BANDIXON TUMANI — Surxondaryo viloyatining tuman. 1992-y. 18-mayda tashkil etilgan. Bandixon tumani viloyatning Qumqoʻrgʻon, Qiziriq, Jarqoʻrgʻon, Sherobod, Boysun tumanlari b-n chegaradosh. Mayd. 0,20 ming km2. Aholisi 30,0 mingdan ortiq kishi (2000). Bandixon tumanida 5 qishloq fuqarolari yigʻini (Bandixon, Kirshak, Olmazor, Chorvador, Qiziriq) bor. Markazi — Bandixon qishlogʻi.
Bandixon tumanida bir qancha qad. qoʻrgʻon qoldiqlari topilgan. Bulardan eng yirigi Bandixon qoʻrgʻoni (mil. av. 2 — 1 – alarga oid) arxeologlar tomonidan 1973-y. aniqlangan.
Tabiati. Bandixon tumani hududi asosan gʻarbda shim. dan sharq va jan. ga tomon pasayib boradigan Surxon-Sherobod dashtlarining shim. qismida joylashgan. Tuman hududida asosan jan.-gʻarbdan shim.-sharqqa yoʻnalgan SherobodSariqamish togʻlari va BandixonQiziriq adiri bor. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 2,5° — 3°, iyulniki 30° – 31°. Yiliga 160 – 200 mm yogʻin tushadi. Tumanning shim. dan Bandixon soyi oqib oʻtadi. Tuman xoʻjaliklari Oqqopchigʻay va Sherobod ariqlaridan sugʻoriladi. Tuprogʻi tipik boʻz, qumloq va qisman taqir-boʻz tuproqlar. Oʻsimliklari efemer va efemeroidlardan iborat. Togʻli qismlari va jarliklarda boʻri, tulki, sudralib yuruvchilar, qushlar va hasharotlar (chayon, qoraqurt) yashaydi.
Aholisining asosiy qismi (96%) ni oʻzbeklar, 3%ni tojiklar tashkil qiladi, shuningdek tatarlar, ruslar va b. ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 145 kishi toʻgʻri keladi. Barcha aholi qishloqlarda yashaydi.
Xoʻjaligi asosan agrar xususiyatga ega. Sugʻoriladigan ekin maydonlari tuman yer fondining 70%ni tashkil etadi. Yaylovlar 27,5%ni, dehqonchilikka yaroqli yerlar 2,5%ni tashkil qiladi. Bandixon tumanida 6 jamoa xoʻjaligi mavjud. Q. x. da paxtachilik asosiy oʻrinni egallaydi. Gʻalla ekinlari ekiladi, tokchilik, bogʻdorchilik rivojlangan.
Tumanda 4 kichik korxona, 46 dehqon va fermer xoʻjaligi, chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 5 aksiyadorlik jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda. 22 xususiy kichik korxona, 11 tegirmon, 40 xususiy doʻkon va oshxonalar, 6 objuvoz bor. Sherobod — Denov avtomobil yoʻli B. t. ni kesib oʻtgan.
Bandixon tumanida Shreder nomidagi respublika Bogʻdorchilik, tokchilik va vinochilik korporatsiyasining filiali mavjud.