HURUFIYLAR — 14-15 – a. larda Eronda vujudga kelgan islom taʼlimotidan yiroqlashib ketgan shia firqalaridan birining tarafdorlari. Firqaga Fazlulloh Astrobodiy (taxm. 1340—taxm. 1401) asos solgan. 1386 — 87 y. larda u oʻz taʼlimotini targʻib qilib chiqqan. U arab harflari sirli mazmunga ega degan taʼlimotni ilgari surgani uchun alhurufiy (lugʻaviy maʼnosi «harfchi») taxallusini olgan, firqaning nomi shundan kelib chiqqan. Tarixiy maʼlumotlar boʻyicha, uni Amir Temur Shirvonga badargʻa qilgan, shu sababli Hurufiylar Temur va uning xonadonidan boʻlgan hukmdorlarga nafrat bilan qaragan. Temurning Eron va Ozarbayjon yerlarida hukmron boʻlgan oʻgʻli Mironshohni ular daj-jol deb taʼriflagan. Hurufiylar tez vaqt ichida Eron, Ozarbayjon, Turkiya va Suri-yada tarqalgan. Hurufiylar olam abadiy, insonda xudoning qiyofasi aks etgan, olam taraqqiyotining har bir bosqichida xudo qiyofasi insonda mujassamlanib namoyon boʻladi, ana shunda insonning oʻzi xudo boʻladi, oxirgi paygʻambar — Muhammad, avliyolarning birinchisi Ali, oʻn birinchi imom Hasan al-As-kariy esa imomlarning oxirgisi, Fazlulloh Astrobodiy — xudo mujas-samlashgan birinchi inson, degan taʼlimotni ilgari suradi. Tez orada yerga Mahdiy kelib, ilohiy adolat oʻrnatadi, barchani teng qiladi, insonning insonga zulm qilishi tugaydi, deb kutadi. Ular mavjud hokimiyatga qarshi qurolli kurash tarafdori boʻlgan, 1426—27 y. larda Hirotda temuriylardan boʻlgan hukmdor Shohruxga qarshi suiqasd uyushtirib, uni yarador qildi, lekin u tirik qoldi. Qoʻlga olingan Hurufiylar maxfiy tashkilotining aʼzolari beayov jazolandi va jasadlari olovda yondirildi. Hurufiylar qattiq taʼqib ostiga olindi va keyinchalik Eronda tugab ketdi.