OPTIKA (yun. optike — koʻrish haqidagi fan) — fizikaning yorugʻlikning tabiatini, yorugʻlik hodisalari qonuniyatlarini, yorugʻlik b-n moddalarning oʻzaro taʼsirini oʻrganadigan boʻlimi. Yorugʻlikning toʻgʻri chiziq boʻylab tarqalishi qadimda Mesopotamiya va qad. Misrda maʼlum boʻlgan hamda undan qurilish ishlarida foydalanishgan. Tasvirning koʻzguda hosil boʻlishi bilan mil. av. 3-a. da Aristotel, Platon, Yevklidlar shugʻullanishgan. Optikaning rivojlanishi I. Nyuton, R. Guk, F. Grimaldi, X. Gyuygens va b. ning ishlari bilan bogʻliq. 11-a. da arab olimi Ibn al-Xaysam (Algazen) Optika toʻgʻrisida risola yozgan boʻlsada, yorugʻlikning sinishi qonunini ifodalay olmagan. Faqat 1620-y. larda bu qonunni tajriba yoʻli b-n golland olimi V. Snellius va R. Dekart isbotladi. 17-a. dan yorugʻlik haqida korpuskulyar va toʻlqin nazariyalar paydo boʻla boshladi. Yorugʻlik korpuskulyar (zarra) nazariyasining targʻibotchisi X. Gyuygens edi.
Yorugʻlikning toʻlqin tabiati haqidagi tasavvurlar M. Lomonosov va L. Eyler tomonidan rivojlantirildi. 19-a. boshlarida ingliz olimi T. Yung va Optika Frenel ishlari yorugʻlik toʻlqin nazariyasining uzil-kesil gʻalabasiga olib keldi. O. Frenel kristallooptika hodisalariga toʻlqin nazariyasini qoʻlladi. T. Yung yorugʻlik interferensiyasi hodisasini kuzatdi. Bu hodisa yorugʻlik toʻlqin tabiatiga ega ekanligini koʻrsatdi. O. Frenel yorugʻlik interferensiyasi asosida yorugʻlikning toʻgʻri chiziq boʻylab tarqalishini, turli difraksiya xrdisalarini va b. ni tushuntirdi. Yorugʻlikning sinishi va qaytishida yorugʻlikning qutblanishini fransuz olimi E. Malyus kuzatdi (1808) va fanga «yorugʻlikning qutblanishi» terminini kiritdi. M. Faradey yorugʻlik qutblanish tekisligining magnit maydonda burilishini kashf qildi (1846) va elektromagnetizm bilan Optika orasidagi bogʻlanishni, tok kuchi elektromagnit birligining elektro-statik birligiga nisbati yorugʻlik tezligiga tengligini (3-10°sm/s) topdi.
J. K. Maksvell elektromagnit maydon tushunchasini rivojlantirdi, yorugʻlik ham elektromagnit toʻlqindan iborat, degan nazariyani yaratdi. U yorugʻlikning elektromagnit nazariyasiga asoslanib, yorugʻlikning hatto bosimi boʻlishini aytdi va uning son miqdorini nazariy aniqladi (1873). Uning nazariy tekshirishlari elektromagnit maydonning yorugʻlik tezligiga teng tezlik bilan tarqalishini koʻrsatdi. Italyan olimi A. Bartoli esa 1876-y. da yorugʻlik bosimining termodinamik asosini yaratdi. 1899-y. da P. N. Lebedev birinchi boʻlib tajriba yoʻli bilan yorugʻlik bosimini anikladi. 1888-y. da G. Gers vakuumda tarqalayotgan elektromagnit maydonning tezligi yorugʻlik tezligiga teng ekanligini anikladi va J. Maksvell nazariyasini tajriba yoʻli bilan tasdikladi.
Yorugʻlikning modsalar bilan taʼsirlashuvini 19-a. 90-y. larida juda koʻp olimlar, jumladan, nemis olimi E. Drude, G. Gelmgols va G. A. Lorents tekshirdilar. Lorents modda va yorugʻlikning elektromagnit nazariyasini yaratdi. Shu nazariya asosida Optika dagi qator hodisalarni, mas, yorugʻlikning dispersiya hodisasi, dielektrik singdiruvchanlik ye ning elektromagnit toʻlqin uzunligi X ga bogʻliq boʻlishi va h. k. ni tekshirish va tushuntirish mumkin boʻldi.
Klassik elektron nazariya ayrim optik hodisalarni tushuntirib bera olmadi va nazariya natijalari tajriba natijalariga, mas, mutlaq qora jismning issiklik nurlanishi spektrida energiya taqsimoti va b. ga mos kelmay qoldi. Bunday qiyinchilikni bartaraf qilish uchun M. Plank yorugʻlikning kvant nazariyasini yaratdi (1900). Optikaning keyingi rivojlanishi kvant mexanika nazariyalari bilan bogʻliq. Fotoeffekt hodisasi uchun Plank nazariyasini A. Eynshteyn rivojlantirib, yorugʻlik kvanti — foton tushunchasini fanga kiritdi (1905). Yorugʻlikning elektromagnit nazariyasi nisbiylik nazariyasining yaratilishiga mos boʻldi.
Optika shartli ravishda geometrik Optika va toʻlqin Optika siga, fiziologik Optika, nochiziqli Optika va b. xillarga boʻlinadi. Geometrik Optikada yorugʻlikning qaytishi va sinishi qonunlari asosida, yaʼni ikki muhit chegarasida yorugʻlikning sinishi va qaytishi natijasida obyektlarning tasviri hosil boʻlishini tushuntirish mumkin. Unda fotometriya, yorugʻlik oqimi, yorugʻlik kuchi, yoritilganlik va yorugʻlikni miqsoriy ifodalovchi boshqa kattaliklar qaraladi. Geometrik Optika fotometriya bilan birga Optika texnikasi, yaʼni optik asboblar nazariyasi va ratsional yoritish, yorugʻlik dastasini taqsimlash va yoʻnaltirish taʼlimotining ilmiy asoslari bilan ham shugʻullanadi.
Toʻlqin Optikasida interferensiya, difraksiya va yorugʻlikning qutblanishi kabi yorutlik tabiati bilan bogʻliq boʻlgan hodisalar oʻrganiladi. Bu hodisalar nazariyalarining rivojlanishi yorugʻlik tabiatini toʻla ochib berish bilan birga, yorugʻlikning qaytishi va sinishi qonunlarini xam tushuntirib bera oldi. Yorugʻlikning modda bilan taʼsiri tufayli har xil effektlar — mexanik (yorugʻlik bosimi, Kompton effekti), xususiy optik (yorugʻlikning sochilishi, fotolyuminessensiya), elektr (fotoelektr hodisa), kimyoviy (foto-kimyo va fotografiya effektlari), shuningdek, yorugʻlikning yutilishi va sochilishi, issiklik nurlanishi va b. kuzatiladi.
Yorugʻlikning yutilishi va sochilishi rang haqidagi taʼlimot asosini tashkil qilib, rassomlik sanʼatida keng ishlatiladi. Mas, tiniq boʻlmagan muhitda yorugʻlikning sochilishi fotolyuminessensiya uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Lyuminessensiya hodisasi hozirgi zamon gaz razryad va lyuminessensiya yorugʻlik manbalarini yara-tish maqsadida qoʻllaniladi. Bu yorugʻlik manbalari elektr energiyani ancha tejaydi. Ulardan lyuminissensiyalanuvchi ekranlar tayyorlashda foydalaniladi. Bu ekranlar rentgenologiya, televideniye, oʻlchov asboblari va harbiy texnikada ishlatiladi. Fotoelektr hodisaga asosan oʻlchov asboblari, har xil yorugʻlik relelari ixtiro qilindi. Optika texnikasi va mashinasozlikda metall yoki obyektni nazorat qilish yorugʻlik intenferensiyasi hodisasiga asoslangan. Yorugʻlik difraksiyasi hodisasi arxitektura akustikasida ultraakustik toʻlqinlarni optik qayd qilishga imkon beradi. Rentgen nurlarining molekulalar, ayniqsa, kristallardagi difraksiyasi moddalar strukturasini tahlil qilishda muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.
Fiziologik Optikada odam koʻzining optik xususiyatlari, koʻz nuqsonlarini optik vositalar (koʻzoynaklar, linzalar va b.) yordamida toʻgʻrilash, koʻz kasalliklarining kelib chiqishiga koʻz optik xususiyatlari buzilishining taʼsiri va b. masalalar oʻrganiladi.
Optikaning amaliy qoʻllanish sohasi keng, mas, spektral taxlil sohasida atom va molekulalarning spektrini tekshirish natijasida moddalarning tuzilishini aniklash mumkin. Spektral tahlil astronomiya, geol., biol., tibbiyot, tuproqshunoslik, sanʼatshunoslik va kriminalistika ishlarida; metallurgiya, mashinasozlikda, neft, kimyo sanoati, yengil sanoat, geologiya-qidiruv ishlari va b. da qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston FA tarkibida akad. P. Q. Habibullayev rahbarligida «Issiklik fizikasi» boʻlimining tashkil kilinishi (1977) respublikada Optikaning zamonaviy fundamental yoʻnalishlari boʻyicha i. t. ning keng rivojlanishiga asos yaratdi. Jumladan, lazer O. si, molekulyar tizimlar fizikasi, kondensatlangan muhitlar Optikasi, spektroskopiya, toʻlqin jarayonlar fizikasi va b. ga oid i. t. ishlar bajarildi. Boʻlimda moddalar yuqori t-raturaviy sintezi, strukturasi va xossalarini lazer nuri bilan boshkarishning yangi usullari ishlab chiqildi va ularning me-xanizmi, lazer nurining atomar muhitlar bilan taʼsiri oʻrganildi (D. T. Alimov). 5 — 1000° va 80 — 2000° t-ra intervalida ishlaydigan pirometr (A. E. Aliyev), infraqizil jiyemning nurlanishini qayd qilishda ishlatilishi mumkin boʻlgan yangi tur priyomnik yaratildi (A. T. Mamadalimov, A. S. Zoki-rova va X. T. Egamberdiyev). Kondensatlangan muhitlar optikasi sohasida oʻta toza shaffof muhitlarda lazer nurining tarqalishi bilan bogʻliq optik hodisalar oʻrganilib, unda yangi hodisa — tezkor keng polosali lyuminissensiya topildi. Nochizigʻiy modulyatsi-on nur tolalar Oxi yaratildi (M. A. Qosimjonov, E. A. Zohidov va S. S. Qurbonov). Lazer spektroskopiyasi sohasida nochizigʻiy muhitlarda lazer nurining anomal ogʻishi va oʻz-oʻzidan fokuslanishi hodisalari kashf qilin-di (T. Usmonov, S. A. Baxromov), tibbiyotda va ilmiy izlanishlarda keng qoʻllaniladigan eksimer lazerlar yaratildi (T. U. Arslonbekov). Muntazam bir jinsli boʻlmagan muhitlarda nurlar tartibsizligi xodisasi aniklandi (S. S. Abdullayev). Shuningdek, OʻzMU hamda SamDU fizika f-tlarida qattiq va suyuq (yumshoq) muhitlar strukturasini hamda ulardagi relaksatsiyaviy jarayonlarni optik usullar bilan oʻrganish sohasida keng qoʻlamli tadqiqotlar olib borildi (B. M. Nosenko, A. A. Ayvazova, Sh. O. Ota-jonov, U. V. Valiyev — OʻzMU; A. Q. Otaxoʻjayev, F. X. Tuxvatullin, L. M. Sobi-rov, A. Jumaboyev va b. — SamDU).
Ad.: Born M., Volf E., Osnovы optiki [per. s angl. ], M., 1973.
Ergash Nazirov.