ANALGETIKLAR (analgetik moddalar) — ogʻriqni qoldiruvchi yoki kamaytiruvchi dorilar; farmakologik taʼsiriga koʻra narkotik va narkotikmas Analgetiklar farq qilinadi. Narkotik Analgetiklarga morfin, omnopon va uning sintetik oʻrindoshlari (promedol, fenadon va b.) kiradi; ular turli ogʻriqlar, jumladan shikastlanish va b. hollardagi kuchli ogʻriqlarni ham qoldiradi. Narkotik Analgetiklar takror-takror qabul qilinganda odam unga oʻrganib, qoʻmsaydigan boʻlib qoladi va bu narkomaniyaga sabab boʻlishi mumkin. Narkotikmas Analgetiklarga kimyoviy tuzilishi turlicha boʻlgan sintetik moddalar (amidopirin, analgin, fenatsetin, atsetilsalitsilat kislota, paratsetamol va b.) kiradi; bu xil Analgetiklarning narkotik Analgetiklarga Karaganda ogʻriq qoldiruvchi taʼsiri kuchsizroq boʻlib, asosan, nevralgiya tusidagi ogʻriklarda, mialgiya (muskullar yalligʻlanishi)da, tish va bosh ogrigida ishlatiladi. Narkotikmas Analgetiklar ogʻriq qoldirish bilan bir qatorda isitma tushishiga va yalliglanishni bartaraf etishga ham yordam beradi.