DEVONU LUGʻOTIT-TURK

«DEVONU LUGʻOTIT-TURK» («Turkiy soʻzlar devoni») — Mahmud Koshgʻariyning turkiy tillar haqidagi qomusiy asari (1071—72). Bu asarda 11-a. ning 2-yarmida Markaziy Osiyoda va Gʻarbiy Xitoy hududida istiqomat qilgan turkiy urugʻ va qabilalar, ularning ijtimoiy ahvoli, tili, tarixi, bu hududning geogr. si, metrologiyasi va astronomiyasiga oid qimmatli maʼlumotlar yozib qoldirilgan. «Devonu lugʻotit-turk»ning qoʻlyozmasi 1914-y. Turkiyaning Diyorbakr sh. dan topilgan. 319 sahifali bu qoʻlyozma hoz. Istanbulda saqlanadi. Bu nusxa «Devonu lugʻotit-turk» yozilganidan salkam 200-y. keyin, yaʼni Mahmud Koshgʻariyning oʻz qoʻli bilan yozilgan nusxadan 1266-y. da kotib Muhammad ibn Abu Bakr ibn Fotihal-Soviy aldamashqiy tomonidan koʻchirilgan.

«Devonu lugʻotit-turk» arab tilida yozilgan, 8 mingdan ortiq turkiy soʻzlarni toʻgʻri talaffuz qilish maqsadida arabcha hara-katlar (harflardagi ost-ust ishoralar)dan foydalanilgan. Bunda, albatta, muallif ancha qiyinchilikka uchragan, chunki arabcha harf va alif, vov, yo) ishoralari b-n turkiy tovushlarni berib boʻlmas edi. Turkiy tildagi choʻziq va qisqa unlilar, yumshoq va qattiq tovushlar uchun Maxmud Koshgʻariy maxsus belgilar (harakatlar)ni qoʻllaydi yoki soʻz boshidagi choʻziqlikni ikki alif bilan koʻrsatadi yoki 2 xil talaffuz qilinadigan soʻzlarga 2 xil ishora qoʻyadi: azuqluq, eritmak soʻzlaridagi 3 va R harflari ustiga ham kasra, ham damma ishorasini qoʻygan, demak, bu soʻzlar oʻsha davrda ikki xil talaffuz etilgan: azmqluq — azuqluq, eritmak — erutmak kabi. Arabcha harf b-n koʻrsatish mumkin boʻlmagan turkiy talaffuzni «Devonu lugʻotit-turk»da izohlab, taʼriflab oʻtgan. «Devonu lugʻotit-turk»da, avvalo, otlar, soʻng feʼllar izohlanadi. Soʻzlar tartibi ularning tarkibidagi harflarning orta borishiga (2 harfdan 7 harfgacha) qarab amalga oshirilgan.

Mahmud Koshgʻariy «Devonu lugʻotit-turk»ga oʻzi tuzgan dunyo xaritasi (dunyoning doira shaklidagi tasviri)ni ilova qilgan. Xaritada mamlakat, shahar, qishloq, togʻ, choʻl, dovon, dengiz, koʻl, daryo va h. k. ning nomlari yozilgan. Xaritaga yozilmay qolgan bir qancha nomlar asar matnida izohlangan. Xarita, asosan, hoz. Sharqiy yarim sharga toʻgʻri keladi. Asarda 11-a. dagi shaharlar, qishloqlar, dengiz, koʻllar, turkiy qabilalar va urugʻlar haqida, urugʻlarning ijtimoiy aqvoli, kelib chiqishi, nomlanishi, ichki urugʻ va toifalari, ularning joylanishi, urf-odatlari, til xususiyatlari haqida batafsil maʼlumotlar beriladi. Bundan tashqari, hayvonot va oʻsimliklari, ularning nomlanishiga toʻxtalib oʻtadi, astronomik maʼlumotlar, burj va muchal haqida ham maʼlumotlar bor. «Devonu lugʻotit-turk»da ayniqsa qabila va urugʻ tillariga oid lingvistik maʼlumotlar ancha batafsil berilgan. Bunda har soʻzning maʼnolari (polisemiya, omonim, sinonim, antonim va arxa-ik soʻzlar) chuqur tahlil qilinadi, ayrim soʻzlarning etimologiyasiga toʻxtalib oʻtadi. Tovushlar (fonemalar)ning taxlili ancha mukammal: unli va undosh fonemalar, choʻziq va qisqa unlilar, ularning urugʻ tillaridagi talaffuzi va orfografiyasi, tildagi fonetik hodisa va qonuniyatlar batafsil izohlangan. Morfologiya sohasida soʻz turkumlarini, davr anʼanasiga koʻra, 3 soʻz turkumiga: feʼl, ism, bogʻlovchiga boʻlib, ularning yasalish va turlanish yoʻllarini koʻrsatib oʻtadi. «Devonu lugʻotit-turk»da 250 dan ortiq maqol va matallar, oʻnlab sheʼriy parchalar keltirilgan.

V. V. Bartold «Devonu lugʻotit-turk»dan oʻz ilmiy ishlarida keng foydalanganini sharqshunos S. Volin koʻrsatib oʻtgan. Til-shunos olim V. I. Belyayev «Devonu lugʻotit-turk» haqida shunday yozadi: «Biz bu asarga nihoyatda yuksak baho berishimiz kerak, chunki u kitoblardan olib yozilmagan, balki jonli materialni shaxsan kuzatishga asoslangan… Muallif bergan maʼlumotlar… arxeologik kashfiyotlar bu maʼlumotlarning aksariyatini isbot etmoqda». Nemis sharqshunosi K. Brokkelman «Devonu lugʻotit-turk» asarini 1928-y. nemis tiliga tarjima qildi. «Devonu lugʻotit-turk» qoʻlyozmasining fotonusxasi Istanbulda Kilisli Rifat (3 jildli; 1915—17) keyinchalik Besim Atalay tomonidan (3 jildli; 1939—41) turk tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. «Devonu lugʻotit-turk» ningturktilidagi keyingi qayta nashri 1957-y. amalga oshirildi. «Devonu lugʻotit-turk» ikkinchi boʻlib oʻzbek tiliga tarjima qilinib, muhim izoh va tafsirlari bilan 1960—63 y. lari Toshkentda «Fan» nashriyotida 3 jildda chop etilgan. Bu tilshunos olim, filol. fanlari dri, prof. Solih Mutallibovning 35 yillik mehnati natijasi edi. Ushbu nashr faqat tarjima boʻlmay, turkcha tarji-maga munosabat, baho, atamalar, shaxs nomlari, shahar va joy nomlariga izoh, va tafsir hamdir. Oʻzbekcha nashrining muqaddima qismida 11-a. filologlari, «Qutadgʻu bilig» asari, Maxmud Koshgʻariyning lingvistik qa-rashlari, turkiy qabilalar, ularning shakllanishi, bu urugʻ va qabilalar, tillarning hoz. turkiy xalqlar va ularning tiliga munosabati, tarjima transkripsiyasi toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan. «Devonu lugʻotit-turk» oʻzbekcha na-shrining oxirida turkiy urugʻ, qabila, shaharlar va b. toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar bor, asarning har bir jildida havolalar berilib, unda uch-ragan soʻz va iboralar keng taʼriflanadi, izohlanadi. Oʻzbekcha nashrining muhim tomonlaridan biri, uning har bir jildi asosida tuzilgan koʻrsat-kichdir. Unda «Devonu lugʻotit-turk»da uchragan soʻzlar alifbo tarzida keltirilib, soʻzning oʻzbek va rus tilida tarjimasi beriladi. Mazkur soʻzning «Devonu lugʻotit-turk» ning qaysi betlarida uchrashi (oldin oʻzbek-cha, soʻng turkcha nashrlarining beti, satri) koʻrsatib oʻtiladi.

Gʻanijon Abdurahmonov.



ALISHER NAVOIY
ARABSHUNOSLIK
BUXORO VILOYATI
BERUNIY
AMIR TEMUR


Добавить комментарий