OZARBAYJON

OZARBAYJON (Azerbayjan), Ozar-bayjon Respublikasi (Azerbayjan Respublikasы) , — Zakavkazyening jan.-sharqiy qismida joylashgan davlat. Mayd. 86,6 ming km2. Aholisi 8,2 mln. kishi (2003). Poytaxti — Boku sh. Maʼmuriy jihatdan 61 tuman, 65 shahar, 122 shaharchaga boʻlinadi. Naxichevan Muxtor Respublikasi va Togʻli Qo-rabogʻ Ozarbayjon tarkibiga kiradi.

Davlat tuzumi. Ozarbayjon — respublika. Davlat boshligʻi — prezident (2003-y. okt. dan I. Aliyev). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament (Milliy majlis), ijrochi hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi.

Tabiati. Ozarbayjonning asosiy qismi Katta Kavkaz va Kichik Kavkaz togʻlari jan.sharqiy qismlarida, shuningdek, Tolish togʻlari oraligʻida joylashgan. Jan. da Oʻrta Arake soyligi va uning shim. tarmogʻi bor (togʻlar O. hududining deyarli yarmini egallaydi). Kaspiy dengizi qirgʻogʻi kam parchalangan. Qirgʻoq chizigʻining uz. 800 km. Yirik yarim orollari: Apsheron, Kura qum tili, Sara; qoʻltiklari: Apsheron, Qizil-ogʻoch, Boku qoʻltiqchasi; yirik orollari: Artyom, Jiloy. Neft va gaz, te-mir rudasi, alunit, molibden, tosh-tuz konlari bor. Ozarbayjon, asosan, subtropik zonada boʻlsa ham, quruq va nam subtropik iqlimdan togʻ tundrasi iqli-migacha boʻlgan iqlimni uchratish mumkin. Iyulning oʻrtacha t-rasi 25—27°, yanv. niki payettekisliklarda 0 dan +3°gacha, togʻlarda — 10° gacha. Eng issiq t-ra 40—43°, eng sovuq t-ra — 30°. Yogʻingarchilik juda notekis. Yillik yogʻin — 200 mm dan 1800 mm gacha. Yirik daryosi — Kura va uning asosiy irmogʻi — Arake. 250 ta koʻl bor (yiriklari Gajikobul va Buyukshoʻr). Tuprogʻi — kulrang-oʻtloq, shoʻrxok, kulrang-qoʻngʻir, jigarrang, kashtan, togʻ-kashtan va b. tuproklar. Oʻsimliklari juda xilmaxil — 4100 turdan oshadi. Pasttekisliklarda choʻl va chala choʻl oʻsimliklari, koʻproq butazorlar, Kura-Arake payettekisligining shoʻrxok yerlarida shoʻra, togʻ etaklaridagi tekisliklarda shuvoq va shu-voq-chalov oʻsadi. Oʻrmonzori 1146 ming ga. 2200—2500 m balandliklarda subalp va alp oʻtloklari bor. Hayvonot dunyosi turli-tuman: sudralib yuruvchilar, ke-miruvchilar, yovvoyi toʻngʻiz, nutriya, yenotsimon it, jayran, qoplon, ayiq, tustovuq, kaklik, gʻoz va oʻrdak kabilar. Kaspiy dengizi va Kura daresida baliq (losos, osetr, sevryuga, beluga va b.) moʻl. Zakatali, Turianchay, Kizilogʻoch, Shirvon va b. qoʻriqxonalar bor.

Aholisi, asosan, ozarbayjonlar (83%); ruslar, lezginlar, avarlar, kurd, tolish, saxur, tatlar va b. ham yashaydi. Shahar aholisi 54%. Rasmiy tili — ozarbayjon tili. Yirik shaharlari: Boku, Sumgait, Mingechaur, Ganja, Lenkoran, Naxichevan. Dindorlari — asosan musulmonlar.

Tarixi. Ozarbayjonda paleolit davridan aholi yashay boshlagan. Qadim zamonlarda hoz. Ozarbayjon hududida yashagan koʻpgina qabilalar (kaspiylar, kadusiylar, albanlar) tarixiy rivojlanish davomida kabila ittifoqlariga birlashib, keyin-chalik dastlabki davlat tuzilmalariga asos boʻldi. Mil. av. 9-a. da Mana pod-shoxligi vujudga keldi. Xoʻjalik va madaniyat birmuncha rivojlandi. Mil. av. 7-a. oxirlarida Ozarbayjon va qoʻshni mamlakatlarda Midiya davlati tashkil topdi. Mil. av. 6-a. da hokimiyat Axomaniylar qoʻliga oʻtdi. Bu davlatni Makedoniyalik Aleksandr qoʻshinlari tor-mor et-gach, Atropatena davlati vujudga keldi. Mil. av. 3—2-a. larda xoz. Ozarbayjon xududining katta qismi Albaniya deb ataldi (q. Kavkaz Albaniyasi).

Ozarbayjonni bosqinchilar koʻp marta taladi. Aholining ularga qarshi kurashi, xu-susan, mil. 5-a. oxiri — 6-a. boshlarida Mazdakiylar harakatink yuzaga kel-tirdi. 8-a. boshlarida Ozarbayjon Arab xalifaligi qoʻl ostiga oʻtdi, islom dini tarqaldi. Bobak qoʻzgʻoloni, Xurramiylar harakatida dehqonlar va hunarmandlar qatnashdi. 11-a. oʻrtalarida Saljuqiylar boshliq turk qabilalari (oʻgʻuzlar va b.) bostirib keldi. 12-a. da Salju-qiylar mavqei pasayib, Shirvonshohlar, Kasroniylar, Eldegiziylar pod-shohdigi rivoj topishi bilan hunarman-dchilik, dehqonchilik, savdo-sotiq ta-raqqiy etdi. Shu davrda yetishib chiqqan Makkiy ibn Ahmad, Bahmanyor, Xatib Tabriziy, Hoqoniy, Nizomiy Ganja-viy, Mahastiy va b. jahon madaniyati ravnaqiga salmokli hissa qoʻshdilar.

13-a. ning 30-y. larida Ozarbayjonga moʻgʻullar, 14-a. oxirida Amir Temur qoʻshinlari bostirib kirdi. 14—15-a. larda Shirvonshoxlar podshoxligi kuchaydi. Qora qoʻyunlilar va Oq qoʻyunlilar deb atalgan yangi davlatlar vujudga keldi. Sav-dosotiq avj oldi. Safaviylar davlati (16a.) davrida Ozarbayjon xalq xoʻjaligi va madaniyatida yuksalish roʻy berdi. Shoh Abbos I (1587—1629-y. larda hukmronlik qilgan) Ozarbayjon markazini Erondagi Isfahonga koʻchirishi oqibatida u Eronning chekka viloyatiga aylanib qoldi. Mahalliy hokimlar va ajnabiy bosqinchilarga qarshi dehqonlar qoʻzgʻo-loniga xalq qahramoni Koʻroʻgʻli boshchilik qildi. 18a. boshlarida Zakavkazye, chususan. Ozarbayjonni qoʻlga kiritib olish uchun Eron bilan Turkiya oʻrtasidagi kurash kuchaydi. 19-a. dan Rossiya Zakavkazye yerlarini bosib ola boshladi. 1805 – 13 va 1826-28 y. lardagi Ros-siya-Eron urushlari natijasida hoz. Ozarbayjonning koʻp qismi Rossiya davlati tarkibiga oʻtdi. Rossiya bilan Eron oʻrtasidagi Guliston shartnomasiga binoan belgilangan Ozarbayjonning jan. chegaralari hozirgacha amal qilib kelayotir. 1917-y. noyab. da shoʻro hokimiyati oʻrnatildi. 1918-y. 28-mayda O. Respublikasi eʼlon qilindi. 1920-y. 28 apr. da Ozarbayjon SSR tashkil boʻldi. 1922-y. 12-martda O. Zakavkazye Sovet Federativ Sotsiali-stik Respublikasi (ZSFSR), soʻngra u tugatilgach (1936), ittifoqdosh respublika sifatida SSSR tarkibiga kiri-tildi. 1991-y. fev. dan O. Respublikasi deb nomlandi. 1991-y. 30 avg. da mamla-kat Oliy Kengashi Ozarbayjon davlat mustaqilligi toʻgʻrisida Deklaratsiya qabul qildi. 1988-y. Togʻli Qorabogʻ xususida Ozarbayjon bilan Armaniston oʻrtasida nizo chiqib, qurolli toʻqnashuvga aylanib ketdi. 1994-y. maydan mojaro toʻxtatilib, ma-salani tinch hal etish toʻgʻrisida muzo-kara boshlandi. Ozarbayjon — 1992-y. dan BMT aʼzosi. OʻzR suverenitetini 1991-y. 19 okt. datan olgan va 1995-y. 2 okt. da diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan.

Siyosiy partiyalari. Yangi Ozarbayjon, Ozarbayjon xalq fronti, Milliy mustaqillik partiyasi, Musovot, Ozarbayjon xalq partiyasi, Ozarbayjon dehqonlar partiyasi, Toʻgʻri yoʻl partiyasi, Ozarbayjon sotsialdemok-ratik partiyasi va b.

Xoʻjaligi. Ozarbayjon — industrial-agrar mamlakat. Neft, temir ruda, alunit konlari bor; oltingugurt kolchedani, barit, kobalt, molibden, margimush kabilar sanoat asosida qazib chiqariladi. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 54,2%, q. x. ning ulushi 26,1%.

Sanoati ning yetakchi tarmoklari: neft, gaz, kimyo, mashinasozlik, metallsozlik, binokorlik materiallari va elektr energetika. Yengil va oziqovqat sanoati ham rivojlangan. Yiliga oʻrtacha 23,3 mlrd. kVt-soat elektr energiya xrsil qilinadi (asosan, issiklik elektr st-yalarida). Neft Apsheron ya. o., Kura-Arake pasttekisligi va Kaspiy dengizidan, gaz esa Kr-ratogʻDuvaniy va Zira-Goʻrgon tumanlaridagi konlardan qazib olinadi. Neft va gaz asosida kimyo va neft kimyosi sanoati mineral oʻgʻit, oltingugurt kislotasi, kaustik soda, sintetik kauchuk, shina va b. mahsulotlar (Sumgait, Salyani, Neftechala, Min-gechaur, Boku) ishlab chikaradi. Mashinasozlik va metallsozlik, asosan, neft sanoati uchun mashina-qurilmalar, elektr dvigatellar, transforma-torlar, kabel, radioelektron appa-ratlar, priborlar i. ch. ga ixtisoslashgan. Q. x. mashinasozligi, kemasozlik, oziq-ovqat sanoati uchun asbob-uskuna i. ch. rivojlangan (Boku, Ganja, Min-gechaur, Xonkendi, Naxichevan, Kuba).

Qora va rangli metallurgiya Sumgaitdagi quvur prokati va alyuminiy, Ganjadagi alyuminiy, Bokudagi poʻlat arkrn z-dlaridan ibo-rat. Boku, Ganja va Mingechaurda ip gazlama k-tlari, Sheki va Xonkendida shoyi k-tlari joylashgan. Paxta tozalash, jun gazlama va gilam toʻqish, ti-kuvchilik va trikotaj, un, vino-konyak, baliq sanoati korxonalari mavjud. Qishloq xoʻjaligi ning asosi — dehqonchilik, uning yalpi mahsulo-ti 80% sugʻoriladigan yerlarga toʻgʻri keladi. Yuqori Shirvon, Yuqori Kr-rabogʻ, Samur-Apsheron kanallari, Jayron-Batan, Arake suv omborlari barpo etilgan. Paxtachilik q. x. ning yetakchi tarmoqlaridan biri. Tamaki va choy ham yetishtiriladi. Gʻalla ekinlaridan bugʻdoy, makkajoʻxori, arpa, sholi, shuningdek, sabzavot ekinlari ekiladi. Bogdorchilik va tokchilik rivojlangan. Subtropik mevalardan anor, anjir, yapon xurmosi, bodom koʻplab yetishtiriladi. Apsheron ya. o. da zaʼfaron va zaytun oʻsadi. Chorvachilik goʻsht-jun va goʻsht-sutga ixtisoslashgan. Krramol, qoʻy, echki, choʻchqa, parranda boqiladi, pillachilik bilan shugʻullaniladi.

Transporti. T. y. uzunligi — 2 ming km dan ortiq, avtomobil yoʻllari uz. 36,7 ming km, 32 ming km qattiq qoplamali. Dengiz transportining ahamiyati katta. Asosiy porti Boku. Boku — Turkmanboshi dengiz paromi mavjud. Kura daryosida kema katnaydi. Boku—Batumi va Ali-Bayramli — Boku neft quvuri, Qoratogʻ — Akstafa, Qoratogʻ — Sumgait gaz quvurlari bor. Bokuda metropoliten qurilgan. Pul birligi — manat.

Tibbiy xizmati. Tibbiyot xodimlari Ozarbayjon tibbiyot in-tida va 17 ta oʻrta tibbiyot bilim yurtida tayyorlanadi. Mash-hur balneologiya kurortlari — Naftalan, Istisu; iklimiy kurortlari — Shusha, Mardakyan, Bilchya, Buzovna va Apsheron ya. o. dagi Boku «Salomatlik zonasi».

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Hoz. Ozarbayjon hududida dastlabki maktablar 5-a. da ochilgan. Arablar istilosidan soʻng bolalar maktab va madrasalarda oʻqitildi. 20-a. dan zamonaviy maorif tizimi joriy etildi. Xunar-texnika bilim yurtlari va oliy oʻquv yurtlari ochildi. Ozarbayjon un-ti, neft va kimyo in-ti, politexnika, ped., tibbiyot un-ti va b. bor. I. t. larni muvofiklashtiruvchi O. Fanlar akademiyasi ishlaydi. Kutubxonalari: Respublika kutubxonasi, Ozarbayjon un-ti kutubxonasi, FA kutubxonasi va b. 38 muzey bor, yiriklari: O. Tarixi, Sanʼat, Adabiyot muzeylari, Q. x. muzeyi va b.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Ozarbayjonda 500 dan ortik, gaz. va jur. roʻyxatga olingan. Yirik gaz.

lari: «Ozarbayjon» (ozarbayjon tilida), «Vishka» («Minora», rus tilida), «Bakinskiy rabochiy» («Boku ishchisi», rus tilida), «Ozodlik», «Muxolifat», «Xalq» (uchchalasi ozarbayjon tilida). Radioeshittirish 1926-y. dandelekoʻrsatuv 1956-y. dan boshlangan. Azerin-form telegraf agentligi, Assa-Iroda, Turon, Xabar-servis xususiy telegraf agentliklari mavjud.

Adabiyoti qad. va boy. Xalq ijodida doston, bayet (toʻrtlik) qoʻshiq, ertak, latifa, maqollar keng tarqalgan. «Koʻroʻgʻli», «Oshiq Gʻarib», «Shoh Ismoil» kabi dostonlarda ozarbayjon xalqining yurtparvarlik, insoniylik his-tuygʻulari ifodalangan. Xalq dostonlari va termalarining eng yaxshi namunalari 16—17-a. larda Qur-boniy, Sarioshuq, Abbososhuq, Valexoshuq kabi baxshilar ogzidan yozib olingan. Milliy sanʼatning oʻziga xos turi boʻlgan oshuklar sheʼriyati mada-niy hayotga kuchli taʼsir oʻtkazib kelgan. 19—20-a. larda yashab ijod qilgan oshuklardan Alesker, Gusayn Bozal-ganli, Asad Rizayev, Mirza Bayramov, Shamshir Gojayev kabilarning qoʻshiqlari juda mashhur boʻlgan.

Ozarbayjon yozma adabiyotining eng qad. yodgorliklari bizga yetib kelmagan, ammo Kavkaz Albaniyasi (hoz. Ozarbayjon)da yuksak madaniyat mavjud boʻlganligi maʼlum. 11 —12a. larda fors tili taʼsiri ku-chayishi tufayli Xatib Tabriziy, Bax,-manyor, Qatron Tabriziy, Hoqoniy, Mahastiy Ganjaviy va b. yirik ozarbayjon olim va shoirlari oʻz asarlarini fors tilida yozdilar. Nizomiy Ganjaviy asarlari — O. sheʼriyatining choʻqqisi boʻldi. 13— 14-a. larda Avxadiy Marogʻiy, Zulfiqor Shirvoniy, 15 — 16-a. larda Nasimiy, shoh Ismoil Xa-toiy, M. Fuzuliy, 17— 18-a. larda Soib Tabriziy, Masihiy, Vidodiy, Voqif va b. shoirlar yashab, ijod qildilar.

19—20-a. larda Ozarbayjon adabiyotida novella, doston, drama janrlari paydo boʻldi. Realist adib M. F. Oxundov, maʼrifatparvar shoir Said Azim Shirvoniy, dramaturg N. N. Narimo-nov, novator hajvchi shoir Mirza Alekper Sobir 19a. ozarbayjon adabiyotini yangi asarlar b-n rivojlan-tirdilar. 20-a. oʻrtalari va 2-yarmida Sulaymon Rustam, Rasul Rizo, J. Jab-borli, M. Ibrohimov, Samad Vurgʻun kabi isteʼdodli adiblarning asarlari boshqa xalqlar tillariga tarjima qilinib, keng tarqaldi. O. Yozuvchilar uyushmasi 1932-y. da tashkil qilingan.

Ozarbayjon va oʻzbek xalklari kadimdan adabiy aloqada boʻlib kelganlar. Nizomiy asarlarining baʼzilari oʻrta asrlardayoq oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Jumladan, Qutb Xorazmiy 14-a. ning 1-yarmida «Xisrav va Shirin»ni oʻzbek tiliga koʻchirgan. Navoiy Nizomiy «Xamsa»si — «Panj ganj»dan ilhomlanib oʻzining besh buyuk dostonini yaratgan. Haydar Xorazmiy 15-a. da Nizomiyning «Mahzai ulasror» dostonini, Ogahiy 19-a. da «Haft paykar»ni tarjima qilgan.

Navoiy asarlari oʻzi hayot vaqtidayoq Ozarbayjon shoirlari oʻrtasida mashhur boʻlgan. Ayniqsa, Kishvariy va Fuzuliy Navoiyni oʻzlarining buyuk ustozlari deb bilganlar. Fuzuliy «Layli va Majnun»ning debochasida Navoiyni Nizomiy b-n bir qatorga qoʻyadi. Navoiy «Majolis un-nafois», «Muhokamat ul-lugʻatayn» asarlarida Nizomiy, Xoqoniy bilan birga Shayx Shirvoniy, Abu Abbos Suxravardiy, Abu Abdul-loh Xoqoniy Soʻfiy, Shayx Tabriziy, Qosim Anvariy singari ozarbayjon shoir va olimlarining nomlarini ham hurmat bilan tilga oladi.

Muhammad Fuzuliy asarlari, ayniqsa, uning «Layli va Majnun» dostoni 17-a. dan boshlab Turkiston madrasalarida oʻquv qoʻllanmasi vazifasini oʻtagan. Bugina emas, Fuzuliy oʻzbek xalqi oʻrtasida eng sevimli shoirlardan biri boʻlgan. Shu tufayli Turkistonda «navoiyxonlik», «bedilxonlik» maktablari b-n birga «fuzuliyxonlik» uyushmalarida minglab kishilar shoir asarlarini taxlil qilganlar. Fuzuliyning asarlari Oʻzbekistonda bir necha marta bosilib chiqqan. Nizomiyning «Guldasta», Fuzuliyning ikki jildli tanlangan asarlari, M. P. Voqifning «Tanlangan sheʼrlar», M. Oʻrdubodiyning «Qilich va qalam» dilogiyasi, Sobirning «Xoʻpxoʻpnoma», M. Ibrohimovning «Qorabogʻ qoʻshiqlari», «Buyuk tayanch», «Boʻron qushi», M. Dilboziyning «Ozar qizi», S. Rustamning «Tanlangan sheʼrlar», I. Goʻzalovning «Cheksiz ufklar» kitoblari, M. Huseyn, A. Valiyev, M. Rahim, U. Sarivelli, S. Rahimov, Q. Imomverdiyev va b. ozarbayjon shoir, adib va dramaturglarning asarlari, «Ozarbayjon shoirlari» antologiyasi oʻzbek tilida nashr etilgan.

Ozarbayjon yozuvchilarining asarlarida Oʻzbekiston mavzui ham aks etgan S. Rustam «Qadrdon shahar», «Oʻzbek qardoshimga», M. Dilboziy «Oʻzbek qiziga», Yu. Shirvon «Qardosh Oʻzbekistonda» ocherklar turkumi, M. Ibrohimov «Ulugʻ doʻstlik» asarida oʻzbek xalqi hayotini qalamga oladi.

Meʼmorligi. Ozarbayjon hududida neolit va jez davriga mansub qad. meʼmoriy yodgorliklar: dolmenlar, kromlexlar, mengirlar, qalʼalarning xarobalari saqlanib qolgan. 5-a. ga oid Lekit qishlogʻidagi xristianlarning doirasimon ibodatxonasi, 6-a. ga oid Chirogʻqalʼa, 7-a. ga oid Mingechaur ibodatxonalar majmuasi diqqatga sazovor. 11—13-a. larda Naxichevan va Shirvon-Apsheron meʼmorlik maktabi tarkib topdi. Qasrlar va masjidlar bilan birga maqbaralar (Yusuf maqbarasi, 1162-y. va Moʻmina xotun maq-barasi, 12-a., meʼmori Ajamiy) ham qurildi. 14—15-a. larda qubbasimon va gumbazli inshootlar rasm boʻldi, ular girih naqshlar va tosh oʻymakorligi bilan bezatildi (Bokudagi Shirvonshohlar saroyi, 15-a., Tabrizdagi Zangori masjid, 1465). 16—18-a. larda Karvonsaroy, hammom va koʻpriklar qurildi, shaharlar rivojlandi. Ardabiddagi meʼmoriy majmua (meʼmor Shayx Bahovuddin), Shekidagi xonlar saroyi va b. shu davrning eng mashhur yodgorliklaridir. Ozarbayjon dagi masjid, maqbara, Madrasa va b. inshootlar qurilishi hamda bezaklari Oʻrta Osiyo va Eron meʼmorligi bilan oʻzaro uygʻunlashgan. 19-a. 1-yarmida Ozarbayjon dagi qurilishda Rossiya va Yevropa meʼmorligining taʼsiri kuchaydi. 20-a. Boku va b. shaharlar qayta qurildi, yangi bino hamda inshootlar barpo etildi. Matbuot uyi (meʼmori S. S. Pen), «Inturist» mehmonxonasi (meʼmori A. V. Shchusev), Nizomiy nomidagi muzey, konservatoriya (meʼmorlari S. A. Dadashev va M. A. Useynov), M. Azizbekov nomidagi teatr (meʼmori G. M. Alizoda) shular jumlasiga kiradi. Mingechaur, Sumgait, Dashkesan kabi yangi shaharlar qad. koʻtardi. O. Meʼmorlar uyushmasi 1936-y. da tuzilgan.

Tasviriy sanʼati. Ozarbayjon hududidan mil. av. 2—1-ming yilliklarga mansub loy va toshdan yasalgan jonivorlarning haykalchalari (Naxichevan Muxtor Respublikasida Kultepa qazilmalari) va sopol buyumlar (Mingechaur qazilmalari) topilgan. Qoyalardagi rasmlarda odamlar, jonivorlar, ov va rasm-ru-sum manzaralari (Qobuston, Gyamiqoya), jezdan yasalgan zeb-ziynatlar tasvirlangan. Oʻrta asrlarda haykaltaroshlik (jez burgutlar, tosh haykalchalar yasash) rivojlangan. Arablar istilosidan soʻng naqshli kulolchilik, tosh oʻymakorligi, xattotlik urf boʻldi. Jumladan, 13—16a. larda kitoblarni badiiy be-zash, Tabriz miniatyura maktabi, gilamdoʻzlik sanʼati yuksak darajaga koʻtarildi. 18-a. da imorat devorlariga naqsh va rasm solish (Shekidagi xonlar saroyi, Ordubad, Shushadagi tu-rar joylar) rivojlandi. 19-a. da miniatyura rangtasviri devoriy rasmlar va portret musavvirligida davom et-tirildi (Usta Qambar Qorabogʻiy, Mirza Qadim Erivoniy, Mirmuhsin Navvob).

20-a. da tasviriy sanʼatning realistik shakllari rivojlandi, yangi janrlar (hajviy grafika, illyustratsiya, plakat) paydo boʻldi. A. Azimzoda va B. Kengerli Ozarbayjon realistik sanʼatiga asos soldilar. 1920-y. Bokuda rassomlik maktabi ochildi, muayyan mavzuga bagʻishlangan rangtasvir, portret, peyzaj (manzara), haykaltaroshlik, dastgoh grafikasi kabi janrlar vujudga keddi. Ganjadagi Nizomiy haykali (F. Abdurahmonov) diqqatga sazovor. Hoz. zamon rassomlaridan T. Salaxov, T. Narimonbekov, N. Abdurahmonov, E. Rizoquliyev, haykaltaroshlardan E. Husaynova, E. Shomilov, K. Alekperov asarlari mashhur. O. Rassomlar uyushmasi 1940-y. da tuzilgan.

Musiqasi. Ozarbayjon hududidan topilgan qoya rasmlari (mil. av. 5—3-ming yillikda yaratilgan), arxeologik materiallar bu yerda musiqaning juda ham qadimiyligini koʻrsatadi. Mehnat qoʻshiqlari, tarixiy va lirik qoʻshikdar, hazil qoʻshiqlar keng tarkalgan. Qoʻshikdar koʻpincha yakka, baʼzan guruh boʻlib ijro etiladi. Chertib chalinadigan tor, soz, ud tori, ishqab chalinadigan kamoncha, puflama tutak, bolomon, surnay, zarb berib chalinadigan nogʻora, qoʻsh nogʻora, doira kabi musiqa asboblari ozarbayjon xalqining qad. sevimli cholgʻu asboblari sanaladi. Oʻrta asrlardayoq maqomlar tad-qiq qilingan. Ozarbayjon maqomlari nazariyasi U. Hojibekov tomonidan yozilgan («Ozarbayjon xalq musiqasi asoslari», 1945-y. da nashr etilgan). U. Hojibekov Fuzuliy dostoni asosida «Layli va Majnun» (1908) operasini, «Arshin mol olon» (1913) komediyasini yaratdi. 1921-y. da konservatoriya, 1931-y. da birinchi notali xalq cholgʻu asboblari orke-stri tashkil qilindi. 1938-y. da simfonik orkestr tashkil topdi. 1927-y. da R. Glierning «Shohsanam» operasi sah-naga qoʻyildi. M. Magomayevning «Nargiz» (1935), U. Hojibekovning «Koʻroʻgʻli» (1937) operalari Ozarbayjon musiqa sanʼati rivojida muhim voqea boʻldi. Q. Qorayev, J. Hojiyev, F. Amirovning opera va simfoniyalari mashhur. Sh. Mamedova, Bulbul, R. Beybutov, P. Bulbul oʻgʻli, M. Magomayev kabi xonandalarning faoliyati diqqatga sazovor.

Bokuda U. Hojibekov nomidagi konservatoriya, M. F. Oxundov nomidagi opera va balet teatri, Sh. Qurbonov nomidagi musikali komediya teatri, Qoʻshiq teatri, filarmoniya, simfonik orkestr, ashula va raqs ansambli ishlab turibdi. Respublika radiosi qoshida xalq musiqa asboblari orkestri bor. Ozarbayjonda Davlat musiqa akademiyasi, 6 musiqa bilim yurti, 73 musiqa maktabi mavjud. U. Hojibekov nomidagi Ozarbayjon sanʼati ilmiy tadqi-qot in-ti (1945) musiqa va teatr masalalari bilan shugʻullanadi.

Ozarbayjon va oʻzbek xalklari musiqa sohasida qadimdan hamkorlik qilib kelganlar. Xususan, Eron ozarlariga mansub Abdulqodir Marogʻiy (1340—1435) deyarli butun ijodiy (xonanda, sozanda va bastakorlik) va ilmiy (musiqashunoslik) faoliyatini Amir Temur, Shoxrux Mirzo va Xalil Sulton Mirzolar saroyida oʻtkazgan.

1950-y. lar oxirida oʻzbek kompozitori M. Burxonov joʻrsiz xor uchun qayta ishlagan xalq qoʻshiqlari Ozarbayjonda bu turdagi xor musiqasi taraqqiyotiga turtki boʻldi. Mazkur aloqalar musta-qillik yillarida shaklan va mazmu-nan kengayib bormoqda. Navoiy nomidagi teatrda O. Melikovning «Ikki dil dostoni», F. Amirovning «Ming bir kecha» baletlari sahnalashtirilgan.

Teatri. Ozarbayjon xalq teatr sanʼati sarchashmalari qad. raqs va masxarabozliklardan boshlanadi. Xalq orasida qoʻgʻirchoq tomoshalari qadimdan rivoj topgan. 1920-y. da Birlashgan davlat teatri tashkil qilindi (hoz. M. Azizbekov nomidagi Ozarbayjon teatri). Bu teatr 30—40-y. larda uslubi va janri jihatdan turli-tuman boʻlgan koʻpgina spektakllarni tomoshabinlarga takdim qildi: M. Ibrohimovning «Hayot», S. Vurgʻunning «Farhod va Shirin», A. Ostrovskiyning «Momaqaldiroq» va b. 40-y. larda R. Rizoning «Vafo», 3. Xolidning «Qasos» asarlari sahnallashtirildi. Respublikada rus drama teatri, yosh tomoshabinlar teatri, Qoʻgʻirchoq teatri (hammasi Bokuda) va b. teatrlar bor. M. Aliyev, M. Dovudova, S. Ruhullo, A. Iskandarov, A. Alekperov, O. Qurbonov kabi artistlar milliy sanʼat rivojiga munosib hissa qoʻshdilar. 1944-y. Bokuda Ozarbayjon teatr jamiyati tuzilgan.

Oʻzbek teatr sanʼatining taraqqiyotida Ozarbayjon teatri va dramaturgiyasining taʼsiri katta boʻldi. Ozarbayjon teatri 1911-y. da Turkiston sh. larida tomoshalar koʻrsatdi. M. F. Oxundovning «Hoji Qora», «Musyo Jordan va Darvish Mustalishoh», N. Vezirovning «Yomgʻirdan qochib selga», «Musibati Faxriddin», A. Axverdiyevning «Talangan uya», «Ogʻa Muhammadshoh Qojar» asarlari namoyish etidsi. 1916-y. da Ozarbayjon musiqali teatri ham gastrolga kelib, U. Hojibekovning «Arshin mol olon», «Asli va Karam», «Layli va Majnun» singari spektakllarini koʻrsatdi. Keyinroq ozarbayjon drama-turglarining «Koʻroʻgʻli», «Nargiz», «Sevil», «Yulduz», «Qaynona» singari qator asarlari Oʻzbekiston teatrlarida muvaffaqiyat bilan sahnallashtirildi. H. Nosirova, M. Uygʻur, M. Qoriyeva, S. Olimov, 3. Qobilov kabi teatr arboblari Bokuda oʻqib kelganlar.

Kinosi. Birinchi ozarbayjon badiiy filmi — «Neft va millionlar olamida» 1916-y. da namoyish qilingan (rej. B. N. Svetlov). 1923-y. da Ozarbayjon fotokino boshkarmasi tashkil etilib, 1924-y. dan badiiy filmlar suratga olina boshlagan. 1945-y. U. Hojibekovning «Arshin mol olon» komediyasi ekranlashtirildi (1966-y. rej. T. Tagizoda shu filmning yangi variantini yaratdi). Tarixiy va ijtimoiy mavzulardagi «Latif», «Ismat» (rej. M. Yu. Mikailov) filmlari yaratildi. 1936-y. dastlabki ovozli filmlar — «Ol-mos» (rej. A. R. Kuliyev), «Moviy dengiz sohilida» (rej. B. V. Barnet, S. Mardonov), «Yangi ufq» (rej. E. Quliyev) dunyoga keldi. 50— 70-y. larda Ozarbayjon kinematografiyasi yangi bosqichga koʻtarildi. «Hayot imtihoni» (rej. Sh. Mahmudbekov), «Bolalikning soʻnggi tuni» (rej. A. Boboyev), «Yurakyurak» (rej. E. Quliyev), «Vaxt kadri», (rej. G. Seidbeyli) filmlarida insonning ichki dunyosi, axloq-odob masalalarini yori-tishga harakat qilindi. Xalq oʻtmishini yoritishga kirishgan G. Seidbeyli, T. Tagizoda, E. Quliyev kabi rej. lar keyingi yillarda «Nasimiy», «Soʻngan gulxanlar shuʼlasi», «Bobak», «Asov Kura», «Yetti oʻgʻlim mening» filmlarini yaratdilar. Ozarbayjon kinochilari yiliga 4—5 badiiy, koʻplab voqeiy-hujjatli va multiplikatsiya filmlari ishlab chiqaradilar.


Lotin alifbosida maqola: OZARBAYJON haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: O harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



TOSHKENT
ROSSIYA
NAXICHEVAN
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты