BEKOBOD TUMANI — Toshkent viloyatidagi tuman. 1926-y. 29 sent. da tashkil etilgan (1962-y. 24 dek. da Sirdaryo viloyati Yangiyer tumaniga qoʻshib yuborilgan, 1963-y. 17 apr. da kayta tuzilgan). Shim. da Toshkent viloyatining Boʻka tumani, gʻarbda Sirdaryo viloyati, sharq va jan. da Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Mayd. 0,76 ming km2. Aholisi 127,7 ming kishi (2000). Bekobod tumanida 1 shaharcha (Zafar) va 12 qishloq kengashi (Bahoriston, Bekobod, Guliston, Dalvarzin, Jumabozor, Madaniyat, Mehnatobod, Oxunboboyev, Pushkin, Chanoq, Yangi hayot, Qiyot) bor. Markazi—Zafar shaharchasi. Tabiati. Tuman xududi Dalvarzin choʻli va qisman Mirzachoʻlda joylashgan. Eng sharqida yer yuzasi bir oz oʻrqir. Tumanning adir qismida jar koʻp. Tuman hududi Sirdaryo tomon qiya. Iqlimi keskin kontinental. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —2,5°, iyulniki 28,5°. Yiliga 227 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 220 kun. Tumanning jan. da shamol koʻp boʻladi (q. Bekobod shamoli). Jan. sharqdan shim. sharqqa tomon Sirdaryo oqib oʻtadi. Sirdaryo sohilida qoldiq koʻllar (Qolgansir, Katta Qolgansir, Yangikoʻl, Haybatkoʻl, Qozon, Shoʻrkoʻl) bor. Dalvarzin (oʻng va soʻl tarmoqlari b-n), Jivali, Oʻrtoqli, Doʻstlik kanallari va Xasyoz arigʻi oqib oʻtadi. Tuprogʻi oʻtloqi va oʻtloqi-botqoq, oqish boʻz tuproq. Botqoq, shoʻr bosgan va eroziyaga uchragan yerlar ham bor. Bekobod tumanida miya, yantoq, qamish, koʻgʻa, yulgʻun, qiyoq kabi oʻsimliklar oʻsadi. Chiyaboʻri, toʻqay mushugi, boʻrsiq, qoʻshoyoq, koʻrsichqon, kaltakesak va ilonlar, qushlardan oʻrdak, loyxoʻrak, qirgʻovul, soʻfitoʻrgʻay, chumchuq va b. yashaydi.
Aholisi, asosan oʻzbeklar, shuningdek tatar, tojik va b. millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 160 kishi toʻgʻri ksladi. Shaharliklar 8,1 ming kishi, qishloq aholisi 119,6 ming kishi (2000).
Xoʻjaligi. Tuman hududida Farhod GES, Sirdaryo GRES, Dalvarzin paxta tozalash z-di, kanop tayyorlash punkti joylashgan. Q. x. da paxtachilik yetakchi oʻrinda. Bogʻdorchilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik bilan shugʻullaniladi. Tumanda 2 qoʻshma korxona, 26 kichik korxona va 2 kooperativ korxona mavjud. Bulardan eng muhimlari: «Niyoz», «Yulduz», «M. Yoʻlchiyev», «Feruza» va b. Q. x. da sugʻoriladigan yerlar 37,9 ming ga, shu jumladan 19 ming ga yerga paxta, 300 ga yerga sabzavot, 4,2 ming ga yerga sholi ekiladi. Adirlarda bahori va kuzgi arpa, bugʻdoy, sugʻoriladigan yerlarda sholi ekiladi. Bekobod tumanida 12 jamoa xoʻjaligi, 1 xoʻjaliklararo korxona, 2 shirkat xoʻjaligi, 330 fermer xoʻjaligi va b. xoʻjaliklar bor (2000). Chorvachilik bilan ham shugʻullaniladi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 34486 qoramol, 14712 qoʻy va echki, 179600 parranda bor (2000). Tumanning jan. dan Fargʻona vodiysiga boradigan t. y., Toshkent— Boʻka—Bekobod avtomobil yoʻli oʻtgan. 1999/2000 oʻquv yilida 62 umumiy taʼlim maktabida 31,5 ming oʻquvchi taʼlim oldi. 50 ommaviy kutubxona, 18 klub, 10 kinoqurilma, 26 madaniyat uyi, 435 oʻrinli 3 kasalxona va dispanser, 27 tibbiyot punkti boʻlib, ularda 191 vrach, 1201 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1931-y. dan «Bekobod ovozi» tuman gazetasi chiqadi (adadi 1200).