BIBIXONIM JOME MASJIDI — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (1399—1404). Amir Temurning katta xotini Bibixonim (asli Saroymulk xonim) nomi bilan bogʻliq. Amir Temur farmoni bilan qurilgan. Masjidni kurgan usta va meʼmorlarning nomlari nomaʼlum. Masjid hovlisining sahni 63,8×76,0 m boʻlib, toʻrt tomondan ravoq va peshtoklar bilan oʻralgan. Uning umumiy sahni 167×109 m, burchaklarida baland minoralar boʻlgan. Zilzilalar taʼsirida astasekin yemirilib vayron boʻlgan, faqat shim. gʻarbiy minoraning pastki qismigina saqlanib qolgan, bal. 18,2 m. Poydevori xarsang toshdan, devorlari pishiq gʻishtdan ishlangan (qalinligi 4,5 m).
Masjidning bir-biri bilan bogʻlangan 6 ta meʼmoriy boʻlaklari saqlanib qolgan. Bular hovlining toʻrida mehrobli va baland peshtoqli bino, ikki yonida uning kichik nusxasi, poyida masjidning ikkiga boʻlingan peshtoqi va shim. gʻarb tomonda minoradir. Ilgari bu boʻlaklar 3 qator oq marmar ustunli, yengil ravoqli bostirmaayvonlar bilan birlashgan va ular tepasida gumbazchalar (400 ta) boʻlgan. Ustunlar 480 ta (oraligʻi 3,5 m) boʻlib, tagkursili, tanasi oʻyma naqsh, tepasi kalla muqarnaslar bilan bezalgan (ular tuproq ostiga kumilib ketgan, arxeologik qidiruv ishlari natijasida ustunlar, tagkursilar va mayda kosachalardan iborat muqarnasli ustun qoshi topilgan). Hovlining har ikki yonida tashqi darvozaga ega bulgan turtta peshtokli darvozaxonasi bor. Masjidning hovli sahniga marmar toshtaxtachalar yotqizilgan. Hovli oʻrtasida marmar toshdan yasalgan ulkan lavh (Qurʼon oʻqiladigan maxsus kursi) bulib, u dastlab asosiy bino ichida turgan (1875-y. da katta gumbazning qulashidan xavflanib, hovli oʻrtasiga chiqarib qoʻyilgan). Atrofiga nafis hoshiyalar chizilgan, muqarnaslar, oʻsimliksimon nakshlar va yozuvlar bilan bezalgan lavh Amir Temurning nabirasi Ulugʻbek farmoniga binoan 15-a. urtalarida yasalgan. Unga «Sultoni azim, oliy himmatli xoqon, dindiyonat homiysi, Xanafiya mazhabiningposboni, aslzoda sulton, ibni sulton, amiri moʻminin Ulugʻbek Koʻragon», deb bitilgan.
Masjidga kiraverishdagi peshtoqning yuqori qismi 1897-y. gi zilzila paytida qulagan (qolgan qismining bal. 33 m, kengligi 46 m). Peshtoq mahobatli boʻlib, oʻrtasida kengligi 18,8 m li ravoq bor. Yon tomonlaridagi minoralar peshtoqdan baland. Peshtoqning ichki tomonida kichikroq (ikkinchi) ravoq oʻrnashgan. Unda oʻyma marmar hoshiyali darvoza boʻlgan. Uning ustidagi lavhada masjidning qurilgan yili va Amir Temur shajarasi yozilgan (1897-y. gi zilzilada katta peshtoq ravogʻi qulab tushgan). Qoʻsh tabaqali darvoza yetti xil metall qotishmasi — «hafti jush»dan yasalgan (keyinchalik yoʻqolib ketgan). Peshtoqning yon qanotlarida ikkita aylanma zina boʻlgan. Zinadan yuqoriga—kungura ravoqli maydonchaga chiqilib, undan minoraga oʻtilgan. Peshtoqning keng yuzasi jilvali koshinlar, rangbarang, qalqon shaklidagi naqshlar bilan bezatilgan (hozir peshtoqning koshinlari tushib ketgan. Peshtoqning saqlanib qolgan qismi yorilib, devordan ajralib qolgan). Masjidning asosiy (mehrobli) binosi Amir Temur zamonasining meʼmoriy uslublari haqida toʻliq tasavvur beradi. Sharafiddin Ali Yazdiyning «Agar osmon gumbazi boʻlmaganda masjid gumbazi olamda yagona boʻlar edi», degan mubolagʻasi bejiz emas. Asosiy binoning old tomonida peshtoq, markazida ravoq va burchaklarida ikkita koʻp qirrali minora bor. Peshtoq orqasidagi xona oddiy, ammo salobatli handasiy shakllar yigʻindisi (kubsimon prizma, xonaning sakkiz qirrali qismi ustiga tushgan poygumbaz va gumbaz)dan iborat. Kubsimon prizma binoning asosiy hajmi boʻlib, tomonlari 14,6 m ga teng. Uning ustida xona devorlari boʻylab oʻtuvchi ravoqlardan iborat 8 qirrali prizma bor. Gumbazning doirali asosiga poygumbaz tutashtirilgan. Poygumbaz sirtiga Qurʼon oyatlari bitilib, usti feruza koshinlar bilan pardozlangan gumbaz bilan berkitilgan (qoldigʻi koʻrinib turibdi). Uning kirish tomonlari ham bosh peshtoq kabi rangbarang koshinlar b-n qoplangan, sopol gʻishtchalar yotiq, sirlangan rangli gʻishtchalar tik terilgan. Asosiy naqsh shakllari tiniq, lojuvard gʻishtchalardan terilib, ularning oraligʻi zangori gʻishtchalar, oq toshlar bilan tuldirilgan. Oddiy handasiy shakllar va pechak kabi chirmashib ketgan yozuvlar bino bezagining tarkibiy qismini tashkil etadi. Mehrobli binoning baland minoralari sathi 4 burchakli kichik namoyonlarga boʻlingan. Handasiy shakl va islimiy naqshlar (turli ranglarda) namoyonlarni bezagan. Ular koshinkorlik uslubida ishlangan. Peshtoq devorining yuzasi kesma koshin b-n qoplangan. Koshinkor bezakning har bir boʻlagi, gullarning oʻzaklari, kosachalari, poyalari, gunchalari va barglari maxsus zaminkoshinlar parchasidan alohida kesib olingan, sopolchalar oraliq qoddirmay bir-biriga moye joylashtirilgan. Bu koshinlar (ayniqsa koʻk ranglilari) tiniq shisha kabi yaltirab turadi. Masjid yonidagi ikki kichik bino mehrobli xonaning asosan kichik hajmdagi takrori boʻlsada, nakshlarning soddaligi va gumbazning kungiradorligi bilan farqlanadi. Masjidning ichki qismini pardozlashda naqqoshlik bezaklari qatorida zarhal boʻrtma naqshlardan keng foydalanilgan. Masjiddagi koʻp qirrali yulduzlar, 3 qavatli xatlar oʻyilgan lavhalar jajji muqarnaslar bilan bezalgan, hoshiyalar oq toshdan yoʻnilgan. Tarixnavis Ibn Arabshohning shahodat berishicha, Jome masjidi mahobatidan hayratga kelgan zamondoshlari «Obidalarimiz avlodlarga bizning kimligimizdan darak beradi», deb gʻurur bilan jar solishgan ekan.
1868-y. da podsho Rossiyasi qoʻshinlari Samarqandni qamal qilganda Bibixonim jome masjidi toʻp oʻqidan vayron boʻlgan. Vayrona holda boʻlsa ham masjidning meʼmoriy shakllari serhashamligi, bezaklarining nafisligi bilan kishi diqqatini jalb qilib kelgan. Undagi rangbarang naqshlarda oʻsha davr xalq ustalarining nozik didi va yuksak mahoratidan darak beradi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan oʻtmishimizning boshqa meʼmoriy yodgorliklari qatori Bibixonim jome masjidini tiklashga alohida eʼtibor berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining A«mir Temur tavalludining 660-yilligini nishonlash» haqidagi qarori (1994-y. 29 dek.)ga binoan meʼmoriy majmuada taʼmir ishlari olib borilmoqda.
Ad.: Zohidov P., Temur davrining meʼmoriy qahkashoni, T., 1996.
Poʻlat Zohidov.