BURGALAR (Siphonaptera) — qon soʻruvchi hasharotlar turkumi. Uz. 1—6 mm, urgʻochisi erkagidan yirikroq. Tanasi ikki yondan kuchli siqilganligidan hayvonlarning yungi va pati orasida yengil va tez harakat qiladi. Qanotlari ikkilamchi reduksiyaga uchragan. Koʻpchilik turlarining bir juft oddiy koʻzi bor. Ogʻiz organi kesuvchi — sanchuvchi — soʻruvchi tipda. Oyoqlari (ayniqsa keyingisi) yaxshi rivojlangan, sakrovchi. Urgʻochilari pol tirqishlari, toʻshamalar osti, devor yoriqlari yoki kemiruvchilar iniga bir necha oʻnta tuxum qoʻyadi. Tuxumlardan oyoqsiz, chuvalchangsimon, tanasi tuk bilan qoplangan qurtlar chiqadi. Ular pilla ichida gʻumbakka aylanadi. Qurtlar hayvonlarning organik qoldiqlari va chirindilar, jumladan Burgalar axlati bilan oziqlanadi. Burgalar 3 y. gacha, odam burgasi esa 2 y. gacha yashaydi. 1400 ga yaqin turi, shundan 310 turi Oʻrta Osiyoda uchraydi. Burgalar issiq qonli hayvonlar va odamda parazitlik qiladi. Keng tarqalgan turlari: odam burgasi (Pulex irritans), it burgasi (Ctenocephalides canis), kalamush burgasi (Ceratophyllus fasciatus), olaqurt (Vermipsylla alacurt). Odam va kalamush Burgalari odamga oʻlat va terlama kasalligi qoʻzgatuvchilarini yuqtiradi.
Baʼzi Burgalar gelmintlarning oraliq xoʻjayini hisoblanadi. Odam Burgalari qarovsiz qolgan uylarda koʻp uchraydi. Qarshi kurash choralari: uy-joylarni toza tutish, polni karbolning 2—5%li eritmasi bilan yuvish, devor va poldagi yoriqlarni kerosinga hoʻllangan latta bilan artish, Burgalar uchraydigan joylarga piretrum va xlorpikrin sepishdan iborat.