ABDULLA QAHHOR (1907.17.9, Qoʻqon — 1968.25.5, Moskva) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1967). Temirchi oilasida tugʻilgan. Bolaligi Qoʻqon va uning atrofidagi qishloqlarda oʻtdi. Oqqoʻrgʻon qishlogʻidagi Mamajon qorining usuli savtiya maktabida tahsil koʻrdi. Oilasi Qoʻqonga koʻchib kelgach «Istiqlol» nomli shoʻro maktabiga oʻqishga kiradi, undan internat, «Kommuna», «Namuna» maktablarida, soʻng bilim yurtida tahsil koʻradi. Bilim yurtining «Adib» qoʻlyozma jur. da dastlabki mashqlari bilan qatnashadi. Toshkentdagi «Qizil Oʻzbekiston» gaz. si tahririyatining «Ishchi-batrak maktublari» varaqasiga muharrirlik qildi (1925). U gaz. da ishlash jarayonida Oʻrta Osiyo davlat un-tining ishchilar f-tini tamomlaydi (1928). Abdulla Qahhor yana Qoʻqonga borib, dastlab oʻqituvchilarni qayta tayyorlash kursida muallimlik qiladi; koʻp oʻtmay «Yangi Fargʻona» viloyat gaz. siga kotib va «Chigʻiriq» hajviy boʻlimiga mudir etib tayinlanadi (1929). Abdulla Qahhorning «Oy kuyganda» ilk hajviy sheʼri «Mushtum» jur. da Norin shilpiq taxallusi ostida bosildi (1924). Soʻng uning bir qancha hajviy sheʼr va hikoyalari «Mushtum», «Yangi yoʻl» jur. lari va «Qizil Oʻzbekiston» gaz. sida Mavlon kufur, Gulyor, Nish, Erkaboy, E-voy kabi taxalluslar ostida eʼlon qilindi. Abdulla Qahhor 30-y. larda yana Toshkentga qaytadi va Oʻrta Osiyo davlat un-tining pedagogika f-tiga oʻqishga kiradi (1930), ayni paytda «Sovet adabiyoti» jur. da masʼul kotib vazifasini bajaradi. Oʻzdavnashrda muharrir va tarjimon (1935 — 53). 1954 — 56 y. larda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining raisi. Abdulla Qahhor umrining oxirlarida davolanish uchun Moskvaga boradi va oʻsha yerda vafot etadi. Toshkentdagi Chigʻatoy qabristonida dafn etiladi.
Abdulla Qahhor ijodi sheʼriyat bilan boshlangan esada, uning adabiy merosi negizini nasriy asarlar tashkil etadi. «Boshsiz odam» (1929) hikoyasi chop etilgan vaqtdan boshlab umrining oxirigacha hikoya, ocherk, publitsistika, qissa va roman janrlarida samarali ijod qildi. Abdulla Qahhorning dastlabki ijodidagi «Qishloq hukm ostida» qissasi (1932) shoʻro mafkurasi asosida yozilgan. Uning «Boshsiz odam» hikoyasi bilan boshlangan hikoyanavislik faoliyatida esa tarixiy oʻtmish aks ettirilgan. «Koʻshchinor chiroklari» (1951) romanida (dastlabki varianti «Qoʻshchinor», 1946) jamoalashtirish davrining voqealari badiiy tasvirlangan.
Abdulla Qahhorning 30-y. lar ijodida uning birinchi romani — «Sarob» muhim oʻrinni egallaydi. Yozuvchining ushbu romani bosh qahramon Saidiyning faoliyatini koʻrsatishga qaratilgan, yana unda 20-y. larning 2-yarmidagi oʻzbek xalqi hayotining maishiy, etnog-rafik, iqtisodiy va maʼnaviy manzaralari yaqqol aks etib turadi. «Sarob» keng mavzuli roman boʻlgani uchun yozuvchi oʻzining badiiy niyatini yalangʻoch holda koʻrsatmay, uni shu davr hayotining boshqa manzaralari koʻrinishida reallashtirishga uringan. Voqealar tasvirida yozuvchi hayot haqiqatini saqlab qolgan.
Abdulla Qahhor ijodiy hayoti davomida 40 dan ziyod asar eʼlon qilgan. Bu kitoblar orasida 30 ga yaqin hikoyalar ham boʻlib, ular oʻzbek adabiyotida hikoya janrining badiiy ufqlarini kengaytirgani bilan ahamiyatlidir.
Abdulla Qahhorning nasriy asarlari orasida «Qoʻshchinor chiroqlari» romani hamda «Sinchalak» (1958), «Oʻtmishdan ertaklar» (1965) va «Muhabbat» (1968) qissalari muhim oʻrin tutadi.
Abdulla Qahhorning isteʼdodi uchun komediya janri ham yaqin edi. Buni sezgan yozuvchi 50-y. lar arafasida dramaturgiya sohasida ham qalam tebratib, shu davrning muhim mavzularidan biri — qoʻriq yerlarni oʻzlashtirish mavzuida «Shohi soʻzana» («Yangi yer», 1949 — 53) komediyasini yaratdi. Shuni aytish lozimki, bu komediyada qoʻriq yerlarning — Mirzachoʻlning oʻzlashtirilishidan koʻra baʼzi kishilar ongidagi shoʻrning bartaraf etilishi mavzui birinchi oʻringa olib chiqilgan. Urushdan keyingi oʻzbek adabiyotidagi asosiy konflikt — yangilik bilan eskilik oʻrtasidagi ziddiyat bu komediyada oʻzining teran badiiy tasvirini topgan. Bu asarda Abdulla Qahhor ustalik bilan kulgili holatlar yaratgan va hajviy boʻyoqlardan mo-hirona foydalangan holda konfliktni oʻziga xos ravishda hal qilgan. Ushbu komediya xorijiy mamlakatlar sahnasida ham oʻynalib, oʻzbek teatr sanʼatining kamol topib borayotganini namoyish etdi. Bundan ilhomlangan yozuvchi «Ogʻriq tishlar» (1954), «Tobutdan tovush» (1962) hamda «Ayajonlarim» (1967) komediyalarini yaratdi. Bu asarlarda, xususan «Tobutdan tovush»da oʻsha davr uchun xos boʻlgan illatlar hajv oʻti ostiga olindi. Ayniqsa soʻnggi asarda Abdulla Qahhor oʻziga xos noziq tuygʻu b-n jamiyatdan poraxoʻrlikdek dahshatli illatni tag-tomiri bilan yoʻqotish istagida uning ayrim koʻrinishlarini sahnaga olib chiqdi, u «Soʻnggi nusxalar» nomi b-n ham sahna yuzini koʻrdi.
Abdulla Qahhor yozuvchi sifatida oʻzbek tilini noziq his etuvchi va uning boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanuvchi qalamkash edi. U oʻzining nasriy asarlarida ham, komediyalarida ham tildan foydalanish va ona tilining cheksiz imkoniyatlarini namoyish etishning ajoyib namunalarini berdi va oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiy tilining kamol topishiga ulkan hissa qoʻshdi.
Abdulla Qahhor hayotining soʻnggi kunlarida shoʻro jamiyatida shaxsga sigʻinishning avj olishi orqasida yuz bergan fojialarni tasvirlovchi «Zilzila» qissasi ustida ish olib bordi. Lekin uni tugata olmadi. Abdulla Qahhor tarjimon sifatida ham mashhur. U Pushkin, L. Tolstoy, Gogol, Chexov asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ayni paytda Abdulla Qahhor asarlari rus, ukrain, belorus, qozoq, qirgʻiz, tojik, qoraqalpoq kabi tillarga tarjima qilingan. Uning ayrim hikoyalari esa ingliz, nemis, fransuz, chex, polyak, bolgar, rumin, arab, hind, Vyetnam tillarida chop etilgan.
Abdulla Qahhor Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti (1966) laureati. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2000). Uning nomi Toshkent va Qoʻqondagi bir necha koʻcha, maktab va jamoa xoʻjaliklariga, shuningdek madaniyat uylari va respublika Satira teatriga berilgan. Toshkentda Abdulla Qahhor uy-muzeyi ochilgan (1987).
As: Asarlar, 5 jildli, 1 — 5-jildlar, T., 1987 — 89; Zilzila, — «Sharq yulduzi», 1996, 11 – 12-son.
Ad:. Qahhorova K., Chorak asr hamnafas, T., 1987; Sharafiddinov O., Abdulla Qahhor, T., 1988; Qoʻshjonov M., Abdulla Qahhor mahorati, T., 1988. Naim Karimov.