BUQOQ

BUQOQ, oʻsimliklar raki — oʻsimliklarda uchraydigan kasallik. Oʻsimlik ayrim organlarining haddan ortiq va notoʻgʻri oʻsib ketishi natijasida oʻsimta, gʻudda, oʻsma, shishlar paydo boʻladi. Bunda hujayralar normal boʻlinmay, hajmi kengayadi, natijada, kengaygan hujayra toʻqimasi tashqariga oʻsimta — shish boʻlib oʻsib chiqadi. Bunday shishlar «buqoq» yoki «rak» deyiladi. Kartoshka B., mevali daraxtlarning ildiz raki, olmaning qora raki, pomidor bakterial raki keng tarqalgan va koʻp zarar yetkazadi. Kartoshka rakini Sunchytrium endobioticum zamburugʻi qoʻzgʻatadi. Kartoshka tuganaklarida, ahyonda poya va barglarida qattiq doʻmboq shishlar paydo boʻladi. Bu kasallik ichki karantin obyekti hisoblanadi. Rakka chidamli navlar va kasallik yuqmagan urugʻlik ekish, tuproqni nitrafen va b. preparatlar bilan yuqumsizlantirish choratadbirlari koʻriladi. Olma, nok daraxtlaridagi ildiz raki deb ataladigan kasallikni Bacterium tumefaciens bakteriyasi paydo qiladi, kasallik daraxtning ildizi va ildiz boʻgʻzini shikastlaydi. Olmaning qora rakini Sphaeropsis melorum zamburugʻi keltirib chiqaradi. Daraxtning tanasi, asosiy shoxlari, poʻstlogʻi, bargi, guli, mevalarini zararlaydi. Avval shishlar kichkina boʻlib, astasekin kattalashadi, och sariq yoki och pushti rangga, keyinchalik jigarrangga kirib, sirti gʻadirbudurlashadi. Katta shishlar oʻsimlikda bir necha oy va hatto 2—3 yil saqlanadi. Kasallikni vujudga keltiradigan organizmlar namgarchilik kam boʻlganda koʻpayib, tuproq, shamol, yomgʻir hamda hasharotlar orqali tarqaladi. Kasallangan oʻsimlik yaxshi rivojlanmaydi, barglari sargʻayib quriydi, ayniqsa ildizdagi shishlar suv va oziq-ovqat moddalar harakatini susaytiradi. Buqoqga qarshi kurashish uchun sogʻlom koʻchat va qalamchalar tayyorlash, kasallangan novda, shox va zanglarni kuzda kesib, kesilgan joyiga mis kuporosining 1% li yoki temir kuporosining 5% li eritmasini surtish, koʻchat ildizlarini 1% li eritma bilan dezinfeksiyalash, kasal koʻp tarqalgan koʻchatzorni haydab, yerdan 3—4 yilgacha foydalanmaslik, daraxt tanasini ohak b-n oqlash, vegetatsiya davrida daraxtga turli fungitsidlar (naptan, sineb, xolitsin va b.) purkash zarur.

Sulton Alimuhamedov.


Lotin alifbosida maqola: BUQOQ haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: B harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ALMASHLAB EKISH
BAKTERIAL KASALLIKLAR
Tushda olma ko`rsa nima bo`ladi.
BIOTEXNOLOGIYA
BIOLOGIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты