ASBOBSOZLIK SANOATI — mashinasozlik uchun qirquv va oʻlchov asboblari, uzunlikni oʻlchaydigan anjomlar, kesuvchi slesar-montaj asboblari hamda moslamalar chiqaradigan sanoat tarmogʻi. Turli asboblar i. ch. ning rivojlanishi metallni qayta ishlash sanoati, ayniqsa, stanoksozlikning oʻsishi b-n bogʻliq. Asbobsozlik sanoati mustaqil sanoat tarmogi sifatida 19 – a. oʻrtalarida tarkib topdi. 19-a. ning 20 — 30 y. larida qattiq metallarni eritishning ixtiro qilinishi ularni eritib, qotishmaga aylantiradigan asboblarning vujudga kelishiga sabab boʻldi. Asbobsozlik sanoati koʻpgina sanoat tarmoqlarini kerakli asboblar bilan taʼminlaydi. Ayniqsa, u mashinasozlik z-dlari uchun asboblar tayyorlashda katta ahamiyatga ega. Mashinasozlik korxonalarining oʻzida ham ayrim asboblar tayyorlanadi. Maxsus asbobsozlik z-dlarida kumir, neft, togʻ-kon sanoatlari va tibbiy muassasalari uchun ham asboblar ishlab chiqariladi.
Asbobsozlik sanoati Oʻzbekistonda ham rivojlangan. 1940-y. gacha respublika korxonalaridagi ayrim sexlarda kam miqdorda asboblar tayyorlanar edi. Toshkentda asbobsozlik z-di (1943), 1941-y. Toshkent korborund va abraziv z-dlari ishga tushirildi (1963-y. da ikki z-d birlashtirilib, Toshkent abraziv k-ti tashkil etildi). 1970-y. dan olmos, 1973-y. dan sunʼiy olmos mahsulotlari i. ch. boshlandi. 1975-y. dan toʻliq abraziv mahsulotlari i. ch. ga oʻgildi. 1990 — 96 y. larda k-t «Elbor» i. ch. birlashmasiga aylantirildi (1996-y. dan «Oʻta qattiq materiallar» aksiyadorlik jamiyati). Jamiyat mahsulotlari chet ellarga ham eksport qilinadi. Oʻzbekistonda asbobsozlik sanoati korxonalari («Toshkent asbobsozlik z-di», «Toshkent abraziv z-di», «Oʻta qattiq materiallar» ochiq turdagi davlat-aksiyadorlik jamiyatlari) «Oʻzmashsanoat» uyushmasi tarkibiga kiradi. Shuningdek, yirik mashinasozlik sanoati korxonalarida maxsus asbobsozlik sexlari mavjud. Yirik ilmiy-amaliy markazlardan biri boʻlgan «Texnolog» aksiyadorlik jamiyati oʻta qattiq materiallardan yangi asboblar tayyorlash va joriy etishni taʼminlaydi.
Mirhamid Toʻrayev.