KASPIY DENGIZI

KASPIY DENGIZI (qadimda Kavkazning sharqida yashagan kaspiy kabilasi nomidan; qad. va oʻrta asrlarda dengiz sohilida mavjud boʻlgan viloyatlar, elatlar, davlatlar nomi bilan Goʻrgon, Xuroson, Xorazm, Oq dengiz, Xvali, Xazar dengizi nomi bilan atalgan; ozarbayjonlar hoz. ham Xazar dengizi deb ataydilar) — Yer sharidagi eng katta berk suv havzasi, koʻpincha dunyodagi eng katta koʻl deb ham hisoblaydilar. RF, Qozogʻiston, Turkmaniston, Eron, Ozarbayjon hududlarida joylashgan. Quyidagi xususiyatlariga koʻra dengiz deb ataladi: kattaligi jihatidan Qora, Oq va Boltik, dengizlaridan kam farq qiladi, suvi ham dengiz suvi singari shoʻr, hayvonot va oʻsimliklar dunyosining bir qismi dengizlarda yashaydigan hayvon va oʻsimliklar jumlasidan. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi bir vaqtlar hoz. Kuma-Manich botigʻi oʻrnidan oʻtgan boʻgʻoz orqali Azov va Qora dengizlar bilan tutashib turgan. Dengiz haqida dastlabki maʼlumot Gerodotning «Tarix» asarida uchraydi. Kaspiy dengizi sathi Dunyo okeani sathidan qariyb 28 m past (1986).

Kaspiy dengizi shim. dan janubga 1200 km ga choʻzilgan, oʻrtacha kengligi 320 km. Qirgʻogʻining uz. 7 ming km ga yaqin. Mayd. 376 ming km2 (1929-y. gacha, dengiz suvi pasaygunga qadar 422 ming km2 edi).

Dengiz qirgʻogʻi ancha tekis, egribugri joylar kam. Yirik qoʻltiqlari: Qoraboʻgʻozgoʻl, Krasnovodsk, Qozoq, Mangʻishloq va b. K. d. da umumiy maydoni qariyb 350 km2 boʻlgan 50 ga yaqin orol bor (eng yiriklari Tyuleniy, Chechen, Artyom, Jiloy, Bulla, Ogurchinskiy va Kulali). Relyef tuzilishi jihatidan Kaspiy dengizi 3 qismga — shim., oʻrta va jan. qismlarga boʻlinadi. Shim. qismi jan. da Chechen oroli — Mangʻishloq ya. o. chizigʻi bilan chegaralangan boʻlib, chuq. 10 m ga qadar, eng sayoz (4—6 m) qismidir. Oʻrta qismi ancha chuqur, oʻrtacha chuq. 200 m, eng chuqur joyi esa 790 m. Bu qismi jan. qismidan Turkmanboshi sh. tomon dengizni kesib oʻtgan suv osti togʻ tizmasi orqali ajralib turadi. Jan. kismi eng chuqur (oʻrtacha chuq. 325 m). Kaspiy dengizining eng chuqur joyi (1025 m) ham shu qismda. Maydoni jixatidan uchala qismi deyarli bir-biriga teng, lekin suv hajmi jihatidan ular har xil: shim. qismiga umumiy suv xajmining 1/100 qismidan kamroq, oʻrta qismiga 1/3, jan. qismiga esa 2/3 ga yaqin boʻlagi toʻgʻri keladi.

Kaspiy dengiziga Volga, Ural, Kura, Terek, Emba, Samur, Sulak, Erondan oqib keladigan Safedrud kabi yirik daryolar va koʻpgina kichik daryo va soylar quyiladi. Shim., shim-gʻarbiy va sharqiy sohillarning yozi juda issiq va quruq, qishi esa sovuq. Jan.-gʻarbiy va jan. sohillarida iqlim yumshoq va nam. Kaspiy dengizining har 1 l suvida oʻrtacha 12,7 g tuz bor. Suv t-rasi yozda hamma joyida bir xil (24—26°), qishda esa shim. qismida 0° va undan pastroq, oʻrta va jan. qismlarida 2° dan 13° gacha. Shim. qismi qishda 2—3 oy muzlab yotadi (muzning qalinligi 2 m ga yetadi), oʻrta va jan. qismi esa muzlamaydi. Kaspiy dengizida, asosan, Volga daryosi quyayotgan suv massasi bilan doimo esadigan shamol taʼsiri natijasida kelib chiqadigan va dengizning qirgʻogʻi yoqalab soat strelkasi yoʻnalishiga teskari xarakat qiladigan doimiy aylanma oqim mavjud. Koʻpincha, kuchli toʻlqinlar (10—11 m) boʻladi. Kaspiy dengizining suv sathi yillar va asrlar davomida oʻzgarib turadi. Oʻtmish maʼlumotlarining koʻrsatishicha, bundan 4—6 ming yil ilgari, mil. boshlarida va 18-a. oʻrtalari — 19-a. boshlarida dengiz sathi juda baland, 7—11-a. lar va 13-a. boshlarida esa, aksincha, juda past boʻlgan. Suv sathining soʻnggi keskin pasayishi 1929—56 y. lar orasida kuzatilgan. Shu davr ichida suv sathi 2,5 m dan ortiqroqqa pasaydi, natijada sayoz shim. qismida dengiz 20—30 km chekindi, koʻpchilik qoʻltiqlar qurib qoldi, dengizning maydoni esa (Qoraboʻgʻozkoʻlni hisobga olmaganda) 422 ming km2 dan (1930) 371 ming km2 ga (1969) kamaydi. Suv sathining bu kadar pasayib ketishiga asosiy sabab Kaspiy dengiziga quyiladigan suvlarning kariyb 80%ni beruvchi Volga suvining keyingi 40 yil davomida kamayib ketganligidir. Chunki, bu davr ichida Volga havzasida iqlim quruq keldi, yogʻin kam yogʻdi, bugʻlanish esa, aksincha, ortiq boʻldi. Bundan tashqari, Volga daryosida bir qancha suv omborlari barpo etildi, sugorish va sanoat ehtiyojlari uchun olinadigan suv hajmi ancha ortdi. Olingan maʼlumotlarga koʻra, 1966—76 yillarda Kaspiy dengiziga oʻrta hisobda har yili 180 mm (yoki 66,8 km3) yogʻin tushdi, 720 mm (266,4 km3) daryo suvi va 14 mm (5 km3) yer osti suvi quyiladi: ayni vaqtda dengizdan yiliga 966 mm (357,3 km3) suv bugʻlanadi, 11 mm (4 km3) suv sugʻorishga sarflanadi. Suv balansining kirim qismi (338,2 km3) ga nisbatan chiqim qismi (362,3 km3) ning ortiq boʻlishi dengiz suv sathining oʻrtacha har yili qariyb 7 sm ga kamaya borishiga sabab boʻlgan.

Kaspiy dengizining suv sathi yil davomida ham oʻzgarib turadi: mart oyidan koʻtarila boshlaydi, iyul oyida eng baland boʻladi, avg. dan to fev. ga qadar esa pasaya boradi. 1978-y. dan Kaspiy dengizi suv sathining koʻtarilishi kuzatilmoqda (1986-y. da dengiz havzasi mayd. 376 ming km2ni tashkil etdi).

Kaspiy dengizida 500 turdan ortiq suv oʻsimliklari, 854 tur baliq va suv hayvonlari bor. Baliq, shim. qismida tyulen ovlanadi. Kaspiy dengizi ostida juda katta neft va gaz zahiralari borligi aniqlangan Dengiz ostidan neft qazib olinadigan birinchi kon 1925-y. da ishlay boshlagan. Hozir Kaspiy dengizida koʻplab yirik neft konlari ishlab turibdi.

Kaspiy dengizining Koraboʻgʻozgoʻl qoʻltigʻidan natriy sulfat, mirabilit va epsomit olinadi. Sharqiy sohillarida chu-chuk suvga boʻlgan ehtiyoj juda katta. Shu sababdan, Turkmanboshi va Oqtov sh. larida dengiz suvini chuchuklashtiradigan yirik qurilmalar barpo qilingan.

Kaspiy dengizining transport ahamiyati ham katta. Unda neft, yogʻoch, don, paxta, guruch, mineral oʻgʻitlar tashiladi. Yoʻlovchilar tashuvchi kemalar qatnaydi. Eng yirik portlari: Astraxon, Maxachqala (RF), Turkmanboshi (Turkmaniston), Enzeli (Eron). Boku bilan Turkmanboshi sh. lari oraligʻida dengiz t. y. paromlari katnab turibdi.

Shoʻro davlati inqirozga uchragach, hududi Kaspiy dengiziga tutash davlatlar dengizning oʻziga tegishli deb hisoblagan qismida uning boyliklarini (baliq va b. hayvonlarni ovlash, neft, tuz va h. k.) oʻzicha tasarruf qilib kelmoqda. Hozirgacha Kaspiy dengizi boyliklarini oʻzlashtirish, oʻziga tegishli akvatoriyalar chegaralarini belgilab olish haqida dengizga yondosh davlatlar oʻrtasida yagona kelishuv imzolanmadi.


Lotin alifbosida maqola: KASPIY DENGIZI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: K harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



YER
TOSHKENT
OZARBAYJON
TARIX
OKEAN


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты