KAMALAK — 1) osmon gumbazida rango-rang boʻlib koʻrinadigan yoy; yorugʻlikning atmosferadagi yomgʻir tomchilarida sinishi, qaytishi va difraksiyasi natijasida yuz beradi. Yomgʻir yogʻib oʻtgach, Quyoshga qarama-qarshi tomonda hosil boʻladi. Quyosh ufqqa qancha yaqin boʻlsa, Kamalak shuncha katta koʻrinadi. Kamalakning burchak radiusi 42° ga teng, tashqi qismi qizil, ichki qismi binafsha rangda koʻzga tashlanadi; unda boshqa ranglar toʻlqin uzunligiga qarab joylashadi. Ayrim vaqtlarda atmosferada qoʻshaloq Kamalak ham kuzatiladi. Qoʻshimcha K. ichki qizil qismining burchak radiusi 50° ga teng. Baʼzan, atmosferada ayni bir vaqtda 3 tadan 6 tagacha Kamalak hosil boʻlishi mumkin; 2) ov va jang quroli (q. Kamon, Oʻq-yoy).