KIYIKLAR — quvushshoxlilar oilasiga mansub kavsh qaytaruvchi juft tuyoqlilar guruhi. Tashqi koʻrinishi, tuzilishi, hayot kechirishi va kelib chiqishi, hatto tana oʻlchami har xil hayvonlarni oʻz ichiga oladi. Kiyiklarga qoramollar, qoʻylar va echkilardan tashqari barcha kavsh qaytaruvchilar kiritiladi. Quvushshoxlilar oilasining koʻpchilik kenja oilalarini birlashtiradi. Filogenetik jihatdan echkilar va sigirlarga yaqinroq. Asosiy kenja oilalari gʻizollar yoki ohularga jayran, Hindistonda tarqalgan garna, sigirsimon Kiyiklar yoki buballarga Afrikada tarqalgan kaama va gnu; otsimon Kiyiklarga Afrikada yashaydigan qora kiyik, beyza, kiyik-hoʻkiz, serna Kiyiklar, toʻrt shoxli Kiyiklar, oʻrmon kiyiklari kiradi. Koʻp turlari Afrikada, ayrim turlari Jan. va Marka-ziy Osiyoda yashaydi, Yevropada Kiyiklarning 3 turi, Shim. Amerikada bir turi tarqalgan. Oʻzbekistonda Kiyiklardan saygʻoq va jayran uchraydi. Koʻpchilik Kiyiklar choʻllarda, ayrim turlari oʻrmonda poda boʻlib yashaydi. Poligam. Goʻshti, terisi va shoxi uchun ovlanadi.