DAVLAT HUQUQI

DAVLAT HUQUQI — muayyan davlatning ijtimoiy tuzumi, davlat tuzilishi asoslari va davlat hokimiyati organlarining tashkil etilishini, inson va fuqarolarning asosiy huquklari, erkinliklari va burchlarini hamda saylov tizimini belgilovchi va tartibga solib turuvchi huquqiy normalar yigʻindisi. «Davlat huquqi» atamasi bilan bir qatorda konstitutsiyaviy huquq atamasi qoʻllanilib kelinmoqda, ularning predmeti va tadqiqot obyektlari bir xil boʻlganligi bois sinonim sifatida tushunmoq kerak. Bundan tashqari davlat huquqi uch maʼnoda: huquq tarmogʻi, fan va oʻquv kursi sifatida qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi D. h. — Oʻzbekiston Respublikasi huquq tizimining yetakchi tarmogʻi hisoblanadi; uning normalari davlat va jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy asoslarini, davlat hokimiyatini amalga oshirish hamda jamiyat, davlat va shaxs orasidagi munosabatlarni tashkil etuvchi ijtimoiy munosabatlarni oʻrnatadi, rivojlantiradi va huquqiy tartibga solib turadi. Shu bois Davlat huquqining asosiy prinsiplari, qoidalari va normalari huquq tizimining boshqa tarmoqlari (jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik, fuqarolik-protsessual, maʼmuriy, xoʻjalik, mehnat huquqi va sh. k.)ni belgilab beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat huquqining bosh manbai Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hisoblanadi. Davlat huquqi manbalarini Qorakalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek, davlat-huquqiy mazmunga ega boʻlgan yoki davlat-huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan normalarni oʻz ichiga olgan konstitupiyaviy va oddiy qonunlar, Prezident farmonlari va karorlari, Oliy Majlis reglanmenti, nizomlar, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, mahalliy hokimiyatning qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzgan bitim va shartnomalari tashkil etishi mumkin. Jamiyatdagi munosabatlarni Davlat huquqi normalari bilan tartibga solish natijasida kelib chiqadigan munosabatlarni davlat-huquqiy munosabatlar deb ataladi . Davlat-huquqiy munosabatlarning ishtirokchilari davlat-huquqiy munosabat subyektlari deb ataladi. Oʻzbekiston Respublikasida davlat-huquqiy munosabatlarning asosiy subyektlari quyidagilardan iborat: davlat sifatida Oʻzbekiston Respublikasi; Oʻzbekiston Respublikasining xalqi; Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar; Qoraqalpogʻiston Respublikasi; Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, sudlov organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, barcha pogʻonadagi xalq deputatlari Kengashlari va hokimliklar); deputatlar va ularning uyushmalari; saylov komissiyalari; jamoat birlashmalari; fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va b.

Oʻzbekistonda Davlat huquqi fanining rivojlanishi asosan 20-a. ning 20-y. laridan boshlandi va mustaqillik yillarida keng qamrov oldi. Oʻzbekistonda huquqiy demokratik davlat qurilishi va fuqarolik jamiyati shakllantirilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi va faoliyatining takomillashtirilishi, inson huquqlari va erkinliklarining taʼminlanishi, siyosiy tizimning erkinlashtirilishiga doir O. Eshonov, A. Aʼzamxoʻjayev, Sh. Oʻrazayev, A. Toʻlaganov, A. Azizxoʻjayev, 3. Islomov, H. Boboyev, O. Husanov, R. Qayumov, X. Odilqoriyev, E. Xalilov, U. Tojixonov, A. Saidov, M. Fayziyev, S. Sultonov kabi huquqshunos olimlarning ishlari eʼtiborga loyikdir.

Abdujabbor Toʻlaganov.


Lotin alifbosida maqola: DAVLAT HUQUQI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: D harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



KONSTITUTSIYAVIY HUQUQ
ROSSIYA
SAYLOV KOMISSIYASI
DAVLAT
SAYLOV HUQUQI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты