JIGAR

JIGAR — hazm bezi. Odam va hayvonlarda ovqatning hazm boʻlishi va soʻrilishida qatnashadi, yogʻ va uglevodlarni zaxiraga yigʻadi. Xordali hayvonlar va odamda Jigar — murakkab, xayot uchun muhim aʼzo. Baliq va amfibiyalarda Jigar sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilardagiga nisbatan kattaroq; yirtqich hayvonlarda oʻtxoʻr hayvonlarnikiga nisbatan katta. Jigar shakli hayvonning gavda tuzilishiga bogʻliq.

Odamda Jigar — organizmdagi eng katta bez (vazni 1200—2200 g). Qorin boʻshligʻida, diafragmaning tagida, oʻng qovurgʻalar va qisman chap qovurgʻalar ostida yotadi. Rangi qizgʻish-qoʻngʻir, kattaroq oʻng boʻlagi bilan kichikroq chap boʻlagi bor. Oʻrta qismining pastki yuzasidagi koʻndalang chuqurcha Jigar darvozasi yoki qopqasi deb ataladi. Shu joydan Jigarga arteriya, darvoza venasi, nervlar kiradi va Jigarning oʻt yoʻli, jigar venasi chiqadi. Bu oʻt yoʻli oʻt pufagidan chiqqan yoʻlga qoʻshilib, oʻn ikki barmoq ichakka quyiladigan umumiy oʻt yoʻlini hosil qiladi.

Jigar organizmning markaziy biokimyoviy lab. si boʻlib, turli-tuman funksiyalarni bajaradi; J. boʻlmasa, odam, hayvon yashay olmaydi. Jigar bir sutkada 600—700 g oʻt (safro) ishlab chiqarib, ovqat hazm boʻlishida va oziq moddalarning ichakdan qonga soʻrilishida muhim rol oʻynaydi; oqsillar, yogʻlar va uglevodlar almashinuvida qatnashadi; bundan tashqari, moddalar almashinuvida hosil boʻladigan yoki tashqaridan kirgan zaharli moddalarni zararsizlantirib, himoya funksiyasini bajaradi. Jigarning maxsus yulduzsimon hujayralari fagotsitozga va anti-telolar hosil qilishga qodir. Jigar qonni yigʻib tura oladi. Jigar embrional rivojlanishda qon elementlari va gemoglobin hosil qilishda ham ishtirok etadi. Organizmdagi jami qonning 1/5 qismi Jigar tomirlariga sigʻishi mumkin. Qondagi ortiqcha suv qisman Jigarda ajralib chiqib, oʻt va limfa hosil boʻlishiga ketadi. Jigar oʻtni uzluksiz ishlab, oʻzining oʻt yoʻli orqali chiqaradi; oʻn ikki barmoq ichakka oʻt kirishi ovqatlanish vaqtida boshlanib, meʼda ovqatdan boʻshamaguncha davom etadi. Boshqa vaqtda esa umumiy oʻt yoʻlining halqasimon muskuli (sfinkteri) qisqarib, shu yoʻlning teshigini berkitib turadi. Jigarda hosil boʻladigan oʻt pufagiga kirgach, quyulib qorayadi, chunki undagi suv va qisman boshqa baʼzi moddalar oʻt pufagi devoridan qonga oʻtadi.

Hazm sistemasidan qonga oʻtgan hamma moddalar Jigarga kelib, qisman murakkab moddalar tuzilishiga sarf boʻladi, qisman esa parchalanadi. Mac, qon bilan kelgan amino kislotalardan qon oqsillari (albuminlar, globulinlar va b.) hosil boʻladi, bir qancha moddalar (fruktoza, galaktoza, laktoza, glitserin) dan Jigarda glyukoza sintezlanadi, bundan esa glikogen vujudga keladi. Glikogen Jigar hujayralarida zaxirada turadi va organizm koʻproq energiya sarflayotgan vaqtda glyukozaga aylanib, qonga oʻtadi.

Jigar pigmentlar almashinuvida qatnashadi; unda gemoglobin yemiriladi va bilirubin hosil boʻlib, eriydigan holga keladi. Jigarda yogʻsimon moddalar (lipoidlar) ishlanib chiqadi va qon bilan boshqa aʼzo, toʻqimalarga borib, moddalar almashinuvida. qatnashadi. Jigarda xolesterin, protrombin va geparin ham sintezlanadi.

Qon bilan Jigarga keladigan moddalardan baʼzilari organizmga zararli boʻlishi mumkin. Shu moddalarni zararsizlantirish, qisman esa oʻt bilan chiqarib yuborish Jigarning vazifasidir. Mac, qoʻrgʻoshin, mishyak va b. zaharli moddalar Jigarda ushlanib qoladi, soʻngra bezarar organik moddalar (koʻpincha oqsil moddalar) shaklida organizmdan chiqib ketadi. Organizmda oqsillar parchalanishidan hosil boʻladigan ammiak, qisman siydik kislota ham Jigarda mochevinaga aylanib, organizmdan siydik bilan chiqib ketadi (mochevina esa kamroq zaharli va yaxshi eriydigan moddadir).

Organizmda zararli moddalar koʻplab paydo boʻlganda (maye, hazm aʼzolarining surunkali kasalligida, alkogolizmda) Jigar funksiyalari buziladi, bu esa ogʻir kasalliklarga olib keladi. Jigar kasalliklaridan oʻtkir va surunkali yalligʻlanish jarayonlari, shuningdek, parazitar kasalliklar uchraydi (q. Gepatit, Jigar sirrozi, Exinokokkoz).

Nosir Axmedov.


Lotin alifbosida maqola: JIGAR haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: J harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BEZ
ITALIYA
BIOLOGIYA
IBN SINO
HAYOTNING PAYDO BOʻLISHI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты