BUXORO VILOYATI

BUXORO VILOYATI — OʻzR tarkibidagi viloyat. 1938-y. 15 yanv. da tashkil etilgan. Buxoro viloyati xududi asosan Qizilqum choʻlida joylashgan. Jan. sharqini Zarafshon vodiysi egallagan. Shim. garbda Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, shim. va sharqdan Navoiy viloyati, jan. sharqda Qashqadaryo viloyati, jan. garbda Turkmaniston bilan chegaradosh. Mayd. 39,4 ming km2. Aholisi 1443 mingdan ziyod kishi (2001). Buxoro viloyati tarkibida 11 qishloq tumani: Buxoro, Vobkent, Jondor, Kogon, Olot, Peshku, Romitan, Shofirkon, Qorovulbozor, Qorakoʻl, Gʻijduvon (tumanlar haqida alohida maqolalarga q. ; mas, Vobkent tumani), 11 shahar (Buxoro, Galaosiyo, Vobkent, Gazli, Kogon, Olot, Romitan, Shofirkon, Qorakoʻl, Qorovulbozor, Gʻijduvon), Z shaharcha (Jondor, Zafarobod, Yangibozor), 121 qishloq fuqarolari yigʻini bor. Markazi — Buxoro sh.

Tabiati. Buxoro viloyati xududining relyefi aksariyat geomorfologik xususiyatlariga koʻra birmuncha murakkab tekisliklardan iborat. Eng baland joyi Quljuqtov tizmasi. Quljuqtov bilan Zarafshon daryosi vodiysi oraligʻida Oyokogʻitma botigʻi joylashgan. Tekisliklar Amudaryo oʻzani tomon kiya.

Buxoro viloyatida quyidagi relyef koʻrinishlarini ajratish mumkin: 1) alohida ifodalangan past togʻlar, platolar (Kuljuqtov, Tuzkoy togʻi, Jarqoq, Saritosh);

2) tekis yuzali plato va qirlar (Qorakoʻl, Dengizkoʻl, Uchbosh, Qoraqir);

3) daryo va koʻl yotqiziqlari bilan qoplangan va shamol taʼsirida vujudga kelgan akkumulyativ tekisliklar;

4) alohida ifodalangan berk botiqlar (Qoraxotin, Oyoqogʻitma, Dengizkoʻl);

5) yassi yuzali vohalarda bal. 5—15 m li tepalar uchraydi.

Togʻlar asosan silur, devon, toshkoʻmir, boʻr, paleogen, neogen davrlari jinslaridan tuzilgan. Tekislik va qumliklar toʻrtlamchi geologik davr tabiiy omillari taʼsirida oʻzgargan.

Foydali qazilmalardan Setalantepa, Jarqoq, Gazli, Uchqirda gaz, Kemachi, Zikri, Oʻrtabulokda neftgaz hamda grafit konlari, ohaktosh, bentonit (gilmoya), granit konlari topilgan. Buxoro viloyatida juda koʻp mineral suv zaxiralari aniqlangan. Quljuqtov, Qoraxotin, Jingʻildi,Oyoqogʻitma botigʻi atroflaridan topilgan suvlardan xoʻjalikda qisman foydalaniladi.

Viloyat seysmik jihatdan 7 balli, faqat Gazli sh. atrofi 9 balli zilzila zonasiga kiradi. Iqlimi keskin kontinental: yozi issiq, uzoq, quruq, iyulning oʻrtacha t-rasi 28—32°, qumliklarda 60—70° gacha koʻtariladi. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 0° dan—2° gacha. Yiliga 90—150 mm yogʻin tushadi. Asosan bahor va qishda yogʻadi. Vegetatsiya davri 220 kun. B. v. ning asosiy suv manbai — AmuBuxoro mashina kanali. Quyimozor, Toʻdakul, Shoʻrkul suv omborlarining ahamiyati katta. Bundan tashqari vohalar atrofida zovur va oqova suvlar tashlanadigan Dengizkoʻl, Qoraqir, Katta Tuzkon va Devxona kabi koʻllar mavjud. Buxoro viloyati boʻyicha obikor yerlarning 94,4% turli darajada shoʻrlangan. Choʻl zonasida kam chirindili qoʻngʻir tusli sur, qumli choʻl, taqir tuproqlar va shoʻrxoklar keng tarqalgan. Ular turli tipdagi yaylovlar hosil qiladi.

Buxoro viloyati choʻllarida 55 oilaga mansub 580 tur yuksak oʻsimliklar uchraydi. Bulardan 18 tasi endemik tur. Choʻl oʻsimliklari ekologik sharoitga moye holda alohida jamoalar hosil qilgan. Qumli choʻllarda qandim (juzgʻun), saksovul, cherkez, selin, patloq, singren, iloq koʻproq boʻlsa, gipsli choʻllarda qizilcha, sassiqkovrak, karrak, biyurgʻun keng tarqalgan. Shoʻrxokli yerlarda shoʻrajriq, sarsazan, qorabarak, shoʻralar, toʻqayzorlarda turangʻil teragi, jiyda, tol, yulgʻun, qamish kabi turlar oʻsadi. Oʻsimliklar yaylov chorvachiligi uchun ozuqa manbai. Vohalarda madaniy oʻsimliklar bilan birga 200 dan ortiq begona oʻt turi uchraydi. Buxoro viloyatida umurtqali hayvonlarning 400 dan ortiq turi yashaydi. Suv havzalarida baliqning 37 turi uchraydi. Amfibiyalarning 2 turi (koʻl baqasi, yashil qurbaqa), sudralib yuruvchilarning 40 turi (dasht agamasi, qum yumaloqboshi, quloqli yumaloqbosh kaltakesak, echkemar, qum boʻgʻma iloni, suvilon, oʻqilon, koʻlbor ilon, kapchabosh, charxilon, chiporilon va b.), qushlarning 300 dan ortiq turi, sut emizuvchilarning qariyb 50 turi (yumronqoziq, qumsichqon, qumquyon, koʻrsichqon, qum mushugi, tulki, va b.), hasharotlarning 300 ga yaqin turi uchraydi. Buxoro viloyatida Buxoro «Jayran» ekologik markazi, Vardanze davlat tabiat yodgorligi, Dengizkoʻl, Qoraqir buyurtma qoʻriqxonalari mavjud. Buxoro vohasining choʻlga tutash yerlarini qum bosishdan saqlash uchun Agrooʻrmon melioratsiyasi tadbirlari oʻtkaziladi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar; shuningdek, tojik, qozoq, tatar, yahudiy, rus, qoraqalpoq va b. millat vakillari ham yashaydi. 1 km2ga 35 kishi toʻgʻri keladi. Vohalarda aholi ancha zich (1 km2ga 100 — 300 kishi). Choʻl yaylovlarida 1 km2ga 12—25 kishi, qumli yaylovlarda 1—3 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 448 ming kishi, qishloq aholisi 995 ming kishi (2001). Gʻijduvon, Vobkent, Shofirkon tumanlarida aholi zichroq.

Xoʻjaligi. Buxoro viloyati iqtisodiyotida sanoat salmoqli oʻrin egallaydi. 100 dan ortiq sanoat korxonasi mavjud. Gazli gazneft r-ni gaz yoqilgʻisini yetkazib bermoqda. 1964—65 y. larda ishga tushirilgan Buxoro—Toshkent—Bishkek— Olma-ota gaz yoʻli Oʻzbekistondagi, shuningdek qoʻshni mamlakatlardagi isteʼmolchilarga gaz yetkazib berishga xizmat qiladi. 1997-y. Qorovulbozorda qurib ishga tushirilgan neftni qayta ishlash z-di respublikaning neft mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqsa (q. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi).

Sanoati. Buxoro viloyatida oziq-ovqat sanoati bir necha oʻn yillardan buyon mavjud. Buxoro goʻsht k-ti, sutni qayta ishlash k-ti, non z-di, Buxoro, Kogon, Qorakoʻl un k-tlari, «Buxoroyog» ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati, Buxoro, Gʻijduvon mevasabzavot konserva z-dlari, Buxoro vino zavodi, Buxoro va Gʻijduvon pivo va yaxna ichimliklar i. ch. korxonalari ishlab turibdi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng, oziq-ovqat sanoatida tashkiliy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Korxonalar ilgʻor texnologiya bilan jihozlandi. Yangi qadoqlash liniyalari, Buxoro, Gʻijduvon, Qorakoʻl, Vobkent sh. larida Germaniya texnologiyasiga asoslangan non sexlari ishga tushirildi. «Buxoroteks» aksiyadorlik jamiyatining filiallari Gʻijduvon, Vobkent, Qorakoʻl va Olotda ishlab turibdi. Buxoro pillakashlik fkasi va uning filiallarida pilla qayta ishlanmoqda. Buxoro trikotaj kiyimlar fkasida erkaklar, ayollar va bolalarning ustki va ichki kiyimlari ishlab chiqariladi. Buxoro tikuvchilik fkasi, Buxoro va Gʻijduvon poyabzal fkasi, Shofirkonda Turkiya bilan hamkorlikda qurilgan V«ardanzi» tikuvchilik qoʻshma korxonasi, «Qorakoʻl» aksiyadorlik jamiyati qoshida Gretsiya b-n hamkorlikda O«mega—Sitora» qoʻshma korxonasi ishga tushirildi. Mahalliy sanoat korxonalaridan Buxoro «Zardoʻz» aksiyadorlik jamiyati, Gʻijduvon kulolchilik sexi, Gʻijduvon va Shofirkondagi gilam toʻqish fkalari, Kogon paxta titish fkasi, Romitan toʻqimachilik fkasi, tikuvchilik, badiiy kashtachilik, misgarlik, zargarlik, kosibchilik va 20 dan ortiq gʻisht z-dlari ishlab turibdi. Paxta tayyorlash punktlari, quritish, tozalash sexlari, paxta tozalash z-dlari bor. Paxta tolasi yangi uskuna va texnologiyalar asosida jahon andozalariga muvofiq ishlab chiqarilmoqda.

Buxoro uysozlik k-ti, Kogon ohak z-di, Quyimozor va Kogon yigʻma temirbeton buyumlari z-dlari, Italiya bilan hamkorlikda qurilgan koshinlar ishlab chiqariladigan «Minokor» z-di, Buxoro temirbeton z-di bor. Gazavtomatika i. ch. birlashmasida qurilish materiallari ishlab chiqariladi.

Qishloq xoʻjaligi. B. v. iktisodiyotining asosini q. x. (paxtachilik, gʻallachilik, mevachilik, polizchilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik) tashkil etadi. Viloyat dehqonchiligida sugʻoriladigan yerlar (tomorqa yerlar bilan birga) 273,7 ming ga, partov yerlar 14,2 ming ga, choʻl yaylovlari 2764,6 ming ga. Paxta 129 ming ga, makkajoʻxori 857 ga, donli ekinlar 81,2 ming ga, sholi 200 ga, pomidor.2741 ga, sabzavotpoliz ekinlari 9,3 ming ga, lavlagi 116 ga, kartoshka 2967 ga, yemxashak ekinlari 15,9 ming ga, shu jumladan beda 7,1 ming ga. Bogʻlar 18,2 ming ga, tutzorlar 5,9 ming ga. Buxoro viloyatida 236 shirkat uyushmasi va jamoa xoʻjaligi, 4162 fermer xoʻjaligi, 41 xoʻjaliklararo korxona, 5 parrandachilik fkasi mavjud (2001), Chorvachilik Buxoro viloyatining rivojlangan tarmogʻi boʻlib, qoramolchilik, qoʻychilik, echkichilik, yilqichilik, tuyachilik va parrandachilik rivojlangan. Ayniqsa, Buxoro qorakoʻllari mashhur.

Buxoro viloyatining barcha tizimdagi xoʻjaliklarida 428 ming qoramol, shundan 184,7 ming sigir, 750 ming qoʻy, 64 ming echki, 3 ming yilqi, 2,8 ming ■ tuya, 771 ming parranda mavjud (2001). Viloyatda ipak qurti ham boqiladi. 10 ta oʻrmonchilik xoʻjaligi boʻlib, asosiy oʻsimliklari saksovul, cherkez, qandim. Qorakoʻl oʻrmon xoʻjaligida esa dorivor oʻsimliklar ham yetishtiriladi.

Transporti. Buxoro viloyatidan magistral t. y. oʻtgan. Eng katta t. y. stansiyasi — Kogon. Viloyat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllarining umumiy uz. 9820 km, shu jumladan qattiq qoplamali yoʻllar 4655 km (2000). Asosiy avtomobil yoʻllari: Buxoro—Toshkent, Buxoro — Urganch— Nukus, Buxoro—Turkmanobod (Chorjoʻy) va Buxoro—Termiz yoʻnalishlari. Aeroport bor.

Madaniymaorif, sogʻlnqni saqlash va sport. 2000/01 oʻquv yilida viloyatda 528 umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 325,2 ming oʻquvchi, 25 gimnaziyada 5700 oʻquvchi taʼlim oldi. 19982001-y. larda 14 kasbhunar kolleji va 5 akademik litsey qurib topshirildi. 14 kasbhunar kollejida 2400 oʻquvchi oʻqiydi. 2001— 2003-y. larda viloyatdagi mavjud 10 texnikum va 24 hunartexnika bilim yurtlari kasbhunar kollejlari va akademik litseylarga aylantiriladi (OʻzR Vazirlar Mahkamasining 2001-y. 12 iyun qarori). Viloyatda 3 oliy oʻquv yurti bor: Buxoro universitetы, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyam institutы, Buxoro tibbiyot instituti. Ularda 9800 talaba taʼlim oladi (2001). Buxoro sh. da Oʻzbekiston paxtachilik i. t. in-tining Buxoro filiali (1928—94 y. larda Buxoro paxtachilik tajriba styasi) faoliyat koʻrsatmoqda.

Viloyatda Buxoro davlat meʼmoriybadiiy muzeyqoʻriqxonasi (uning 6 filiali bor), 450 ommaviy kutubxona, 148 klub, 210 madaniyat uyi, 7 madaniyat va istirohat bogʻi, 15 badiiy havaskorlik jamoalari bor. Buxoro sh. dagi Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat kutubxonasi (1921) respublikadagi nufuzli kutubxonalardan sanalib, unda noyob qoʻlyozmalar mavjud.

Buxoro viloyatida 2 ta teatr bor. Sadriddin Ayniy nomidagi musiqali drama va komediya teatri toʻngʻich uzbek professional teatrlardan biri. 1921-y. xavaskorlar guruhi asosida tashkil qilingan (q. Buxoro teatri). Buxoro viloyat qoʻgʻirchoq teatri 1982-y. tashkil qilingan (q. Buxoro viloyat qoʻgʻirchoq teatri).

Buxoro viloyatidan Olim Xoʻjayev, Hikmat Latipov, Saʼdixon Tabibullayev, Lutfulla Nazrullayev, Nazokat Neʼmatova, Aminjon Akobirov, Razzoq Xamroyev kabi yirik sanʼatkorlar; Domla Halim Ibodov, Ota Jalol Nosirov, Ota Gʻiyos Abdugʻaniyev, Levina Hofiz, Sattor Yarashev, Oʻlmas Rasulov, Muxtor Ashrafiy, Mutal Burhonov, Mustafo Bafoyev singari xalq hofizlari va kompozitorlari. Maryam Yotsubova, Tesha Moʻminov, Baxtiyor Ixtiyorov, Ahmadjon Shukurov singari xalq artistlari yetishib chiqqan.

Sogʻliqni saqlash. Viloyatda 6700 oʻrinli kasalxonada 4343 vrach va 16100 oʻrta tibbiy xodim ishlab turibdi. 22 ayollar konsultatsiyasi, 281 qishloq vrachlik punkti, 68 feldsherakusherlik punkti, 28 qishloq uchastka kasalxonasi bor. 17 poliklinikada jarrohlik markazlari, 9 ambulatoriyada ixtisoslashtirilgan davolash markazlari tashkil etilgan. Viloyatda 3 sanatoriy, jumladan Sitorai Moxi Xosa sanatoriysi mavjud. Buxoro sh. dan 25 km narida Toʻdakoʻl dam olish maskani joylashgan. 2001-y. gacha oʻz kasbi boʻyicha xususiy ish faoliyati yuritish uchun viloyatda 150 mutaxassisga litsenziya berildi. Sport. Buxoro viloyati sportchilarisportning koʻplab turlari boʻyicha turli darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqda (kurash, chim ustida xokkey, voleybol, futbol, tennis, boks va b.). B. v. da shakllangan va oʻz tarixiy ildiziga ega buxorocha kurash bugungi kunda oʻzbekcha kurash sifatida jahon sport olamida oʻziga xos oʻrin e gall ad i. Buxorodan sambo boʻyicha jahon va Yevropa chempioni Sobir Qurbonov, 2-marta jahon chempioni Shuhrat Xoʻjayev, jahon chempionlari Shuhrat Ochilov, Botir Turdiyev, Ra uf Boltayev, Botir Xujayev, kurash boʻyicha 1-jahon chempionlari Akobir Qurbonov, Kamol My rodov, 1Osiyo chempioni Farhod Turayev, Shuhrat Saʼdiyev (yunonrum kurashi), Narimon Otayev (boks) kabi mashhur sportchilar yetishib chiqqan. «Sitora» ayollar jamoasi chim ustida xokkey boʻyicha Osiyo chempionlari kubogi sohibidir (2000). Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, sport turlari Buxoro sh. va viloyatda ommalashdi. Zamonaviy sport inshootlaridan «Buxoro» futbol klubining 25000 tomoshabinga moʻljallangan «Buxoro» stadioni, «Semurgʻ» suv havzasi, «Olimpiya» sport majmui, turli darajadagi xalqaro musobaqalar oʻtkaziladigan «Xumo» tennis korti mavjud. Buxoro viloyatida 44 bolalar va oʻsmirlar sport maktabida 27 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim oladi (2001).

Adabiyoti. Buxoro qadimdan shoir va ulamolar toʻplangan eng yirik shaharlardan biridir. Unga «Qubbat ulislom», «Buxoroyi tarif» unvonlari berilgan. Buxoroda «malik ulkalom» Abu Abdulloh Jaʼfar Rudakiy yashab, ijod qildi. Narshaxiyshtt «Buxoro tarixi» asarida goʻzal sheʼriy parchalar mavjud. Balʼamiy Tabariyning «Taʼrix…» asarini Buxoroda fors tilida qaytadan yozgan. Ibn Sino buyuk qomusiy olim boʻlish bilan birga arab va forstojik tillarida shsʼriy asarlar yozgan. Buxorolik Daqiqiy Abu Mansur Muhammad Firdavsiyning ustozi boʻlib, «Shohnoma» dostonini dastlab u yoza boshlagan. Abu Mansur Saolibiy «Yatimat ud-dahr» tazkirasida 10-a. da poytaxt Buxoroda yashab arab tilida ijod qilgan 25 shoir haqida qimmatli maʼlumotlar keltiradi. Uning yozishicha, «Buxoro Somoniylar hukmronligi davrida shonshuhrat makoni, saltanat kaʼbasi va zamonasining ilgʻor kishilari jamlangan, yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va oʻz davrining fozil kishilari yigʻilgan joy edi». Avfiy Buxoriy adib, tarjimon va tazkiranavis olim edi. U Turon adabiyotida tazkiranavislik janriga asos solgan. Sharofiddin Buxoriy (13— 14-a. lar) mashhur «Chor kitob»ni tuzgan shofirkonlik ulugʻ mutasavvuf shoirdir.

Temuriylar sulolasi davrida Buxoroda Nosir Buxoriy, Ismat Buxoriy (1365—1426), Burunduq Buxoriy, Tohir Buxoriy, Xayoliy Buxoriy, Sayfiy Buxoriy (15-a.) kabi shoirlar yashab, devon tuzishgan. Ismat Buxoriy uzbek, fors va arab tillarida sheʼr yozish anʼanasini Buxoroda boshlab berdi. «Ibrohim Adham» dostonini oʻzbekchada bitdi. U temuriy shahzoda Xalil Sultonning murabbiysi edi. Muhammad Solih Muhammad Shayboniyxonta bagʻishlangan oʻzbekcha «Shayboniynoma» dostonini yezdi. Shayboniylar sulolasining vakillari boʻlgan Buxoro xonlari Muhammad Shayboniyxon «Shayboniy», Ubaydullaxon ibn Mahmud Sulton «Ubaydiy», Abdul laxon II «Xon» ta xalluslari bilan sheʼr va dostonlar yozishdi, devon tuzishdi. Xususan, Ubaydullaxonning ijodi sermahsul boʻlib, u uzbek, fors, arab tillarida lirik gʻazallar, masnaviy yoʻlida soʻfiyona mazmun bilan sugʻorilgan risolalar yozgan.

Hasanxoʻja Nisoriy «Muzakkiri ahbob» tazkirasida 16-a. da faqat Buxoroning oʻzida yashab, ijod qilgan 110 nafar shoir va tarixchilarning nomlarini keltiradi. Ular orasida Mavlono Abdurahmon Mushfiqiy, Mavlono Majlisiy, Fazlulloh ibn Roʻzbehon Isfahoniy («Mehmonnomayi Buxoro» tarixiy asari va oʻzbekcha sheʼrlari bor), Mavlono Naxliy (1549—1636; u Hofiz Tanish Buxoriy boʻlib, «Abdullanoma» — «Sharafnomai shohiy» tarixiy asarining muallifidir), Mavlono Xoja Muhammad Sadr (Afzaliy), Mavlono Foniy, Mavlono Qabuliy Buxoriy, Devona Husomiy (Husomiy Qorakoʻliy; 1442—1505), Sayd Podshohxoʻja bin Abdulvahhobxoʻja (Xoja), Mavlono Kasiriy, Mavlono Afsariy, Sayfiy Aruziy, Saqqo Buxoriy kabi mashhur shoirlar bor.

Turdi Farogʻiy, Buxoriy Naxliy, Shavkat Buxoriy (17-a.), Mulham Buxoriy, Voras, Saidkamol Fitrat (17— 18-a. lar), Imlo Buxoriy, Abdullatif Kirom Buxoriy (18-a.) ashtarxoniylar davridagi eng taniqli shoirlar edi. Buxoro viloyatida mashhur shoir Sayido Nasafiy (17-a.) yashab ijod qildi. Yirik faylasuf olim Muhammad Sharif Buxoriy (vafoti 1697) «Favoidi Hoqoniyya» (1643), Muhammad Yusuf Munshiy «Tarixi Muqimxoniy», Mir Muhammad Amir Buxoriy «Ubaydullanoma», Muhammad Amin ibn Muhammad Zamon Buxoriy «Muhit attavorix» tarixiy asarlarini yozishdi. Mir Muhammad Amin Buxoriy Subxonqulixon (hukmronligi 1681 — 1702) va Ubaydullaxon II ibn Subxonqulixon (hukmronligi 1702 — 1711) saroyida bosh munshiylik lavozimida xizmat qildi. Buxoro xoni Subxonqulixon «Nishoniy» taxallusi b-n sheʼrlar yezdi. Muhammad Vafoyi Karminagiy (1685—1769) «Tuhfat ulXoniy» («Xon tuhfasi») kitobining muallifidir. Shoir, tarixchi va munajjim Abdurahmon Toleʼ (18-a.) «Tarixi Abulfayzxon» asarini yaratdi. Muhammad Sharif Buxoro amirligi tarixiga oid «Toj uttavorix» (1800) asarini yezdi.

Buxoroda mangʻitlar sulolasi davrida Mirzo Sodiq Munshiy, Mirzo Ato, Muhammad Nishotiy, Mujrim Obid, Soʻfixoʻja Soʻfiy, Bebok, Vozeh, Savdo (1824—73), Muztarib, Iso Maxdum Buxoriy (1827—88), Muhammad Siddiq Hayrat (1876—1902), Abdurahmon Tamkin (1851—1915), Mirzo Hayit Sahbo, Ahmad Donish, Yaʼqub ibn Doniyol Buxoriy (17711831), Mulla Ibodulla va Mulla Muhammad Sharif (18 — 19-a. lar), Muhammad Olim Buxoriy (19-a.), Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy kabi shoir va tarixchilar ijod qilishgan. Sadr Ziyo — Sharifjon Maxdum (1867—1932), Mirzo Sirojiddin Hakim (18771912), Mulla Ikrom (Ikromcha domla) ham ularning munosib izdoshlari edi. Buxorolik Afzali Pirmastiy (vafoti 1915) «Afzal uttazkor» (1904) tazkirasida 19-a. oxiri — 20-a. boshida Buxoroda yashab oʻtgan 135 ijodkor haqida maʼlumot beradi.

Jadid adabiyotining tamal toshini qoʻyganlar safida buxorolik Abdurauf Fitrat va Sadriddin Ayniy bor. Abdulvohid Burhonov M«unzim» taxallusi bilan sheʼrlar yozgan.

20-a. da Buxoroda oʻziga xos adabiy muhit shakllandi. Sulton Joʻra (1910 — 43), Muhammadjon Rahimiy (1901—67), Jalol Ikromiy, Toshpoʻlat Hamid (1927—84), Saʼdulla Karomatov, Nemat Aminov, Jamol Kamol, Omon Muxtor, Oydin Hojiyeva, Toshpoʻlat Ahmad kabi shoir va adiblar shoʻrolar rejimi davrida xam badiiy jihatdan pishiqasarlaryaratshddi. Bugungi oʻzbek adabiyotining taraqqiyotida Gulchehra Joʻrayeva, Usmon Qoʻchqor, Sadriddin Salimov, Tilak Joʻra, Nortoʻxta Qilich, Safar Barnoyev, Yusuf Jumayev, Halima Ahmedova, Ahad Hasan, Vafo Fayzullo, Sulaymon Rahmon, Chorshaʼm Roʻzi kabi shoir va yozuvchilarning oʻziga xos hissasi bor. Mustaqillik davrida buxorolik ijodkorlar oʻz salaflarining anʼanalariga sodiq qolgan holda oʻzbek, tojik, rus tillarida samarali ijod qilishmoqda.

Buxoro viloyatida Oʻzbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, meʼmorlar, jurnalistlar va b.) ning viloyat shoʻbalari faoliyat koʻrsatmoqda. Matbuoti, radnoeshittnrnshn va televvщyeniyesi. Buxoro viloyatida 2 viloyat gaz. («Buxoronoma», «Buxarskiy vestnik»), 11 tuman gaz., 2 shahar gaz. chiqadi. Viloyatda, shuningdek 9 tarmoq gaz. nashr etiladi.

Buxoro viloyatida dastlabki radio eshittirishlari 1922-y. dan boshlagan. Oʻsha davrdan radio ijtimoiysiyosiy hayotga doyr mazmunli eshittirishlari b-n eʼtibor qozonmoqda. Buxoro viloyati radiosi oyiga 30 soatlik hajmda eshittirishlar beradi (2001).

1924-y. da Turkistondagi dastlabki kino tashkiloti Buxoroda tuzildi (q. «Buxkino»). 1993 ylan Buxoro viloyati televideniyesi faoliyat koʻrsatmoqda. Studiya uchun maxsus bino kurilgan. Bir oylik koʻrsatuvlar vaqgi 30 soatdan ortadi. Buxoroda «Istiklol» xususiy televideniyesi tashkil ztilgan (1995). Buxoro viloyati Gʻijduvon shla «Ark» xususiy televideniyesi ham bor.

Meʼmoriy yodgorliklari. Buxoro viloyati kddimiy davr, ilk va oʻrta asrlarda qurilgan meʼmoriy yodgorliklarga juda boy. Hoz. vaqtda Buxoro davlat meʼmoriybadiiy muzeyqoʻrikxonasi hisobida 997 tarixiy yodgorliklar mavjud. Turondagi eng qad. yodgorliklardan biri sanalgan Buxoro hukmdorlarining qarorgohi — Buxoro arki (mil. av. 1-a.) bugungi kungacha saqlangan.

Shahar yonidagi Fathobodda Sayfiddin Boharziy makbarasi (13a.), Bayonkulixon makbarasi (14-a.), Buxoro tumanidagi Sumiton qishlogʻida Chorbakr ansambli (16-a.), Hazrat bobo masjidi (18-a.), amirning yozgi qarorgohi — Sitorai Mohi Xosa saroyi (19—20-a. lar), Vobkent tumanida Vobkent minorasi (12-a.), Chashmai Ayyub hazirasi (1208), Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy maqbarasi (13-a.), Abdurahmon Vali maqbarasi (14-a.), Vobkent hammomi (16—17-a. lar), Toshmasjid (16—17-a. lar), Soʻfidehqon xonaqosi (17—18-a. lar), Jondor tumanida Varaxsha sh. xarobalari (7-a.), Mahmud Torobiy dahmasi (13a.), Qizbibi majmuasi (15-a.), Kogon tumanidagi Qasri Orifonda Hazrat Bahouddin majmuasi, Abdulazizxon honaqosi va Dahmai Shohon (14—16-a. lar), Hazrat Mir Kulol maqbarasi (14a.), Kogon sh. da Temiryoʻlchilar (sobiq Amir) saroyi (19—20-a. lar), Peshku tumanida Xoʻjam Bandi Kushod va Xoʻjam Sayd Poʻlat maqbaralari (18—19-a. lar), Romitan tumanida Xoja Ali Rometaniy — Xojai Azizon va Xoja Muhammad Boboyi Samosiy maqbaralari (14-a.), Mulla Mir Hakim xonaqosi, Shofirkon tumanida Vardonze sh. yodgorligi (6— 7-a. lar), Hazor Hyp daxmasi (8-a.), Xoja Orif Revgariy — Mohitobon maqbarasi (13-a.), Qorovulbozor tumanida Boʻzachi va Qorovulbozor sardobalari (17-a.), Qorakoʻl tumanida Poykend sh. xarobalari (8-a.). Shoburxon ota maqbarasi va masjidi, Gʻijduvon tumanida Hazrat Abduxoliq Gʻijduvoniy — Xojai Jahon (12-a.) masjidi va maqbarasi, Ulugʻbek madrasasi (15-a.), Toshmasjid va Dehqonbobo xonaqosi (15—16-a. lar), Xoja Soktare masjidi (17-a.), Chorsu masjidi (18 — 19-a. lar) kabi noyob meʼmoriy obidalar saqlangan. Shuningdek, Buxoro vohasida Raboti Malik karvonsaroyi va Malik sardobasi (11-a.), Karmana sh. ida Mirsaid Bahrom maqbarasi (10—11-a. lar), Qosim shayx xonaqosi (16-a.) mavjud.

Bu tarixiy yodgorliklarda Sharq meʼmorlik anʼanalari oʻzaro uygʻunlashib ketgan. Oʻzbek xalqi tomonidan ikki ming yil mobaynida bunyod qilingan bu obidalar ajdodlarimizning boy isteʼdodi va badiiy mahoratidan, katta yaratuvchilik kudratidan dalolat beradi.

Ad.: Buxoro Sharq durdonasi (uzbek, fransuz, ingliz, rus tillarida), T., 1997; Insoniyatning ilmiy va madaniy merosi — uchinchi ming yillikka (1997-y. 18—20 okt. Buxoro—Xiva), T., 1997; Moziydan taralgan ziyo. Imom al-Buxoriy (uzbek, arab, rus tillarida), T., 1998; Buxoriylar boʻstoni, T., 1998; Muhammad Yusuf Munshiy, Mukimxanskaya istoriya, T., 1956; Chexovich O. D., Buxarskiye dokumentы XIV vv., T., 1965; Abu Mansur asSaolibiy, Yatimat addahr, T., 1976; Maxmud ibn Vali, More tayn, T., 1977; Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993; Buxoro: tarix sahifalari, Buxoro, 1998; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2kitob. Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida, T., 2000; Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1qism, T., 2000.

Isroil Nazarov, Qahramon Rajabov.


Lotin alifbosida maqola: BUXORO VILOYATI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: B harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ANDIJON VILOYATI
ARMANISTON
ARNASOY TUMANI
AMUDARYO TUMANI
AFRIKA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты