ANOR

ANOR (Punica granatum L.) — anordoshlar (anorgullilar oilasi)ga mansub, subtropik meva oʻsimligi; boʻyi 2—10 m daraxt yoki buta. Vatani Oʻrta Osiyo, Ozarbayjon, Eron va Afgʻoniston; yovvoyi turlari Oʻrta dengiz atrofi, Oʻrta Osiyoning jan. da, Qrim, Kavkaz, Eron, Afgʻoniston, Old Osiyo va Dogʻistonda uchraydi. Oʻzbekistonda Quva, Namangan, Denov va Kitob (Vargʻanza) tumanlari aʼlo sifatli Anor lari bilan mashhur. Botanik tavsifi. Barglari mayda, nashtarsimon, shoxlari tikanli (shirin mevalisida tikani kamroq). Iyun—iyulda gullaydi. Gullari ikki jinsli, yirik (diametri 8 sm gacha), och kizil, shoxi uchida bitta, ikkita, baʼzan beshtagacha joylashadi. Urugʻchisi (onaligi) normal rivojlangan, koʻzachasimon guli meva tugadi, urugʻchisi qisqa, qoʻngʻiroqsimon gullari odatda meva tugmaydi. Anor chetdan changlanadi. Mevasi yirik, dumaloq, qizgʻish (qizil poʻst) yoki oqish (oq poʻst) boʻlib, ogʻirligi 250—1000 g keladi. Mevasi 6—12 uya (xona) li, doni och pushti yoki toʻq qizil. Taʼmi shirin, chuchuk-nordon va nordon, sersharbat (40—60%), tarkibida 14—21% kand, 0,3—9% limon kislota, tanin, vitamin V, S bor. Pusti 29—50%, doni 10 — 20% ni tashkil etadi. Mevasi, poʻsti, ildiz poʻstlogʻida 28% gacha oshlovchi moddalar bor. Xoʻjalik ahamiyati. Anor asosan, meva sifatida isteʼmol etiladi. Anordan qandolat va tibbiyotda keng foydalaniladi, teri oshlashda va gazlamalarni boʻyashda ishlatiladi. Gulbargi va meva poʻstidan boʻyoq, donidan sharbat tayyorlanadi. Yovvoyisidan limon kislota olinadi. Baʼzi turlari xushmanzara oʻsimlik sifatida ekiladi. Biologik xususiyatlari. Anor asosan, qalamchadan koʻpaytiriladi. Unumdor qumoq, nami yetarli tuproqlarda yaxshi oʻsadi. Qurgʻoqchilikka chidamli, lekin namsevar. Yerning unumdorligiga qarab, koʻchat oraligʻi 4×4 va 5×4, tomorqalarda 3×3 m qilib ekiladi. Oʻzbekiston sharoitida kech kuzda xashak, qamish bilan yopiladi yoki tuproqqa koʻmilib, bahorda ochiladi. Vegetatsiya davri 180—215 kun. Yozdan kuzgacha gullaydi. Mevasi 120—160 kunda — sent. ning ikkinchi yarmida pishadi. — 15° —17° sovuqqa chidaydi, — 20° da yer usti qismi (tanasi)ni sovuq urib ketadi. Anor 3—4 yoshdan meva tuga boshlaydi, 8—10 yoshdan toʻliq hosilga kirib, 30—40 yil meva beradi. Hosildorligi 200 s/ga gacha boradi. Agrotexnikasi. Anor koʻchati eqilganidan keyin birinchi yildan boshlab 30—40 sm balandlikda 4—5 ta asosiy shox qoldirib past boʻyli daraxt koʻrinishida yoki 3—4 asosiy shox qoldirib butasimon shakl beriladi. Har yili qurigan, nimjon rivojlangan, eskirgan oʻzak novdalar kesib turiladi. Vegetatsiya davrida 6—10-marta sugoriladi, qator oralari yumshatiladi, begona oʻtlardan tozalanadi, oziqlantiriladi.

Zararkunandalari — mevaxoʻrlar, bitlar, kanalar; kasalligi — novdalar qorasoni.

Navlari. Kolleksiyalarda Anorning 69 navi hisobga olingan. Lekin Oʻzbekistonda ixtisoslashgan xoʻjaliklarda asosan achchiqdona va qozoqi Anor koʻp ekiladi, qay Anor, qizil Anor, oq dona, ulfi va b. navlari ham keng tarkalgan. Achchiqdona. Jaydari nav. Mevasi 400—600 g. Mazasi nordon, sharbati qizil, tarkibida 15—16% qand bor. Poʻsti qalin, 5 oygacha yaxshi saqlanadi. Tupi 30—35 kg hosil beradi. Fargʻona vodiysida keng tarqalgan. Qay A. Jaydari nav. Mevasi yirik (500—700 g). Nordonxushxoʻr, sharbati qizgʻish. Tarkibida 19—20% qand bor. Poʻstining qalinligi oʻrtacha, martgacha saqlanadi. Tupi 35—40 kg hosil beradi. Oʻzbekistonning hamma viloyatlarida bor. Qizil A. Bu ham jaydari nav. Sharbati tarkibida qand 15—16%, poʻsti yupqa, uzoq saqlashga chidamsiz. Qozoqi Anor Xalq seleksiyasi yoʻli b-n yetishtirilgan. Mevasi 250—300 g, ayrimlari 600 — 700 g. Mazasi nordonshirin, sharbati kizil. Tarkibida 18—19% qand bor. Poʻsti qalin, 6 oygacha saqlanadi. Tupi 50—60 kg hosil beradi. Toshkent, Andijon, Surxondaryo viloyatlarida keng tarqalgan. O q dona (shirin anor) A. Jaydari nav. Mevasi 250—350 g, ayrimlari 500—600 g. Mazasi shirin. Sharbati pushti, tarkibida 19— 21% qand bor. Poʻsti yupqa yoki oʻrtacha qalinlikda, qizgʻish-pushti, baʼzisi oq, 2—3 oy saqlanadi. Tupi 25—30 kg hosil beradi. Oʻzbekistonning koʻpchilik viloyatlarida oʻstiriladi.

Mahmud Mirzayev, Rixsivoy Joʻrayev.


Lotin alifbosida maqola: ANOR haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AFGʻONISTON
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
Ulug'bek Ismailov - Guli
ANJIR
ANORDOSHLAR


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты