DANGʻARA TUMANI

DANGʻARA TUMANI — Fargʻona viloyatidagi tuman. 1939-y. 10 fev. da tashkil etilgan (1962-y. 24 dek. da Pop tumani bilan birlashtirilgan. 1970-y. 7 dek. da qayta tuzilgan). Dangʻara tumani viloyatning Buvayda, Uchkoʻprik, Oʻzbekistan, Furqat tumanlari, Qoʻqon sh., Namangan viloyatining Pop tumani, Tojikiston Respublikasining Asht tumani bilan chegaradosh. Mayd. 0,45 ming km2. Aholisi 122,4 ming kishi (2000). Dangʻara tumanida 1 shaharcha (Dangʻara), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Mulkobod, Naymancha, Oqjar, Sanam, Taypoq, Chinobod, Qiyali, Gʻalaba) bor. Markazi — Dangʻara shaharchasi.

Tabiati. Dangʻara tumani relyefi asosan tekislik. Uning jan.-gʻarbiy qismi Soʻx yoyilmasining shim.-gʻarbiy chekkasida, shim.-gʻarbiy qismi esa Sirdaryoning birinchi va ikkinchi terrasalarida joylashgan. Toʻrtlamchi davrning gil, qumoq va qumlari tarqalgan. Tumanning shim.-gʻarbida barxan, doʻng qumlar bor. Iqlimi kontinental iqlim. Yozi issiq, qishi birmuncha yumshoq. Iyulning oʻrtacha t-rasi 26,8°, yanv. niki —2,2°. Vegetatsiya davri 220 kun. Yiliga oʻrtacha 110 mm yogʻin tushadi. Bahor va kuzda kuchli «Qoʻqon shamoli» esadi. Dangʻara tumanida Naymansoy, Oqtepasoy, Urganji ariqlari bor. Tuman hududidan Sirdaryo oqib oʻtadi. Sirdaryo suvi Abdusamat va Olxamak nasos st-yalari orqali chiqariladi. Artezian va drenaj quduqlari yordamida yer osti suvlaridan ham foydalaniladi. Tuproqlari asosan sugʻoriladigan oʻtloq, qumli oʻtloq va shoʻrxoklardan iborat. Yovvoyi oʻsimliklardan qumliklarda saksovul, qandim, yulgʻun, pastqamliklarda yantoq, shuvoq, oqbosh, shoʻrxoklarda qorabaroq, baliqkoʻz, toʻrgʻayoʻt, Sirdaryo sohillarida turangʻil, tol, chingʻil va b. oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, tulki, boʻri, toʻqay mushugi, kemiruvchilar, qushlardan chumchuq, hind maynasi, toʻrgʻay, oʻrdak, qashqaldoq, qirgʻovul va b. yashaydi.

Aholisi, asosan oʻzbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va b. millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 272 kishi toʻgʻri keladi. Aholining 90% dan koʻprogʻi qishloqlarda istiqomat qiladi.

Xoʻjaligi, asosan paxta yetishtirishga ixtisoslashgan. Pillachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik rivojlangan. Q. x. da foydalaniladigan yerlar mayd. 32,5 ming ga. Dangʻara tumani dagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarda 13 ming qoramol, 16 ming qoʻy-echki, 15 ming parranda boqiladi. 6 sanoat korxonasi, 10 qurilish-taʼmirlash tashkiloti, 2 avtokorxona, 9 savdo va tayyorlov shoxobchasi, boʻrdoqichilik bazalari, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaliklari mavjud. 1997-y. da Soyshildir tikuvchilik f-kasi, Dangʻara konserva z-di ishga tushirildi. 330 dan ortiq kichik korxonada turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Dangʻara tumanida 1 jamoa xoʻjaligi, 5 shirkat mavjud.

Dangʻara tumanidan Toshkent—Oʻsh—Qashqar, Qoʻqon—Xoʻjand, Qoʻqon — Namangan, Qoʻqon—Jomashuy avtomobil yoʻllari oʻtgan. 40 ga yaqin umumiy taʼlim maktabi, 2 kollej bor. Dangʻara tumanida 6 madaniyat saroyi, 53 kutubxona, 67 sogʻliqni saqlash muassasasi, 6 kasalxona mavjud. 1941-y. dan «Gʻalaba» tuman gaz. chiqadi (adadi 5496).


Lotin alifbosida maqola: DANGʻARA TUMANI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: D harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
NAMANGAN VILOYATI
TOJIKISTON
XITOY
POP TUMANI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты