KEGEYLI TUMANI — Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tuman. 1928-y. 3 sent. da Chimboy tumanidan ajratib tashkil etilgan. Chimboy, Nukus, Qoraoʻzak, Boʻzatov tumanlari b-n chegaradosh. Mayd. 0,94 ming km2. Aholisi 58,2 ming kishi (2000). Kegeyli tumanida 1 shahar (Xalq-obod), 1 shaharcha (Kegeyli) va 6 ovul fuqarolari yigʻini (Abat, Janabozor, Jalpaqjap, Kumshunkoʻl, Oqtoʻba, Qiziluy) bor (1998). Markazi — Kegeyli shaharchasi. Kegeyli atamasining kelib chiqishini tuman va Kegeyli shaharchasi hududidan oqib oʻtadigan Kegeyli kanali nomi bilan bogʻlaydilar. Bu kanalning ikki tomoni kegay daraxtlari, turangʻillar bilan burkanib turganligi uchun u Kegeyli nomini olgan deyiladi. Ushbu nom keyinchalik shaharcha va tuman nomiga aylangan.
Tabiati. Kegeyli tumani quyi Amudaryoning oʻng sohilidagi pasttekislikda joylashgan. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq, qishi sovuq. Iyulning oʻrtacha t-rasi 26,9°, yanv. niki —6,7°. Vegetatsiya davri 188 kun. Tumanning gʻarbiy qismida, asosan, dehqonchilik qilinadi, jan.-sharqida, yaʼni Qizilqumda chorvachilik rivojlangan. Kegeyli tumani shim. qismida joylashgan Dovudkoʻldan suv ombori sifatida foydalaniladi. Tuman hududidan Quvanishjarma kanali oqib oʻtadi. Oqtoʻba, Besquduq, Sassiqshiyel, Qoraoy koʻllari bor. Tuprogʻi oʻtloq, oʻtloqi-botqoq oʻzlashtirilmagan tuproq. Dovudkoʻl atrofi yaxshi pichanzor va oʻtloq. Ekin ekilmaydigan yerlarda turangʻil, qamish, chiy, buyon, qoʻgʻa, yantoq, ajriq, korabarok, yulgʻun, tol, jiyda, mayda jiyda va b. oʻsadi.
Yovvoyi hayvonlardan qobon, chiyaboʻri, tulki, boʻrsiq, quyon; qushlardan qirgʻovul, birqozon, chagʻalay (chayka), gʻoz, oʻrdaklar uchraydi. Koʻllarda oynabaliq, zogʻorabaliq, choʻrtan, bakra, soʻzan, laqqa, oqbaliq, olabugʻa, oq-amur, ilonbaliq, tabanbaliqlar bor.
Aholisining aksari qismi qoraqalpoklar, shuningdek, oʻzbek, qozoq, tatar, koreys, rus va b. millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga 62 kishi toʻgʻri keladi. Shahar aholisi 33,8 ming kishi (2000).
Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligi asosan, q. x. ga ixtisoslashgan. Qurilish, transport, aloqa va b. korxonalari bor. Shirkat xoʻjaliklarida, asosan, paxta yetishtiriladi, gʻallachilik, bogʻdorchilik, polizchilik, chorvachilik bilan ham shugʻullaniladi. 154 ga yer olmazor. 65 ga yerga oq teraklar oʻtqazilgan. Tumanda 90 dan ortiq kichik va xususiy korxona, «Xalqobod momigʻi» paxta z-di bor. 15,6 ming ga yerga paxta, 1,7 ming ga yerga beda, 2,5 ming ga yerga kuzgi bugʻdoy ekiladi. Shuningdek, pilla ham yetishtiriladi. Kegeyli tumanida dehqon fermer, shirkat xoʻjaliklari, 2 agrofirma bor. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 18 mingga yaqin qoramol, 18 ming bosh qoʻy, 10 bosh tuya boqiladi.
Tumandagi jami 38 oʻrta, 4 toʻliqsiz oʻrta va 4 tayanch maktabida qariyb 16 ming oʻquvchi taʼlim olmoqda. Ularda 1900 ga yaqin oʻqituvchi dars beradi. 2 kasb-hunar va 1 oʻrta taʼlim litseyi, 3 oʻrta bilim yurti mavjud. Shuningdek, 8 klub, 33 kutubxona, madaniyat saroyi, markaziy kasalxona, 2 qishloq kasalxonasi, 33 feldsher-akusherlik punkta, kish-loq vrachlik ambulatoriyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Bu muassasalarda 103 shifokor, 551 oʻrta tibbiy xodim ishlamokda. 1952-y. dan «Kegeyli turmushi» gaz. nashr etilmoqda (adadi 1468).