinlashtiradi va tomir tonusini kuchaytiradi. Organizmda suv, kislotaishqor muvozanatini, oqsillarning kolloidal xususiyati va dispersligini, hujayralarning suv biriktira olish xususiyatini oʻzgartiradi, organizmdagi tuzlar muvozanati ham bir qadar oʻzgaradi. Balneologik kurortlarda tabiiy karbonat angidridli, vodorod sulfidli, radonli, yod-bromli, xlorid va natriyli tuzlari boʻlgan mineral buloq suvlaridan davo sifatida foydalaniladi. Balneoterapiya vrach bilan maslahatlashib, uning koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilgan holda, koʻpincha balchiq bilan davolash, iqlim bilan davolash va parhez kabi kompleks davo usullari b-n birga amalga oshiriladi.

Karim Ioʻldoshev


Lotin alifbosida maqola: BALNEOTERAPIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: B harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ATMOSFERA
AZOT OKSIDLARI
ANORGANIK BIRIKMALAR NOMENKLATURASI
BURUN
AGROKIMYOVIY TAHLIL


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты