KIYIM

KIYIM — inson tanasini tashqi muhit (iqlim, ob-havo oʻzgarishlari, quyosh nuri va b.) taʼsiri va turli mexaniq taʼsirlardan asraydigan vositalar toʻplami; estetik vazifani bajaradi hamda jins, yosh, milliylik va b. xususiyatlarni oʻzida aks ettiradi. Keng maʼnoda «Kiyim» tushunchasi bosh K. lar, oyoq K. lar (poyabzal), qoʻlqop va b. ni ham oʻz ichiga oladi.

Kiyim turiga koʻra — ichki Kiyim, ustki Kiyim, bosh Kiyimlar, oyoq Kiyimlar (poyabzal); vazifasiga koʻra — kundalik, uyda, dam olish paytida, bayram va toʻy marosimlarida kiyiladigan (kishilik) Kiyimlar, ish Kiyim (jomakor), sport K., rasmiy Kiyim (forma) lar, maxsus Kiyim larga boʻlinadi; ayollar, erkaklar va bolalar Kiyim lariga ajratiladi.

Kundalik Kiyim, odatda, xalqning madaniyati, kishining didiga mos boʻlib, turli modada, turli xil matolardan tikiladi; unda kasb, etnik va ijtimoiy guruhga mansublik oʻz ifodasini topadi. Dam olish paytida kiyiladigan Kiyim yumshoq va mayin matodan, erkin harakat uchun qulay qilib tikiladi. Bayram, marosim (kishilik) Kiyim lari milliy uslubda, qimmatbaho matolardan tayyorlanadi, turli bezaklar (kashta, munchoq va b.) bilan boyitiladi. Ish K. i (jomakor) oddiy matolardan mehnat jarayoniga mos qilib tikiladi (mas, oʻt oʻchiruvchining ish Kiyimi oʻtga chidamli brezentdan, baliqchilarning Kiyimi suv oʻtkazmaydigan matodan tikiladi, traktorchining ish Kiyimi kombinezondan, tibbiyot xodimi, sartarosh, oshpazlarning ish Kiyimi asosan, oq xalatdan iborat va h. k.). Sport Kiyim jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun qulay qilib tikiladi. Rasmiy Kiyim (forma) harbiy Kiyim, matros, militsioner, aloqachi va rasmiy kishilar (prokuror va b.)ning maxsus nizomda belgilangan Kiyim lari. Maxsus Kiyim homilador ayollar, bemorlar va b. kiyadigan Kiyim lar. Bolalar K . i rang-barang pishiq matodan qulay qilib tikiladi, ular turli qoʻshimchalar bilan uqa, jiyak, kashta tikib, quroq usulida bezatiladi. Kiyim ixcham, iqlim va faslga, jins, yoshga moslashtirilgan, eng muhimi qulay boʻlishi, kishiga yarashib turishi lozim. Kiyimni bichish va tikish katta sanʼat. K. tikish uchun oldin tabiiy (paxta, jun, jut, ipak) yoki sunʼiy (sintetik) matolardan tanlanadi, tikuvchilar uyda, atelyelar va f-kalarda Kiyim tikishadi. Buning uchun avval matoni bichib olish kerak. Bu ishni bichiqchi bajaradi. Oʻnga modelyer rassom K. rasmi (modeli)ni chizib beradi. Xullas Kiyim bitib magazinga tushguncha bir necha kishi mehnat qiladi.

Yengil sanoat, xususan, toʻqimachilik sanoatining jadal rivojlanishi kishilar didining tinimsiz oʻsib borishi, xalqlar orasidagi aloqalarning kuchayishi Kiyim modasining tez-tez oʻzgarib turishiga olib keladi; hayot ham shuni taqozo qiladi. Ayniqsa, ayollar Kiyimlari modasi tez-tez oʻzgarib turadi. Hozir Kiyim inson tanasini tashqi taʼsirlardan asraydigan vosita boʻlish bilan birga oʻziga va atrofdagilarga estetik zavq bagʻishlaydigan badiiy sanʼat asariga ham aylanib bormokda. Kiyim tikishda turli-tuman bezak materiallardan, kashtalardan foydalaniladi.

Kiyim inson yaratgan turar joy kabi eng qad. ixtirolardan; soʻnggi paleolit davridayoq mavjud boʻlgan Kiyim geografik muhit, xoʻjalik shakli, ijtimoiy munosabatlar, madaniyat, etnik qatlamlar va b. ga bogʻliq holda taraqqiy etgan. Paleolit davri yodgorliklari orasida terini ishlaydigan tosh va tikadigan suyak ignalar topilgan. Kiyim uchun matodan tashqari barglar, oʻtlar, daraxt poʻstloqlari ham xom ashyo vazifasini oʻtagan. Ibtidoiy odamlar hay-von terilari, daraxt poʻstloklari va barglarini suyak va hayvon shoxidan ishlangan «ignalar» b-n shunchaki chatib, badanlariga «ilib» olishgan. Neolit davrida ip yigirish va mato toʻqish sanʼatini oʻzlashtirgan inson Kiyim tikishda dastlab yovvoyi oʻsimlik tolalaridan foydalangan, chorvachilik va dehqonchilikning rivojlanishi mato tayyorlash uchun uy hayvonlarining juni va madaniy oʻsimliklarning tolalaridan foydalanish imkonini berdi. Barcha Kiyim turlari 2 boshlangʻich koʻrinishdan — yelkaga tashlab qoʻyiladigan teri, oʻt, barg va parlardan toʻqilgan yopqich va (belboksa) bogʻlamlari (belbogʻ) dan rivojlanib shakllangan. Keyinchalik yopqichlar yopinchiq(plashch), koʻylak, kaftan kabi, bel bogʻlamlari ishton, yubka, fartuk kabi turli xil shakllarga ega boʻldi; shippak yoki oyoqni oʻrab turgan bir parcha hayvon terisi eng sodda qad. poyabzal turi boʻlgan, shuningdek, poyabzal uchun daraxt poʻstlogʻi va daraxtdan ham foydalanilgan.

Estetik xususiyatlarga ega dastlabki K. Qad. Misr K. laridir. Qad. Misrda erkaklar (bellariga mato yoki teri bogʻlagan) va ayollar (bogʻichli toʻgʻri koʻylak) K. larida burma (drapirovka)lar qoʻllanilgan; keyinroq nozik mato i. ch. ga erishilgach, plissirovka keng tarqalgan. Turli rangdagi nozik matodan tayyorlanib kashtalar bilan bezatilgan Kiyimni, odatda, hukmron tabaqa vakillari kiygan, qullar dagʻal mato yoki teridan tayyorlangan Kiyim kiygan. Qad. ossuriyaliklarda uzun koʻylak va hoshiya bezakli yopinchiq rasm boʻlgan. Yunonlar xiton (yengeiz koʻylak), tunika (kalta yengli koʻylak), gimatiy (yopinchiq) kiyishgan, bu Kiyimlar inson qiyofasiga ulugʻvor soddalik baxsh etgan, inson tanasining egiluvchanligini kursatgan (ular, asosan, oq jun va kanop matolardan tayyorlangan), toʻgʻnogʻich, belbogʻ va b. bilan boyitilgan. Oyoq Kiyim vazifasini boldirni oʻrab turadigan tasmali shippaklar bajargan. Qad. Rim K. i ham yunonlarniki kabi burmali boʻlgan. Erkaklarning asosiy ustki Kiyimi togʻa (yarim aylana yoki oval shaklidagi mato boʻlagi) boʻlgan. Erkak va ayollarning ichki Kiyimi vazifasini tunika bajargan, ayollar uning ustidan (stolaxiton koʻrinishidagi keng uzun Kiyim) va palla (gimatiyga oʻxshash) kiyishgan.

Vizantiyada diniy tarkidunyochilik taʼsirida Kiyim qatʼiy, qomatni yashirib turadigan shaklga ega boʻlib, mato (parcha, shoyi) qalin, ogʻir, yirik gulli boʻlgan.

14—15-a. larda Gʻarbiy Yevropada chizmachilik ilmining taraqqiyoti hozirga qadar mavjud boʻlgan andazalarning barcha turlarini yaratilishini taʼminladi, matolarning nafisligi, iplarining joylashishi bichishni mukam-mallashtirdi. Bu yutuqlar Kiyimni aniq loyihalash va qomatga mos nafis K. ning paydo boʻlishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Xalqlar oʻrtasida iqtisodiy aloqalarning kengayishi natijasida Kiyim bichimlari bir mamlakatdan ikkinchisiga tarqalgan. Mac, 11 — 14-a. larda Gʻarbiy Yevropaga fransuz, 14 — 16-a. larda Flandriya va Burgundiya, 16-a. 2-yarmidan ispan, 17-a. 2-yarmidan yana fransuz modalari tarqalgan. Rus zodagonlari Sharqda tayyorlangan zarboft, kimxob toʻnlar, zardoʻzi telpak va b. buyumlarni juda qadrlashgan (mas, Monomax telpagi). 14-a. da Kiyim taraqqiyotiga maʼlum darajada meʼmorlik va tasviriy sanʼatdagi uslublar taʼsir etgan. Mac, 10 — 12-a. larda Gʻarbiy Yevropada Kiyim bichimida roman uslubi aks etgan, yaʼni uzun koʻylak va yelkaga tashlab yuriladigan yopinchiq urf boʻlgan; 12—15-a. larda gotika uslubida tikilgan kalta va tor K. kiyishgan. Uygʻonish davri (15—16-a. lar) da kalta, lekin keng bichimdagi Kiyim rasm boʻlgan, 16 — 18-a. larda barokko, 18-a. da rokoko uslubidagi, yaʼni murakkab bichimli Kiyimlar kiyila boshlangan. Kiyim toʻr, burma, bantiklar bilan bezatilgan. 18-a. fransuz inqilobi davrida yuzaga kelgan erkaklar libosi Yevropa erkaklar Kiyim ini shakllanishida muhim rol oʻynadi. 19-a. da yagona Yevropa Kiyimi shakllanishi yakunlandi, 19-a. 2-yarmidan Kiyimlarni ommaviy i. ch. natijasida quyi qatlamlar orasida ham yangi modali Kiyimlar keng tarqaldi. Angliya erkak Kiyimi yaratishda yetakchi boʻlib qoldi.

20-a. da texnika taraqqiyoti va oʻnga bogʻliq holda oʻzgargan hayot tarzi, tikuvchilik sanoatining oʻsishi Kiyim tarixida yangi davrni ochib berdi, avtomobil va mototsiklda yurishning keng tarqalishi tufayli erkaklar Kiyim ida oʻzgarishlar roʻy berdi: kalta shim, kurtka, rangli koʻylak, bosh Kiyim — keplar paydo boʻldi. 20-y. lardan erkaklar yagona bichimdagi Kiyim kiya boshladi. 50-y. lardan erkin harakatga qulay boʻlgan Kiyim yuzaga keldi, ancha yengil va shaklan nafis Kiyim yaratildi, yenglari yaxlit bichimli koʻylaklar, pochasi tor shimlar paydo boʻldi, sport Kiyimlari keng tarqaldi.

Ayollar Kiyim ida 20-a. 10-y. lar Kiyim shaklidagi bejamdorlik, chiziklar va bezakdagi asimmetriya yoʻqoldi, koʻylaklarda elastik matolarning erkin bur-malari b-n hosil qilinadigan chiziqlarning oquvchanligi paydo boʻldi.

Urush yillarida kundalik Kiyim — yubka va bluza boʻlib, koʻylaklar kaltalashdi. Bu K. da paypoq muhim oʻrin tutdi. 30 — 40-y. larda nozik shaklda (egri ip yoʻnalishida bichilgan mato qomatga mos yotadi) qarbiy Kiyim xususiyatlari (yelkaning keng va balandligi boʻrttirilgan va b.) koʻzga tashlanadi, poyabzal qalin taglikka (platformaga) ega boʻldi; 50-y. larda ayollar Kiyim ida uslubiy oʻzgarishlar roʻy berdi: qatʼiy shakldan mayin oquvchan chiziqlarga ega boʻlgan yangi bichim yaratildi; yengi bilan yaxlit bichimli qomatga mos Kiyim turi (beli va yubkasi tor koʻylak) va uchli, nafis va ingichka poshnali poyabzal yuzaga keldi. 60-y. lar boshida yubkalar oʻrnini egʻallay boshlagan shimlar keng tarqaldi.

60-y. larda oyoq Kiyimda oʻzgarishlar roʻy berdi: sport uslubidagi keng va oʻrtacha baland poshnali poyabzal paydo boʻldi. Qishki poyabzallardan etiklar keng tarqaldi. 60-y. lardan erkak va ayollar Kiyim idan yoshlar libosi ajralib turadi: oʻsmir yigit va qizlar Kiyim bi-chimining oʻxshashligi deyarli bir xil boʻlgan buyumlar yaratishga olib keldi.

70-y. lardan Kiyim turi va uning shakllari juda rang-baranglikka ega. Modelyerlar ana shu xilma-xillikda ayrim qismlarni uygʻunlashtiruvchi oʻziga xoslikni koʻradilar.

Kiyim modelini yaratishda zamonaviy Kiyimlarni loyihalash markazi shakllangan Fransiya yetakchi oʻrin egʻallaydi (G. Shanel, K. Dior, P. Karden va b.). 20-a. 2-yarmidan Angliya (M. Kuant), Italiya (opa-singil Fontanalar, Valentino), shuningdek, AQSH, Yaponiya va b. firmalar ular bilan erkin raqobatlashadi. ʻ MDH hududida matodan tikilgan Kiyim neolit davridan maʼlum. Mil. av. 1-ming yillikda skif-sarmat qabilalarining erkaklari koʻylak va kaftan, uchli qalpoq, etik, ayollar keng koʻylak, ustki (yopinchiq) Kiyim kiyishgan. Rus, ukrain va beloruslar toʻgʻri bichimli uzun koʻylak, kamzul, poʻstin, moʻynali qal-poq, etik, piyma, boshmoq, lapta (chipta kavush) kiyishgan. Kavkazliklar (arman, gruzin, ozarbayjon) uzun koʻylak, cherkaska (kamzul), burka, papaxa, ayollar beligacha tor, etagi keng koʻylak, ixcham qalpoqcha kiyib, yupqa roʻmol oʻrab yurishgan. Oʻrta Osiyo xalqlari toʻgʻri bichimli uzun koʻylak, yaktak, chopon, doʻppi, salla, roʻmol, moʻynali qalpoq, mahsi, kavush, etik vab. Kiyim kiyishgan.

Oʻzbek milliy Kiyim Oʻzbekiston hududida mahalliy Kiyim qadimdan iqlim, turmush sharoitlari va urugʻ-qabila anʼanalari asosida shakllangan. Respublika hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar, devoriy rasmlar, yozma manbalar, qoʻlyozma kitoblarga ishlangan moʻjaz tasvir (miniatyura)larda oʻzbek milliy Kiyim ining boy tarixi namoyon boʻladi.

Sharq Uygʻonish davrida barcha sohalarda boʻlgani kabi liboslarga tus berishda ham gʻoyat ilgarilab ketilgan. Kishi qomatining goʻzalligini aniq koʻrsatadigan beli qisma liboslar tarqalgan. Biroq Kiyimning kishi qomatiga qarab bichish usuli bu yerda uncha rivojlanmagan. Kiyim shakli estetik ideal, ijtimoiy-iqtisodiy hayot, xususan, din, axloq bilan chambarchas bogʻliqdir.

19-a. K. lari (toʻn, koʻylak, yaktak, chopon va b.) keng, uzun, yaxlit bichimi, odam qomatini berkitib erkin toʻkilib turishi kabi qad. xususiyatlarni saqlagan. Qishki va yozgi, erkak, ayol va bolalar Kiyimlari bir xilligi, shakli va bichimi yaqinligi bilan ajralib turadi: oq yoki malla boʻzdan koʻylak, qalami yaktak yoki toʻn, olachi chopon, doʻppi oʻzbek erkaklari uchun, ayollar uchun keng koʻylak, uzun lozim, nimcha, kaltacha asosiy milliy Kiyim hisoblangan. Turmushga chiqmagan oʻzbek qizlari bilan ayollari Kiyimlari bichimida ayrim tafovutlar boʻlgan. Mas., qizlar koʻylagi yoqasi koʻndalang ochilib, chetlariga boshqa rangli matodan oʻqa yoki jiyak hoshiya tikilgan; ayollar koʻylagi yoqasi taxm. 25 sm uzunlikda boʻylama ochilgan. Oʻrta Osiyo Rossiyaga qoʻshib olingach, tik yoqa (noʻgʻoy yoqa)li koʻylaklar paydo boʻldi (Zarafshon vodiysida qozoqi koʻylak deb yuritilgan). Yosh juvonlar birinchi farzandlarini tuqqunlariga qadar parpara yoqali (yoki jimjima tik yoqali) koʻylak kiygan. 19-a. oxirlarida koʻkrak burma ayollar koʻylaklari paydo boʻldi, bunday bichimli koʻylaklar hozir ham milliy Kiyim sifatida asosiy oʻrin tutadi.

Erkaklar toʻgʻri bichimli koʻylak, yaktak, toʻn, chakmon kiygan. Toʻnlar avraastarli yoki paxta solib qavilgan, oldi ochiq, uzun boʻlgan. Astarli toʻnlar baʼzi xrllarda kalta va keng yenglik qilib ham tikilgan. Toʻnlar avrasi beqasam, kimxob, baxmal, shoyi, qora satin, chit va b. matolardan, astari chit yoki satindan tikilgan. Turli viloyatlarda turlicha toʻnlar kiyilgan. Buxoro, Samarqand, Shahrisabz va b. joylarda toʻnlar qimmatbaho matolardan tikilib, yokasi, etagi, yeng uchlariga turli xil rangdagi zar iplarda kashta tikib, atroflariga toshlar qadab bezatilgan. Bunday toʻnlarni xon va amirlar boy va amaldorlarga yaxshi xizmatlari eva-ziga inʼom etishgan. Umuman hurmatli kishilar — ustozlar, qudalar, kuyovlar va sh. k. ga toʻn kiygazish udumi hoz. koʻngacha saqlangan.

Aslzodalarning bayram Kiyim larida belbogʻ — kamarlari toʻqali, baxmaldan tayyorlangan yoki zardoʻzi kashtalar bilan tikib bezatilgan. Kundalik Kiyimlar ustidan uzun qoʻshoq va chorsi qiyiklar bilan bogʻlangan. Erkaklar ishtoni keng, uzun boʻlib, pochasi tomon torayib borgan. Bosh Kiyim lardan doʻppi, kuloh kiyilgan, ustidan salla oʻralgan, (aslzodalarning bosh Kiyimlari zar va kumush iplar bilan bezatilgan). Qish faslida moʻynali telpaklar kiyishgan.

Oʻzbek xalqi orasida eng koʻp tarqalgan yengil bosh Kiyim doʻppidir. Asosan, baxmal, sidirgʻa shoyi, satin kabi matogʻa ip, ipak, zar bilan kashta tikib tayyorlangan.

Oyoq Kiyim laridan uzun qoʻnjli, poshnasiz, tag charmi yumshoq boʻlgan kavush bilan kiyiladigan mahsi, zodagonlar orasida uch qismi qayrilgan baland poshnali etik kiyish urf boʻlgan.

Ayollar Kiyimlari koʻylak, lozim, kamzul, nimcha va sh. k. toʻgʻri bichimli boʻlgan. Ayollar lozimi keng, uzun, past (pocha)ga tomon torayib boruvchi shaklda boʻlib, ochiq rangli matolardan tikilgan. Lozimning pochasi jiyaklar bilan bezatilgan. Kelinchaklar oʻzgacha jiyak taqishgan. Bosh Kiyim sifatida asosan roʻmol oʻralgan. Yoshi va mavkeiga, oilaviy ahvoliga qarab turli xil roʻmol — doka roʻmol, shol roʻmol, gʻijim roʻmol va b. xil roʻmollar oʻralgan, oʻralish usuli ham turlicha boʻlgan. Qizlar uchun qulay bosh Kiyim doʻppi hisoblangan. Doʻppilardan iroqi chorgul, yoʻrmadoʻzi, munchoq gulli, zardoʻzi, iroqi doʻppilar mashhur. Bosh Kiyimlari ustidan chiroyli naqshlar bilan bezatilgan tillaqosh, boʻyinga ularga mos boʻyintumor, zebigardon, qoʻlga bilaguzuk, uzuk va b. taqinchoqlar taqilgan. Ayollar odmi matodan tikiladigan, ayol qomatiga yopishib, koʻylak etagidan bir oz yuqoriroq turadigan avra-astarli paxtalik chopon ham kiyishgan. Choponning yoqa oʻymasi chuqurroq, bagʻri tugmachasiz boʻlgan. Ayollar shariatga koʻra, begona kishilardan oʻz yuzlarini yashirishgan. Shuning uchun ular chodra, keyinchalik paranji yopinishgan.

Bolalar Kiyimi, asosan, kattalar Kiyimi shaklini takrorlaydi. Chaqaloqning birinchi Kiyimi «chilla koʻylak» boʻlgan. 2—3 yoshidan boshlab koʻylak-ishton, choponcha kiydirilgan. Bola 6—7 yoshga kirgandan soʻng uning Kiyimi kattalar Kiyimi bichimida tikilgan.

Ayrim urugʻ, tuman, viloyatlarning Kiyimlari (doʻppi, roʻmol, chopon va b.)da va uning bezaklarida ham farq boʻladi. Viloyatlardagi aholining kundalik Kiyim larigina emas, bayram Kiyimlari ham farqlangan. Zarafshon vodiysi ayollarining yalang qavat delegay, rumchasi, toshkentliklarning mursagi, Shahrisabzning kaltachasi bayram va tantanalarda kiyiladigan kishilik liboslari hisoblangan.

19-a. oxiri — 20-a. boshlarida qariyb barcha viloyatlarda kamzul, nimcha urf boʻldi, biroq turli viloyatlardagi xotin-qizlar ularni oʻziga xos bezaklar b-n boyitishgan. Hoz. takomillashgan Kiyim larda ham mana shu oʻziga xoslikni farklash mumkin.

19-a. ning 80-y. larigacha Kiyimlar toʻgʻri bichimli shaklni saqlagan. Kiyim shakllari milliy yoʻl-yoʻl, sidirgʻa va gulli matolar bilan moslashgan, oldi, etagi, yeng uchi, yoqasi gulli jiyaklar bilan hoshiyalangan.

80—90-y. larda boy xonadonlarning Kiyim larida qomatga moslab bichish kabi nafis oʻzgarish kuzatiladi. Shu davrda urf boʻlgan burama (koketkali — koʻkrak burma) koʻylaklar hoz. kunda ham barcha oʻzbek ayollar koʻylagining asosini tashkil qiladi. Shuningdek, rus va tatarlar K. i taʼsirida bichimning qomatga mos shakli yuzaga keldi, bichim murakkablashdi, biroq keng omma orasidagi Kiyim shakli kam oʻzgarishlarga uchradi, avvalgidek erkin toʻgʻri bichimli shakl saqlanib qoldi. Oʻzbek milliy Kiyimlari bichimi, asosan, 3 turga boʻlingan: Buxoro — Samarqand; Fargʻona — Toshkent; Xorazm turlari. Bu turlar bichimining keng-torligi, yengining uzun-qisqaligi va b. bilan birbiridan farq qiladi.

20-a. ning 20—30-y. larida Kiyim bichimi oʻzaro bir-biriga yaqin boʻlgan 2 yoʻnalishda oʻzgarib bordi. Oʻzbekiston shahar va qishloqlarida yevropacha bichimda tikilgan K.-bosh rasm boʻla boshladi. Milliy Kiyimga yevropa Kiyim xususiyatlarining kiritilishi milliy koʻylakni shim b-n, ayollar koʻylaklarini nimcha bilan kiyilishiga olib keldi. Kiyim dagi avvalgi uygʻunlik yoʻqoldi. Bu tarixan hayot sharoitininng oʻzgarishi va ommaviy sanoat i. ch. ning hunarmandlikdan ustunligi tufayli kelib chikdi. Shu bilan birga qadimdan iqlim va ijtimoiy hayot sharoitlari belgilagan milliy Kiyim shakllari ham oʻsib bordi. Milliy bichimdagi Kiyimlar qomatning nisbatlariga yaqinlashdi, ayol koʻylaklari torayib va kaltalashib bordi, ilgariroq yuzaga kelgan koʻkrak burma (koketkali) va qaytarma yoqali koʻylaklar hayotga muqim kirib bordi, yengi kaltalashdi. Roʻmol bilan bir qatorda bosh Kiyim sifatida chiroyli doʻppilar keng tarqaldi.

Erkaklarning ish Kiyim ida ham oʻzgarishlar boʻldi. Umuman olganda, ommaviy milliy Kiyim tarkibiga kura soddaroq va chiroyli boʻlib bordi.

40—50-y. lar boshida Kiyim sanʼatida avvalgidek 2 yoʻnalish kuzatiladi. Kiyimning umum yevropa shakli qomatning qatʼiyligi va nisbatlar munosabatining umumiyligi bilan belgilandi: erkaklar Kiyim ini toʻgʻri yelkali qomatga moslangan pidjak, keng shimlar, ayollar koʻylagini toʻgʻri yelkali erkin kesma lif, etakka tomon kengaygan yubka tashkil etdi.

50-y. larning oʻrtasida Kiyimni modellashda yangi xususiyatlar yuzaga keldi. Kiyim qomatga toʻligʻicha moslandi, qomatga mayin yopishib, oquvchan qomat chizigʻini hosil qildi. Biroqumumiy yoʻnalish bilan birga milliy Kiyim ham urfdan qolmadi. Uning oʻziga xosligi shaklida va milliy mato koloritida namoyon boʻldi. Bu jihatdan ayollarning keng yozgi koʻylagi va erkaklarning ishchi Kiyimi diqqatga sazovor. Keksa odamlar orasida toʻnning saklanib qolishi anʼanaviy tus oldi. Modellar uyining ishga tushishi (1949) bilan andazalash sanʼati yuzaga keldi. Milliylikni saqlagan holda Kiyimning umumiy shakli yil sayin keng tarqala bordi.

Oʻzbek Kiyimi rang-baranglikka ega. Unda 19-a. oxiri — 20-a. boshlarida yaratilgan milliy Kiyim turlarini, shuningdek, eng soʻnggi andazadagi Kiyimlarni babbaravar koʻrish mumkin. 60-y. lardan an-dazalarni rejalash boshlandi. Rassomlar bilan hamkorlikda Kiyimni modellash va loyihalash, andazalash sanʼati taraqqiyoti yangi yoʻldan bormokda.

Moda yoʻnalishi modelyer rassomlarning eng yaxshi yutuqlariga, asosan, yilning maʼlum mavsumini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Turli kasbdagi kishilar uchun qulay ishchi Kiyimi yaratishga katta ahamiyat beriladi. Oʻzbek modelyer rassomlari yangi sharoitga toʻgʻri keladigan ifodali Kiyim shakllari ustida izlanmokda.

Shuningdek, xalq orasida muqim saqlangan anʼanaviy milliy Kiyim shakli ustida ham ishlanmokda. 20-a. Boshida yuzaga kelgan yangi shaklli ayollar koʻylagi ayrim qismlaridagina oʻzgardi. Anʼanaviy milliy Kiyimning saqlanib qolishida tabiiy iqlim sharoitiga mosligi, har bir ayol uchun ijro usulining qulayligi, bichimining soddaligi, tikilishining osonligi muhim rol oʻynaydi. Oʻzbek modelyer rassomlari ishlarida andazalashda milliylik va baynalmilal xususiyatlar oʻz uygʻunligini topmoqda.

Ad.: Sodiqova N. S, Oʻzbek kiyimi, T., 2002; Zanyatiya i bыt narodov Sredney Azii, L., 1971; Abdullayev T. A., Xasanova S. A., Odejda oʻzbekov (XIX — nachalo XX v.), T., 1978; Kostyum narodov Sredney Azii, M., 1979; Suxareva O. A., Istoriya sredneaziatskogo kostyuma. Samarqand (2-pol. 19 – nach. 20-v.), M., 1982; Raximova 3. I., Sredneaziatskiy jenskiy kostyum na miniatyurax Maverannaxra XVI—XVII v. (Kultura Srednego Vostoka), T., 1990; Underova L. V., Oʻzbekskaya narodnaya odejda konsa XIX-XX v., T., 1994.

Sayyora Mahkamova.


Lotin alifbosida maqola: KIYIM haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: K harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



OʻZBEKLAR
TOSHKENT
HINDISTON
QUYOSH
ALISHER NAVOIY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты