AVTOMOBIL KRAN, avtokran — avtomobil shassisiga oʻrnatiladigan yuk ortish-tushirish mashinasi. Ish organi burilma strela (quloch)dan iborat. Qurilish-montaj, donali yuklarni ortish-tushirish ishlarida qoʻllaniladi. Ish organi elektr va suyuqlik kuchidan yoki avtomobil dvigatelidan harakatlantiriladi. Avtomobil kran 15 t gacha yukni koʻtara oladi, strelasining qulochi 2 — 12 m, yukni 20 m gacha yuqoriga koʻtaradi. Avtomobil kranning turgʻun boʻlishini taʼminlovchi qoʻshimcha tiraklari (autrigerlari) bor.